Vatanga qaytarilayotgan madaniy boyliklar: megaloyiha ochilishi doirasida keng qamrovli tayyorgarlik ketmoqda

 

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Oʻzbekistondagi megaloyiha ochilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazma, xorijdan olib kelinadigan qoʻlyozmalar, eksponatlar haqida maʼlumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy toʻplamlar rahbarlarining ushbu koʻrgazmasidagi ishtiroki boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.  

 

 

“Biz 25 aprel — 2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotheby’s” va “Christie’s” auksion uylaridan Oʻzbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik. Ayni paytda ularni sotib olish va Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qoʻlga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada  xalqaro tadbirlar oʻtkazishni rejalashtiryapmiz", — dedi Firdavs Abduxoliqov. 

 

Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan oʻzbekistonlik olimlar va ekspertlar roʻyxati tasdiqlandi. 

 

 

Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov Oʻzbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun toʻplangan tarixiy eksponatlar haqida maʼlumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1551 ta tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan oʻtadigan xalqaro koʻrgazmadan joy oladi. 

 

Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qoʻyildi. Boshqa bir qator masalalar boʻyicha Kengash aʼzolari oʻz fikr mulohazalarini bildirishdi.