Qogʻoz – elektron kitob – sunʼiy intellekt —zamonaviy kutubxonaning bosh tamoyili
Tasavvur qiling: siz borgan kutubxonada qoʻlyozmalarni planshetda koʻrasiz, kitoblar ovoz bilan tinglanadi, sunʼiy intellekt esa siz uchun kerakli maʼlumotni bir necha soniyada topib beradi. Bu fantaziya emas — bu Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi, yaʼni yurtimizdagi eng ilgʻor kutubxonalardan birida yaratilishi kutilayotgan haqiqiy imkoniyatlar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtda qad rostlayotgan megaloyiha – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining kutubxonasi boʻlib, u bir vaqtning oʻzida 200 nafar foydalanuvchiga xizmat koʻrsatishi kutilyapti. Va eng muhimi — bu joy barchaga ochiq: olimlar, talabalar, maktab oʻquvchilari va albatta, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham. Maxsus resurslar — brayl yozuvidagi kitoblar, audiokitoblar, texnik vositalar bilan bu yerda har kim oʻziga kerakli bilimni topa oladi.
Ravshan Qodirov, Markazning Kutubxona va arxiv hujjatlari boʻlimi boshligʻi:
– Bu kutubxonada nafaqat kitoblarni jamlash, balki har bir foydalanuvchida bilimga boʻlgan ishtiyoq va ilhomni uygʻota olish maqsad qilingan. Ayniqsa, bu yerda tashkil etilayotgan “Qogʻoz – elektron kitob – sunʼiy intellekt” koʻrgazmasi alohida ahamiyatga ega. Unda kitobat tarixining bosqichlari jonli tarzda yoritiladi. Bu tashabbus kitobxonlar ongida oʻqish madaniyati va texnologik taraqqiyot oʻrtasidagi uzviylikni shakllantiradi.
Bu kutubxona — oʻtmish merosi va kelajak texnologiyasini bir nuqtada tutashtirgan noyob makon. Shunchaki kutubxona emas, balki yangi davr tafakkurining markazi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kutubxona – ilmiy merosni toʻplash, saqlash va targʻib etish borasida oʻziga xos zamonaviy markazga aylanadi. Qadimiy qoʻlyozmalarni raqamlashtirish, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun xizmatlar yaratish, koʻp tilli ilmiy tadqiqotlarni jamlash va yangi texnologiyalarni joriy etish – bu kutubxonaning belgilab olingan asosiy yoʻnalishlaridir.
10 000 dan ortiq qoʻlyozma va bosma nodir manbalar
Oʻzbekistonning qadimiy va boy tarixiy-madaniy anʼanalarini zamonaviy ilmiy tadqiqotlar bilan uygʻunlashtirish yoʻlida faoliyat olib borishni maqsad qilgan Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi eng muhim va zamonaviy axborot-kutubxona muassasalaridan biri sifatida shakllanmoqda. Bu borada Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ishchi guruhlari tomonidan mahalliy va xorijiy soha mutaxassislari bilan birga ilmiy salohiyat, raqamlashtirish texnologiyalari, qoʻlyozmalarni saqlash va ularni jamoatchilikka yetkazish borasida keng koʻlamli loyihalar ustida ishlar olib borilyapti.
Loyihalarda nazarda tutilayotgan, kutubxona fondidan oʻrin olishi kutilayotgan 10 000 dan ortiq qoʻlyozma va bosma nodir manbalar xalqimizning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini ifodalaydi. Ushbu bebaho manbalarni raqamlashtirish orqali ularni saqlab qolish, ularning nusxalarini elektron shaklda ommaga taqdim etish imkoniyati yaratilmoqda. Mazkur jarayon:
- nodir asarlarning asl nusxalarini saqlab qolish;
- ilmiy-tadqiqotlar uchun kengroq imkoniyatlar yaratish;
- internet orqali masofaviy foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish;
- asarlarni turli til va formatlarda elektron kataloglarga kiritish imkonini bermoqda.
Bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarga Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va boshqa ilmiy markazlar ham jalb etilgan boʻlib, markazning elektron kutubxona bazasi shakllantirilmoqda.
Tadqiqotchilar malaka oshirishi uchun imkoniyat yaratiladi
Kutubxona qoshida tashkil etilgan "Qoʻlyozma manbalarni ilmiy oʻrganish va kataloglashtirish" oʻquv kurslari orqali manbashunoslik, kodikologiya, paleografiya, bibliografiya kabi fanlar kesimida tadqiqot olib boruvchilar malakalarini oshirishi maqsad qilingan. Bu yoʻnalish orqali:
- qoʻlyozmalarni ilmiy jihatdan oʻrganish;
- ularni zamonaviy katalog tizimlariga kiritish;
- tadqiqotchilar va talabalarga oʻrgatish;
- akademik hamkorlikni rivojlantirish imkonini yaratiladi.
Shuningdek, "Ajdodlar maʼnaviy merosi: kitobat sanʼati" oʻquv-amaliy mashgʻulotlari orqali qadimiy yozuvlar, kitob bezagi, muqovalash sanʼati kabi jihatlar chuqur tahlil etiladi.
Fondda dunyo tillariga alohida eʼtibor
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy kutubxona fondi arab, fors, turk, rus va yevropa tillarida Oʻzbekiston tarixiga oid ilmiy izlanishlar bilan boyitilishi ustida ham ishlar jadal olib borilyapti. Bu esa kutubxonaning xalqaro miqyosda tan olinishga, ilmiy hamkorlik doiralarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilyapti. Ayniqsa, mintaqa olimlarining arab tilidagi ilmiy ishlari, forsiy tadqiqotlar, turk tilidagi tahliliy maqolalar va yevropalik olimlar asarlari jamlanmoqda.
Bundan tashqari, “Markaziy Osiyo Rossiya tadqiqotchilari nigohida”, “Yevropa tillarida Oʻzbekiston boʻyicha tadqiqotlar” kabi loyiha yoʻnalishlari kutubxona fondining keng qamrovli xalqaro nufuzini taʼminlaydi.
Masofaviy xizmat ham koʻrsatiladi
Markazning Kutubxona va arxiv hujjatlari boʻlimi boshligʻi Ravshan Qodirovning qayd etishicha, kutubxona xizmatlari samaradorligini oshirish maqsadida quyidagi texnologiyalar va tizimlar joriy etiladi:
- RFID texnologiyasi (Onlayn identifikatsiya) asosida resurslarni tezkor qidirish va nazorat qilish tizimi;
- elektron kataloglar orqali yangi xorijiy va milliy nashrlarni roʻyxatga olish va joylashtirish;
- masofaviy axborot-kutubxona xizmatlarini yoʻlga qoʻyish.
Jarayonlardan anglash mumkinmi, Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi – bu oddiy kutubxona boʻlmaydi. U – ilm, maʼrifat, milliy gʻurur va tarixiy xotiraning uygʻunlashgan maskani sifatida zamonamizning yuksak maʼnaviy timsoliga aylanadi. Bu kutubxona faoliyati orqali Oʻzbekistonning boy tarixiy va diniy merosi nafaqat saqlanadi, balki yosh avlodlar ongiga zamonaviy vositalar orqali yetkaziladi.
Shunday ekan, ushbu kutubxonaning faoliyatini yanada keng ommaga tanishtirish, yoshlarni bu bilim maskaniga jalb etish, ilm-fan ahlining bu yerda olib borilayotgan tadqiqotlardan samarali foydalanishini taʼminlash – jamiyatimizning umumiy intellektual yuksalishida muhim oʻrin tutadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
