Samarqandda Imom Moturidiy tavalludiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya davom etmoqda
Samarqand shahrida buyuk mutakallim, islom olami faxri Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bagʻishlab “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻʼtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda. Ushbu yuksak darajadagi tadbirga dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli olimlar, muftiylar, islomshunoslar va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurdi.
Konferensiya Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan jamiyatda diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tashkil etilmoqda. Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining Axborot masalalari boʻyicha maslahatchisi Ilhomjon Maʼrupov tadbirning maqsadi haqida quyidagicha fikr bildirdi:
— Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyatda diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida 2025 yilning 29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida ushbu “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻʼtadillik va maʼrifat taʼlimoti” nomidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda. Bu esa barcha uchun juda foydali va kerakli tadbirdir. Oʻzbekistonda buyuk allomalarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Samarqandda boʻlib oʻtayotgan mazkur konferensiya ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu tadbir xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uygʻotmoqda.
Xalqaro konferensiya doirasida ishtirokchilar Imom Moturidiy maqbarasini ziyorat qilishdi. Shuningdek, ilmiy sessiyalar, munozaralar va tajriba almashish orqali moturidiylik taʼlimotining zamonaviy ahamiyati, uning tinchlik, bagʻrikenglik va ijtimoiy uygʻunlikdagi oʻrni muhokama qilinmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Shahzod Islomov konferensiyaning ahamiyati haqida shunday dedi:
— Bu anjuman yurtimizda ilm-fan, ajdodlar merosi va madaniyatga boʻlgan chuqur hurmatni butun dunyoga namoyon etmoqda. Tashkilotchilar safida Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro markazi, Xalqaro islomshunoslik markazi, Musulmonlar idorasi kabi nufuzli tashkilotlar bor. Bu esa tadbirning xalqaro miqyosdagi obroʻsini yanada oshiradi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda 1,9 milliardga yaqin musulmon aholisining 750 milliondan ortigʻi moturidiylik aqidaviy maktabiga mansub hisoblanadi. Bu esa Imom Moturidiy merosining nafaqat tarixiy, balki dolzarb zamonaviy ahamiyatga ham ega ekanligini anglatadi. Samarqandda davom etayotgan bu xalqaro konferensiya yurtimizning diniy-maʼrifiy sohadagi yetakchilik pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
