Inkor qilib boʻlmas tarixiy haqiqat: sunʼiy intellektga Sharqda asos solingan!
Raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va shu kabi olamshumul kashfiyotlarning asl negizi Yevropada emas, Sharqda – Al-Xorazmiy tomonidan kashf etilganligini bilarmidingiz? Ilm sohasidagi original innovator sifatida tan olingan Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy nafaqat oʻz davri, balki butun insoniyat tamadduni yoʻnalishini oʻzgartirib yuborgan allomalardandir. Uning nomi bugun dunyo fan sohasida "algebra" va "algoritm" degan ikki buyuk atamaning ildizida mujassam.
Bugungi raqamli uskunalar, dasturlash, maʼlumotlar bazasi, kriptografiya, sunʼiy intellekt, hatto kosmik tadqiqotlarda ham aynan al-Xorazmiyning ilmiy kashfiyotlari poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Shuni anglasak, zamonaviy dunyo qanday buyuk va chuqur ilmiy merosga tayanayotganini teran his qilamiz.
Al-Xorazmiy – ilm sohasidagi original innovator, uning merosi faqat bir sohada emas, balki matematikaning bir necha boʻlimi, astronomiya, geografiya, geometriya, arifmetika va hisoblash tizimlarida oʻzini namoyon qilgan. Uning “Kitob al-jabr va-l-muqobala” asari orqali algebra mustaqil fan sifatida shakllandi, arifmetikaga oid risolalari butun dunyoga oʻnlik pozitsion tizimni tarqatdi, “Zij” asari esa astronomiyada yangi davrni boshladi. Uning "Kitob surat al-arz" kabi asarlari geografiyada aniqlik va ilmiylikni tamsil qilgan boʻlsa, “al-Xarita al-Maʼmuniya” xaritasi orqali global tasavvurni shakllantirdi.
Qizigʻi shundaki, al-Xorazmiy ilm olamida bir yoʻnalishda emas, balki matematika, astronomiya, geografiya, geometriya va hisoblash tizimlari kabi koʻplab sohalarda yuksak natijalarga erishgan. Bugungi kunda fanlararo integratsiya haqida gap ketayotgan davrda, al-Xorazmiy kabi universal allomalar namunasi har qachongidan koʻra dolzarb. Zero, u nafaqat nazariy olim, balki chuqur amaliy tafakkur egasi, ilmning jamiyat hayotidagi ahamiyatini chuqur tushungan haqiqiy maʼrifatparvar edi.
Al-Xorazmiy taxminan 783 yilda Xorazmda tugʻilgan. Uning bolalik yillari va ilk taʼlimi haqida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Biroq olim dastlabki bilimlarini Xorazm va Markaziy Osiyoning boshqa madaniy markazlarida olgan deb taxmin qilinadi. 813 yilda xalifa Horun ar-Rashidning oʻgʻli al-Maʼmun xalifalik taxtini egallaganidan soʻng, Al-Xorazmiy Bagʻdodga taklif etiladi. Bu yerda u “Bayt al-hikma” – yaʼni “Donishmandlik uyi” nomli ilmiy akademiyada faoliyat yuritadi va hatto unga rahbarlik qiladi.
Ilm-fan rivojidagi oʻrni
Al-Xorazmiy matematika, astronomiya, geografiya kabi aniq fanlar sohasida jahonshumul kashfiyotlar qilgan. Uning matematika sohasidagi eng muhim ishlardan biri “Kitob al-jabr va-l-muqobala” asaridir. Ushbu risola orqali algebra mustaqil fan sifatida shakllanadi. Unda chiziqli va kvadrat tenglamalarni umumiy usulda yechish yoʻllari koʻrsatib berilgan. Bu esa bugungi algebra fanining asosini tashkil etadi.
