Yangi Oʻzbekistonda maʼnaviy uygʻonish: olimlar va talabalar muloqoti

 

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy targʻibot dasturi doirasida "Yangi Oʻzbekiston – yangi renessans poydevori" mavzusida ilmiy-maʼrifiy forum boʻlib oʻtdi. Unda "Maʼrifat karvoni" targʻibot guruhi aʼzolari, Urganch davlat universiteti professor-oʻqituvchilari, talabalari hamda viloyatdagi qator oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

 

Dastlab Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida videolavha namoyish etildi. Shundan soʻng, hozirgi davrda Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy va madaniy yangilanishlari, yangi Renessans bosqichi, bunday ilmiy-maʼrifiy uchrashuvlarning ahamiyati haqida gapirildi. 

 

 

Forumga adabiyotshunos olim, professor, Notiqlik sanʼati akademiyasi asoschisi Rahimboy Jumaniyozov moderatorlik qildi. Tadbirda siyosiy fanlar doktori, professor Nazrulla Joʻrayev, tarix fanlari doktori, professor Shukrulla Umarov, Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Abdurasul Yaxshiboyev singari olimlar tomonidan Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan maʼruzalar qilindi.