ICESCO rahbari Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi

 

Islom olami taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti –  ICESCO rahbari Salim ibn Muhammad Al-Malik Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov taklifiga binoan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangidan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasi hamda majmua hududida barpo etilayotgan innovatsion muzeyga tashrif buyurdi.

 

Mehmon majmua bilan tanishar ekan, faoliyati Islom ilmlari, xususan, hadis ilmi va Imom Buxoriyning merosini tadqiq qilish va targʻib qilishga qaratilgan Shayx Nosir az-Zahroniyni Oʻzbekistonga taklif qilishni, shuningdek, majmua faoliyatini boshlagandan soʻng birinchi juma namozini Makkaning bosh imomi oʻqishi  kabi tashabbuslarni ilgari surdi.

 

 

Shayx doktor Nosir az-Zahroniy (Dr. Sheikh Nasser Al-Zahrani) — Saudiya Arabistonidan boʻlgan maʼruf ulamolardan biri boʻlib, u Islom taʼlimoti, xususan, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi boʻyicha faoliyat yuritadi. Nosir Zahroniy Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarning asarlarini qadrlaydi va ularning merosini saqlashga katta ahamiyat beradi. Maʼlumotlarga koʻra, uning tashabbuslari orasida Islom tarixi va ilm-faniga bagʻishlangan muzeylar tashkil etish ham bor, bu yerda Imom Buxoriy va shuningdek, boshqa muhaddislarning asarlari namoyish etiladi.

 

 

Tashrif soʻngida ICESCO rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari boshchiligidagi delegatsiyani iyun oyida Saudiya Arabistoniga taklif qildi.