Dilnoza Jamolova: "Vitrinalarning sifati va mustahkamligiga alohida eʼtibor berilmoqda"

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi uchun ayni paytda 1500 dan ortiq noyob ekspozitsiya va tarixiy koʻrgazmalar kontenti shakllantirilgan boʻlib, bu raqam kelgusida yanada ortishi kutilmoqda. Markazning jahon standartlariga toʻliq javob berishi uchun dunyoning yetakchi muzeylari bilan hamkorlik oʻrnatilib, ularning tajribasi oʻrganilmoqda.

 

 

OʻR Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktor oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Dilnoza Jamolova taʼkidlaganidek, markazdagi eksponatlarni yuqori sifatda namoyish etish maqsadida yetakchi xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan vitrinalarning sifati, mustahkamligi va chidamliligi oʻrganilmoqda:

— Biz Italiya va Germaniyaning mashhur kompaniyalari tomonidan tayyorlanadigan vitrinalarni koʻrib chiqdik. Mutaxassislar ularning sifati va mustahkamligi boʻyicha batafsil maʼlumot berishdi. Hozirda barcha zallar uchun zarur boʻlgan vitrinalar boʻyicha yakuniy tavsiyalarni shakllantirib, markaz direksiyasiga taqdim etish jarayonidamiz, — dedi u. 

 

 

Mutaxassislar tomonidan tanlangan vitrina turlari asosida xorijiy firmalar oʻzlarining texnik takliflari va taqdimotlarini taqdim etadilar. Shundan soʻng, markazdagi noyob eksponatlarni joylashtirish boʻyicha amaliy ishlar navbatdagi muhim bosqichga koʻtariladi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi uchun maxsus vitrinalar Germaniyada faoliyat yuritayotgan “Glasbau Hahn” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Qariyb 200 yillik boy tarixga ega boʻlgan ushbu kompaniya oʻzining yuqori sifati va innovatsion yechimlari bilan dunyo boʻylab nufuz qozongan. “Glasbau Hahn” Markaz uchun zamonaviy dizaynga ega, turli formatdagi eksponatlarni joylashtirishga moslashuvchan va qulay vitrinalarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.

 

Taʼkidlash joizki, “Glasbau Hahn” kompaniyasi muzey uskunalari sohasida dunyoning eng nufuzli tashkilotlari tomonidan eʼtirof etilgan boʻlib, jahon standartlariga koʻra top uchlik kompaniyalar qatorida turadi.