OʻzISM rahbari: "Biz bu tarixiy merosni qaytadan qoʻlga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak"


 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Kengash aʼzolari toʻgʻridan-toʻgʻri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya boʻlimi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.

 

 

Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.

— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men oʻzbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk oʻrta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan poʻlatdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.

 

ITsM xalqaro aloqalar boʻlimi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash aʼzolarini Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “Oʻtmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar roʻyxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator  masalalar oʻrin olgan.

 

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan Xalqaro koʻrgazma, xorijdan olib kelinadigan qoʻlyozmalar, eksponatlar haqida maʼlumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu koʻrgazmasidagi ishtiroki boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi. 

 

— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan Oʻzbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qoʻlga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar oʻtkazishni rejalashtiryapmiz.

 

 

Kengash aʼzolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar roʻyxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash aʼzolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan oʻzbekistonlik olimlar va ekspertlar roʻyxati tasdiqlandi. 

 

Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov Oʻzbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun toʻplangan tarixiy eksponatlar haqida maʼlumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan oʻtadigan xalqaro koʻrgazmadan joy oladi.

 

Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qoʻyildi. Boshqa bir qator masalalar boʻyicha Kengash aʼzolari oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati qoʻshma loyihasi - "Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi koʻrib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovgʻabop kitob-albom haqida maʼlumot berildi.

 

Bundan tashqari uchrashuvda Kengash aʼzolari Qurʼoni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.

 

— Qurʼon zali binoning markaziy qismidan oʻrin olgani uchun uning dizayniga alohida eʼtibor berilyapti, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshligʻi Azimjon Gʻafurov. — Biz Kengash aʼzolari eʼtiboriga Hazrati Usmon Qurʼoni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil koʻrinishini taqdim qildik. Yigʻilishda eng maqbul variant tanlandi.

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chogʻida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish toʻgʻrisidagi qarorning muhim bandlaridan biri boʻldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida taʼkidlandi.