Arifmetika va algoritm tushunchasi
Al-Xorazmiy arifmetikaga oid risolasida hindlardan olingan toʻqqizta raqam va nol (kichik doiracha) yordamida katta sonlarni ifodalash usullarini asoslab bergan. Bu oʻnlik pozitsion tizimning joriy etilishiga xizmat qilgan boʻlib, keyinchalik butun dunyoga tarqalgan. Risolaning lotincha tarjimasi “Dixit Algorizmi” (“Al-Xorazmiy aytadi”) deb boshlanadi. “Algorizmi” atamasi aynan Al-Xorazmiy nomidan olingan boʻlib, keyinchalik “algoritm” shaklida zamonaviy ilm-fanga kirib kelgan.
Astronomiya sohasi – “Zij” asari
Al-Xorazmiyning astronomiyaga oid “Zij” nomli asari oʻz davrining yetuk ilmiy yutugʻi sanaladi. Unda Quyosh, Oy va koʻzga koʻrinadigan beshta sayyoraning harakati, trigonometriya, geografik koordinatalar hamda Oy va Quyosh tutilishi hodisalari haqida muhim maʼlumotlar berilgan. Ayniqsa, trigonometriyaga oid boʻlimda sinus va kosinus funksiyalarining jadvallari ilk bor tartibli ravishda keltirilgan. Bu asar keyinchalik Mirzo Ulugʻbek va boshqa olimlar uchun muhim manba boʻlib xizmat qilgan.
Geografiya va xarita tuzishdagi hissasi
Al-Xorazmiy “al-Xarita al-Maʼmuniya” xaritasi orqali geografiya faniga ham katta hissa qoʻshgan. Bu xarita xalifa al-Maʼmun saroyi devoriga chizilgan boʻlib, Yer yuzining obod qismini – rubʼi maskunni tasvirlagan. Unda Ptolemey ilgari surgan notoʻgʻri gʻoya, yaʼni “quruqlik dunyo okeani bilan oʻralgan” degan qarash inkor qilinadi. Aksincha, Al-Xorazmiy quruqlikning okean bilan oʻralganligini ilmiy asosda koʻrsatadi. Bu esa oʻsha davr uchun katta ilmiy burilish edi.
“Kitob surat al-arz” – geografik tavsif
Al-Xorazmiyning “Kitob surat al-arz” asarida 2400 ga yaqin geografik nuqtaning koordinatalari berilgan. Unda Tinch okeani “al-Bahr al-muzallam” deb nomlangan boʻlib, Koreya yarimoroli va Yaponiya orollari haqida ham maʼlumotlar mavjud. Ushbu kitob geografik xarita bilan birgalikda oʻrganilishi lozim boʻlgan noyob ilmiy manba hisoblanadi.
Ilmiy merosining taʼsiri
Al-Xorazmiy asarlari nafaqat musulmon Sharqida, balki Yevropada ham keng tarqalgan. Uning algebra va arifmetikaga oid asarlari lotin tiliga tarjima qilinib, oʻrta asr Yevropasi fanining shakllanishiga asos boʻlgan. Ayniqsa, “algoritm” tushunchasi bugungi zamonaviy kompyuter texnologiyalarining nazariy asoslaridan biri hisoblanadi.
Bugun telefonimizda kalkulyatorni ochamizmi, xaritada yoʻl topamizmi yoki kod yozamizmi — aslida biz Al-Xorazmiy bilan hamnafasmiz. Uning kiritgan tamoyillari bizning kundalik qarorlarimizda yashaydi. Demak, u tarixda emas, hozirgi zamonda yashamoqda. Faqat kitoblarda emas — hayotimizning oʻzida.
Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasi aynan shunday buyuk kashfiyotlarni o‘zida mujassam etadi. Bu yerda faqat Xorazmiy emas, balki u kabi boshqa ko‘plab olimlar va ularning ilm-fan tarixiga qo‘shgan beqiyos hissalari haqida ham keng maʼlumotlar taqdim etiladi. Ekspozitsiya orqali siz nafaqat tarixiy bilimlarni, balki zamonaviy texnologiyalar asoslarini chuqurroq anglash imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Bu bir so‘z bilan — ilm-fan olamiga sayohat va buyuk kashfiyotlar dunyosiga ochilgan eshik desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
