Islom sivilizatsiyasi markazi va Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida onlayn muloqot boʻlib oʻtdi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati  hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi masʼul xodimlari ishtirokida onlayn muloqot oʻtkazildi. Muloqot kun tartibidagi masalalarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2025 yil 14 martdagi 26-son bayonida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.  Mazkur uchrashuvda shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirishni taʼminlash, bugungi vazifalar, istiqboldagi maqsadlar va xalqaro hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi. Uchrashuv doirasida 2025–2028 yillarga moʻljallangan uch yillik strategik dastur loyihasi yuzasidan fikr almashildi. Dastur asosida xorijiy hamkorlarni aniqlash, ularning roʻyxatini shakllantirish va xalqaro tashkilotlar, jumladan UNESCO bilan hamkorlikni kuchaytirish belgilandi.


Xorijiy muzeylar, kutubxonalar va ilmiy markazlarda saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiga oid manbalar, qoʻlyozmalar va artefaktlarni izlab topish, raqamlashtirish va mamlakatga olib kelish ishlari dasturning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qayd etildi.

 

Markaz kontentini ilmiy-innovatsion asosda boyitish, xalqaro tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, qoʻshma filmlar, koʻrgazmalar va forumlar tashkil etish boʻyicha ham aniq takliflar bildirildi.

 

Jahon jamoatchiligini markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirish uchun press-turlar, media tadbirlar va forumlar tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, markazning ochilish marosimida 40 dan ortiq nufuzli xalqaro muzeylar vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda.

 

114 ta nodir Qurʼoni Karim nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish va ekspozitsiyada namoyish etish hamda “Yangi Oʻzbekiston Qurʼoni” loyihasini amalga oshirish rejasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, “Buyuk ajdodlar merosi – maʼrifatli kelajak asosi” IX xalqaro kongresni markaz binosida oʻtkazish, binoda xalqaro tashkilotlar ofislarini joylashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

 

Markaz direktori uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi muhim ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanishi lozimligini alohida qayd etdi. Markaz ochilish marosimiga oz vaqt qolganini inobatga olib, oldinda masʼuliyatli va javobgarlikka toʻla ishlar turgani, ularni tizimli va samarali amalga oshirish kerakligi taʼkidlandi.

Xorijiy davlatlarda aniqlangan 114 ta Qurʼoni Karimning faksimile nusxalarini yurtimizga olib kelish va markaz ekspozitsiyasida namoyish etish, bu jarayonni izchil ravishda davom ettirish, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston Qurʼoni” loyihasini hayotga tadbiq etish masalalarini koʻrib chiqishimiz lozim. Ushbu nodir asarni yurtimiz va xorijdagi tajribali xattotlarni jalb qilgan holda tayyorlashni rejalashtiryapmiz. Shu bilan birga, “Buyuk ajdodlar merosi – maʼrifatli kelajak asosi” IX xalqaro kongresni toʻgʻridan-toʻgʻri markaz binosida oʻtkazish, binoning ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlarning doimiy ofislarini joylashtirish imkoniyatlarini oʻrganish yuzasidan aniq rejalar belgilab olinishi kerak, — dedi Firdavs Abduxoliqov.

 

Muloqot yakunida xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun maxsus media-turlar oʻtkazish, Markaz muzeyida Markaziy Osiyo davlatlariga bagʻishlangan ekspozitsiyalar tayyorlash takliflari ham bildirildi.