Qatar elchisi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Qatar davlatining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Hasan bin Hamza Hoshim bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarni rivojlantirish xususida soʻz bordi.

 

 

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning gʻoyasi va tashabbusi bilan bunyod etilayotgan markazning maqsad va vazifalari, markaz kontentini boyitish boʻyicha mahalliy va xorijlik olimlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va Mustaqillik bayrami arafasida tantanali ochilishi haqida toʻxtaldi.

Jumladan, ushbu muhim tadbirning mazmun-mohiyati, unda ishtirok etishga qiziqish bildirgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari va turli ilmiy-maʼrifiy muassasalar haqida soʻz yuritildi.

 

Shu bilan birga, tadbirni tashkillashtirish va oʻtkazish jarayonlarida Qatarda milliy merosni oʻrganishga ixtisoslashgan tashkilotlar, xususan Qatar muzeylari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi mumkinligi taʼkidlandi. Ushbu muzeylar islom madaniyatining boy tarixini oʻzida mujassam etgan jahon miqyosida muhim madaniy maskanlardan biri hisoblanadi. Muloqotda Markaz tomonidan Qatarning ana shu muzeylari va madaniy muassasalarining mazkur tadbirlarda ishtirokini taʼminlash yuzasidan bir qator amaliy takliflar kiritildi.

 

Jumladan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari kabi muassasalarning faoliyati, yoʻnalishlari haqida axborot berishni koʻzlagan konferensiya oʻtkazish taklif qilindi.

 

 

-  Men Prezident janobi oliylari Shavkat Mirziyoyevning barcha sohalarda shiddat bilan olib borayotgan islohotlarini alohida taʼkidlamoqchiman. Tashqi siyosat, iqtisod, madaniyat, korrupsiyaga qarshi kurashish, xususan, tarixiy boy madaniy merosni asrash boʻyicha koʻpgina ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 14 mart kuni xorijiy davlatlar vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari uchun tashkil etilgan tadbirga tashrif buyurib, markaz misolida bu islohotlarning amaliy natijasini koʻrdim. Umid qilamanki, markazning ochilish marosimiga Qatardan nufuzli mehmonlar tashrif buyuradi. Qatar davlati islomga oid madaniy merosni, obidalarni asrab-avaylash, uni targʻib qilishga juda katta eʼtibor qaratadi. Davlatimiz muzey va kutubxonalarida Markaziy Osiyo, xususan Oʻzbekistonga oid tarixiy ashyolar va eksponatlar mavjud. Bu borada Doxadagi Islom muzeyini alohida tilga olmoqchiman. Qatardagi madaniyatlararo qoʻmita Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik oʻrnatish xohishini bildirgan. Bundan tashqari markaz islomning paydo boʻlishi va rivojlanishiga hissa qoʻshgan olimlar mehnatini koʻrsatish uchun katta ishlar olib boryapti. Shu bois markaz faoliyatiga koʻplab qatarlik olimlar katta qiziqish bildirmoqda.

 

–  Sizga Prezidentimiz boshchiligida ilmiy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Markazning ochilish marosimi oldidan xalqaro global koʻrgazma tashkil etiladi. Unda 40 dan ortiq xorijiy muzeylar oʻzlarining Oʻzbekistonga tegishli kolleksiyalarini namoyish etadi. Biz Qatardagi muzeylarni ham shu koʻrgazmada ishtirok etishga taklif etmoqchimiz, –– dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov muloqot davomida.

 

Elchi bu taklifni katta mamnuniyat bilan qabul qilib, ikki tomonlama ilmiy madaniy aloqalarni rivojlantirishga bajonidil hissa qoʻshishdan mamnunligini bildirdi.

 

Qatar elchixonasi tomonidan markazga bir qator kitoblar sovgʻa qilindi. Oʻz navbatida myehmonlarga Markaz tomonidan Katta Langar Qurʼonining faksimile nusxasi tuhfa etildi. Bu tuhfa Qatar elchisida katta taassurot uygʻotdi.

Oʻzbekistonda katta maʼnaviy boyliklar bor. Biz Usmon Mushafini bilardik, Katta Langar Qurʼoni toʻgʻrisida bugun bildim. Bundan tashqari Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tashkiloti tomonidan nashr qilingan 52 tomli jamlanma oldinroq tuhfa etilgan edi. Bu toʻplamga oʻxshagan boshqa nashrni men hali koʻrmaganman. Mamlakatingiz milliy merosini ajralmas eng muhim qismlaridan boʻlgan osori-atiqalarga, garchi ular chet ellarga sochilib ketganiga qaramasdan, eʼtibor qaratayotgani bu sizning tarixiy madaniyat sohibi ekanligingizni koʻrsatadi va butun dunyoni sizga havas bilan qarashga undaydi, – dedi elchi Hasan bin Hamza Hoshim.

 

Suhbat yakunida elchi janoblari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi marosimiga Qatardan oliy darajali delegatsiya kelishi rejalashtirilayotgani haqida maʼlum qildi. Qatar rahbariyati Oʻzbekistonda amalga oshirayotgan bunday megaloyihaga juda katta qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida janob Hasan bin Hamza Hoshim markazda olib borilayotgan ilmiy-maʼrifiy jarayon bilan ham tanishdi.