Sherdor madrasasidagi sher tasviri nimani anglatadi?
Qadimiy Xorazm, Sugʻd, Baqtriya va keyinchalik Turk xoqonligi davrida sher xukmdor qudrati va xalqni himoya qilish sifatida tasvirlangan.
Xoʻsh, bu ramzning ildizi qayerga borib taqaladi?
Aslida bu sher Samarqand ramzi hisoblanadi. Arslon timsoli Samarqand yerlariga eronliklar tomonidan olib kelingan ammo arablar va turklar davrida uning oʻrnini qoplon timsoli egallagan.
Qadimgi tarixchi Abusand Ibn Muhammad Idrisning yozishicha, Samarqand shahriga asos solinganda Zarafshon togʻlaridan qoplon tushib, devorlarni aylangan. Goʻyoki qurilishga oʻz roziligini berib, yana iziga qaytib ketgan. Shundan beri qorqoplon Samarqand shahri timsoli hisoblanadi. Haqiqatdan ham samarqandliklarning ramzi sifatida meʼmorchilik, haykaltaroshlik va xunarmandchilik mahsulotlarida qoplon tasvirlangan. Shuningdek, shaharning rasmiy gerbida qanotli qoplonni koʻrishimiz mumkin. Uning eng mashhur surati Sherdor madrasasida joylashgan. Sherdor nomidagi “sher” soʻzi ham bejiz emas. Madrasa peshtoqini bezab turgan, ortida quyosh bilan tasvirlangan sher hukmdorni ifodalaydi. Uni yer va osmon ustidan xukmronlik qiluvchi kuch bilan tenglashtiradi.
Samarqand shahri tarixi XVII asrning birinchi yarmida, ashtarxoniylar sulolasining olchin urugʻidan chiqqan oʻzbek zodagonlarining yirik vakili Yalangtoʻsh Bahodirning faoliyati bilan chambarchas bogʻliqdir.
Samarqandda ashtarxoniylar davrida Yalangtoʻsh Bahodir taʼsiri sababli qurilish ishlari yanada jonlanadi. Ushbu maʼrifatparvar va saxovatpesha hokimning bevosita tashabbusi va farmoni bilan Registon maydonidagi vayronalikka yuz tutgan hashamatli Mirzo Ulugʻbek madrasasida taʼmirlash ishlarini olib borish hamda batamom buzilib ketgan Mirzo Ulugʻbek qurdirgan xonaqoh, Mirzoyi hammomi va karvon saroylari oʻrnida ikkita hashamatli inshoot - Sherdor madrasasi (1619-1636) va Tillakori madrasa-masjidi (1646-1660) bunyod etilgan. Buzib yuborilgan diametri 15 metr boʻlgan katta gumbazli xonaqoh oʻrnida Mirzo Ulugʻbek madrasasining nusxasi sifatida unga qarama-qarshi turgan Sherdor madrasasi bunyod etilgan. Sherdor madrasasining peshtoqi Mirzo Ulugʻbek madrasasi peshtoqi bilan asosan bir xil, binolar bir-biriga oʻxshash boʻlsa ham, lekin sifat va meʼmorchilik jihatidan farq qiladi.
Sherdor madrasasi sathi 70x57 metr, yaʼni toʻrt burchakli shaklda boʻlib, hovlisi ikki qavatli hujralar bilan oʻrab olingan, ularning soni 52 ta, hovlining burchaklarida darsxonalar joylashgan. Ammo bu obidada masjid yoʻq, janubi-gʻarbiy darsxona esa ziyoratxona hisoblangan, chunki unga tashqi tomondan bevosita Imom Muhammad ibn Jaʼfari Sodiq mozori maqbarasi tutashgan.
