ITsMning "Vaqt devori" ekspozitsiyasi uchun 20 ga yaqin miniatyuralar tanlab olindi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyalarining “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dan oʻrin olishi rejalashtirilayotgan miniatyuralar boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

 

Rassom Behzod Xojimetovning taʼkidlashicha, miniatyuralar joylashtiriladigan devorning uzunligi 57 metr, boʻyi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil qiladi. Devor boʻylab jami 16-18 ta miniatyura oʻrin olib, qoʻsh sahifalarni hisoblaganda 21 ta miniatyurani oʻz ichiga oladi.

 

Miniatyuralardan iborat devor eskizi haqida sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori Behzod Xojimetov miniatyuralar eskizlari boʻyicha oʻz taqdimotini namoyish qildi.

 

"Deyarli ikki oy davomida miniatyuralardan iborat devor eskizini yaratdik. Unda Hirot Buxoro, Samarqand va hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo oʻzimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi, Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi oʻrinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini oʻz ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab oʻtilmagan holda saralangan. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda uni 100 ga yaqin rassomlar bilan birgalikda chizishni rejalashtiryapmiz. Bugun koʻplab olimlarning miniatyuralar haqidagi fikr va mulohazalarini qayd qilib oldik, ularni inobatga olgan holda ayrim oʻzgarishlarni kiritamiz”, — dedi rassom.