Oʻzbekistondagi megaloyiha kontentini boyitish jarayonlari qigʻzin davom etmoqda
Bugungi kunda Oʻzbekiston ilm-fan va maʼnaviyat uygʻunligiga asoslangan yangi bosqich sari dadil qadam tashlamoqda. Bu yoʻlda Prezident tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – xalqimizning tarixiy xotirasi, ilmiy salohiyati va maʼnaviy yuksalishining yorqin timsoli sifatida qad rostlamoqda.
Mazkur Markazning muzey fondi va kontentini boyitishga 2000 dan ortiq olimlar, tarixchilar, sanʼatshunoslar, arxivshunoslar va dinshunoslar kabi bir qancha mutaxassislar jalb etilgan. 800 dan ortiq ilmiy va innovatsion loyihalar ishlab chiqildi, .
Markaz shtabida har kuni muhim ilmiy muhokamalar oʻtkazilmoqda. Shuningdek, muhokamalar davomida ishchi guruh rahbarlari oʻzlariga yuklatilgan loyihalar boʻyicha texnik topshiriqlarni kelishib olmoqda. Bu jarayon samaradorligini taʼminlash maqsadida barcha ishtirokchilar oʻrtasida tizimli muvofiqlik yoʻlga qoʻyilgan.
Ayni paytda ilmiy loyihalar natijasida ekspozitsiyalarda maketlar, devoriy matnlar, interaktiv yechimlarni joriy etish koʻzda tutilmoqda. Mutaxassislar hozirda birinchi bosqichdagi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish ustida faol ish olib bormoqda. Maʼlumot uchun, bu bosqich 400 dan ortiq loyihalarni oʻzida qamrab olgan. Olimlar va mutaxassislar bilan 200 dan ortiq shartnomalar imzolandi. Umumiy hisobda mazkur ishlar uch toifa asosida guruhlangan boʻlib, har bir toifa oʻziga xos yondashuv va ijodiy izlanishni talab etadi. Shu bilan birga, Markaz huquqshunoslari tomonidan ushbu loyihalar asosida shartnomalarning huquqiy namunalari ishlab chiqilmoqda.
Markazda oʻzbek adabiyoti va matbuotining buyuk siymolari – oʻz asarlari bilan millat tafakkurini oʻzgartirgan shoirlar, yozuvchilar, dramaturglar hamda jurnalistlar merosiga alohida eʼtibor qaratiladi. Ular uchun zamonaviy, innovatsion media-loyihalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” ekspozitsiyasida 40 ga yaqin ilmiy-innovatsion media-loyihalarga alohida oʻrin ajratilgan. Ularda, xususan, Turkistonda shakllangan jadidchilik harakati, jadidlar merosi va ularning bugungi kundagi dolzarb ahamiyati keng yoritiladi.
Markaz xodimlari, yetakchi mutaxassislar hamda Turkiyaning nufuzli qurilish va dizayn kompaniyalaridan biri — “Outdoor Fastory” vakillari ishtirokida navbatdagi onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Mazkur uchrashuv doirasida Markaz binosining arxitektura yechimlari, ichki bezak ishlari hamda texnik loyihalashga oid masalalar keng muhokama qilinmoqda. Jumladan, bino tarkibidagi har bir boʻlimda bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning texnik detallariga oid tomonlar oʻzaro fikr almashmoqda.
Markaz doirasida zamonaviy kutubxona barpo etilishi ham rejalashtirilgan. Bir vaqtning oʻzida 200 dan ortiq kitobxonni qabul qila oladigan bu bilim maskani eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlanadi. Bu esa ilm izlaganlar uchun yangi zamonaviy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Xususan, megaloyiha ekspozitsiyasini mazmunan boyitish maqsadida tashkil etilgan Maxsus shtabda bugun ham qizgʻin bahs va munozaralar boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – bu kelajakka tikilgan nigoh, bu tarixga boʻlgan chuqur hurmat, bu xalqimizning oʻz ildiziga munosib ehtiromidir. Bu markaz orqali milliy gʻurur uygʻonadi, tafakkur yuksaladi va maʼnaviyatimiz yangi bosqichga koʻtarilishi shubhasiz.
Bir soʻz bilan aytganda, Markazda fidokorona mehnat qilayotgan olimlar chin maʼnoda tarixni uygʻotmoqda — ular kecha va bugunni bogʻlab, kelajak avlod uchun bebaho maʼnaviy merosni qayta tiklash yoʻlida tinimsiz izlanmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
