Akmal Saidov Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzosi etib saylandi

 

Hurmatli Akmal Xolmatovich, sizni dunyo ilm-fanida eng nufuzli ilmiy muassasa sanaladigan – Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzosi etib saylanganingiz bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) jamoalari  muborakbod etadi.

 

Sizning shunday maqomi yuksak olimlar hamjamiyati aʼzosi etib saylanishingiz mamlakatimizda muhtaram Prezidentimizning ilm-fan va olimlarga koʻrsatayotgan yuqori darajadagi gʻamxoʻrligi va sohada olib borilayotgan islohotlarning natijasidir.

 

Sizni mustaqil davlatchiligimizning huquqiy poydevorini qoʻyish va mustahkamlashda ham amaliy, ham nazariy jihatdan katta hissa qoʻshgan davlat va jamoat arbobi hamda xalqaro miqyosda tanilgan isteʼdodli olim sifatida bilamiz va hurmat qilamiz.

 

Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ning eng faol aʼzosi va Tahrir hayʼati raisi sifatida mazkur loyihani amalga oshirishdagi keng qirrali faoliyatingizdan hamisha minnatdormiz. 

 

Yana bir bor Vatanimiz obroʻsini yuksaltiruvchi nufuzli Akademiya aʼzosi etib saylanganingiz bilan qutlar ekanmiz, Sizga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, ilmiy va ijodiy ishlaringizga ulkan zafarlar tilaymiz.