Buyuklar ham bola boʻlishgan

 

    Aql yoshda emas, boshda!

    Sohibqiron Amir Temur bolaligidan oʻta zehnli, fahm-farosatli, dono bola boʻlgan ekanlar. Temurbek yetti yoshligida otasi bilan bir qarindoshinikiga boradi. Uy egasi badavlat, nufuzli zot boʻlib, farovon kun kechirar, uning oʻnlab qullari bor edi. Oʻsha kishi Sohibqironning otasiga shikoyat qiladi: 


- Xudo menga molu davlat berdi, lekin uni saqlashga qiynalyapman. Qullarim sabrsiz, bolalarim esa, oʻzboshimcha. Nima qilishga hayronman!

 

    Bu gapni bir chetdan eshitib turgan Temurbek suhbatga aralashadi: 
Amaki, farzandlaringizga mol-mulkingiz va qullaringizni boʻlib bering. Har oʻn nafar qulga ular orasidan bitta aqllirogʻini rahbar qilib tayinlang. Ularni har birini nazoratga oling. Shunda muammolaringiz yechim topadi!


    Mezbon yosh bolaning zukkoligiga tan berdi va darhol Amir Taragʻayga: 


Aqlli gaplaridan koʻrinadiki, farzanding jahonga podshoh boʻlishga loyiq, – dedi va zudlik bilan qalam va siyohdon keltirib, Temurbek mabodo taxtga oʻtirsa, uning farzandlari, zurriyodi va yaqinlaridan xiroj olmaslikni, ularning gunohlaridan oʻtishni yozdirib oladi.
 

    Vaqti kelib, bu yigitcha yetti iqlim hukmdoriga –Sohibqiron Amir Temurga aylanadi. Shu bilan birga u otasining doʻstiga bergan vaʼdasiga sodiq qoladi. Uning barcha avlodlarini soliqlardan ozod qiladi. 

 

    Bola Alisherdan yashirilgan kitob

Buyuk ajdodimiz Mir Alisher Navoiy bolalik chogʻidan kitobga qattiq mehr  qoʻygan. U kishi maktabda oʻqib yurgan  kezlari  ustozlari bolalarning savodi ravon boʻlsin deb Saʼdiyning «Guliston», «Boʻston» singari  kitoblarini oʻqitar edi. Oʻsha kezlari bola Alisherning qoʻliga buyuk fors mutafakkiri Fariduddin Attornig  «Mantiq-ut-tayr»(«Qush nutqi») asari  tushib  qoladi.  Alisher bu asarni  takror-takror oʻqir, yosh koʻngli undan bahra topmoqda edi. Shu tariqa u boshqa asarlarga qiziqmay qoʻydi. Dostondagi ajoyib hikoyatlarga oʻrganib qoldi. Bola kitob taʼsirida oʻzini boshqalardan olib qochadigan, xilvatda oʻtirib, xayol suradigan, tengdoshlariga qoʻshilmaydigan boʻlib qolgandi. Oʻrtoqlari undagi bu holatni anglagach, Alisherning ota-onasiga yetkazishdi. Ota-onasi «bu kitob oʻgʻlimga ogʻirlik qilgan koʻrinadi» deya,  kitobni bekitib qoʻyishdi. Lekin bu chora ish bermaydi.  Chunki oʻgʻillari allaqachon kitobni yod olib boʻlgandi. Vaqti kelib bu bolakay buyuk shoir boʻlib yetishdi.  Bebaho asarlar bitdi. Nihoyat umrining soʻngida bolaligida uni shaydo qilgan asarga javoban oʻzining oʻlmas «Lisonut-tayr» asarini yozdi. 

 

    Ibn Sino beshigining yopinchigʻi 

 

 Rivoyat qilishlaricha Abu Ali ibn Sino yoshlik yillari ilm talabida olis yurtlarning biriga borib qolibdi. Bozorni kezib yurgan chogʻida bir kishini uchratib qoladi va uning yoqasiga chang soladi:
- Sen bir paytlar mening yurtimga bostirib borgansan,  beshigim ustidagi yopinchiqni tortib olib, onamni qaqshatib ketgansan. Haligi kishi notanish yigitning bu daʼvosidan taajjublanibdi va tabiiyki aybni tan olmabdi. Xullas, ibnSino haligi kishini qozining huzuriga olib boribdi.  Qozi ularninghar ikkisiga zimdan nazar solib, ularning dardini tinglabdi. Haligi odam Ibn Sinoni birinchi marta uchratib turganini aytibdi. 
Ammo, Abu Ali oʻz fikrida sobit turib olibdi: 


- Bu odam oʻgʻri, u bundan oʻttiz yil avval beshikda yotganimda boshimga turgan zarrin gavharpoʻshimni olib qochgandi. Oʻshanda men olti oylik goʻdak edim. 

 

    Bu ishni tagiga yetishga qiziqib qolgan qozi darhol javobgarning kechmishini oʻrganishni buyuribdi. Maʼlum boʻlishicha, u rostdan yoshligida askar boʻlib yollangan, Buxoroga qilingan harbiy yurishda qatnashgan ekan. Qattiq qistovga olinganidan keyin haligi kimsa hammasini tan olibdi: 

– Rost, biz shaharni egallagan paytimizda, koʻpchilik turli xonadonlarga kirib, odamlarning mol-mulkini talashga tushgandi. Men ham bir hovliga kirdim. Qarasam qoʻlga ilinadigan biror tayinli narsa yoʻq. Ayvonda beshik ustida zarrin gahvorapoʻsh tashlab qoʻyilgan ekan. Onasining hay-haylashiga qaramay, bolasining beshigi ustidagi yopinchiqni olib, chiqib ketdim. Ammo bu bola meni tanib qolishi, vaqti kelib, yoqamdan tutishi yetti uxlab tushimga ham kirmagandi!..

Ha, buyuk bobokalonimiz bolalikdan ana shunday oʻtkir xotiraga ega boʻlgan ekanlar.