Sherdor madrasasi fasadidagi minora va gumbazlari Ulugʻbek madrasasiga oʻxshash, ammo orqa tomondagi fasadlar burchagi guldasta minoralar bilan oʻralgan. XVII asrga kelib yer sathi madaniy qatlamlarining koʻtarilishi tufayli XV asrdagi dastlabki yer sathidan ikki metrga yaqin baland koʻtarilgan. Ana shuning uchun bir muncha past koʻringan Ulugʻbek madrasasining qisqargan shaklidek barpo etilgan. Sherdor madrasasi qurilganda XVII asr meʼmorchiligiga xos ancha yangiliklar qoʻllanilgan, qurilish jarayonini tezlashtiruvchi va arzonlashtiruvchi ilgʻor usullardan foydalanilgan, ammo badiiy bezaklarning taʼsir kuchi bir muncha pasayib ketganligi sezilib turibdi. Lekin ranglarning oʻz oʻrnida ishlatilganligi va ayrim pannolarning gʻoyat nafis bajarilganligi bu yodgorlikni yaratgan meʼmor va naqqoshlarning yuksak mahoratidan dalolat beradi.
Naqshlar butun obida yuzini qoplagan. Ularda chok, yirik xandasaviy suls, kufiy yozuv naqshlari va gul bandlari tasvirlarda uygʻunlashgan boʻlib, faqatgina Samarqand obidalariga xos tarzda ishlangan. Aynan shu usul Samarqand meʼmoriy bezaklar maktabini tashkil qiladi.
Ulkan peshtoq ravogʻi tepasidagi timsol diqqatga sazovordir: Qizgʻish zarhal sher, oq ohuni quvib ketmoqda. Quyosh bodomqovoq, kiyik koʻzli doira shaklida tasvirlangan. Uning yuzi esa zarhal yogʻdu bilan hoshiyalangan.
Butun kompozitsiyasi zangori asosda boʻlib, firuza va zarhal boʻyoqlar bilan tasvirlangan hamda bir-biriga chirmashib ketgan navdalar, ochilib yotgan oq gullardan iborat. Ana shu ajoyib tasvir tufayli u «Sherdor» nomini olgan, yaʼni «Sherlarga ega boʻlgan» mumtoz musulmon astronomiyasida quyoshning Asad burjida, yaʼni Sher ustida boʻlishi saʼd, yaʼni baxtiyor zamonga ishoradir. Bundan ushbu binoning abjad hisobida: Yalangtoʻsh – 816, Bahodir – 212, jami 1028 hijriy hisobi, milodiy hisobda 1619 raqamining kelib chiqishi Sherdor madrasasining qurilishi 1619 yilda boshlanganligiga ishoradir.
Madrasa hovlisining dekorativ bezalishi ham uning tashqi devorlari singari boy va xilma-xildir. Madrasa devorlariga bitilgan yozuvlarga uni yaratgan mashhur meʼmorlar - usta Abdu Jabbor va oʻymakor naqqosh Avaz Samarqandiy nomlari ham yozib qoldirilgan.
Sherdor madrasasi haqida Mahmudxoʻja Behbudiy
Ushbu madrasai oliya Turkiston podsholaridan Imomqulixon hazratlarining davrinda sipohsolor va ham Samarqandgʻa voliy boʻlgʻon Abdulkarim Yalangtoʻsh Bahodir tarafindan bino qilingandur.
Yalangtoʻsh Bahodir Samarqand askari ila Xuroson va Mashhadni istilo etib, ul tarafdan kelturgʻon amvol, gʻanoyim ila Samarqandgʻa ushbu Sherdor va ham Tillakori madrasalarini bino etibdur. Bu madrasalar doxilan va xorijan chiniy mulavvi koshi ila ziynat berilib koshilarini aksari goʻyo bugun usto va sanʼatkor qoʻlidin chiqgʻon kabidur.
Tarix binosi Sherdor madrasasini doxiliy va gʻarbiy toqinda chiniy muzoyiq ila zerdagi vajh uzra nazman yozilgandur…
Sherdor madrasasining madxali va jabhasi gʻarbdagi Madrasai Mirzo Ulugʻbek Koʻragoniy madrasasi mohazisinda mutavajjih va ikkisi yuz ba yuz bir shaklda bino qilingan. Ikkisi fosilasi yuz arshin va orasi tosh farsh qilingan vasiʼ bir maydondurki, Registon atalur.
Registonning shimoli va janubi katta yoʻl boʻlub, shimolidagi kanorinda boloda zikr qilingon ikki madrasa rukn va zoviyalariga muqobil Tillakori madrasasi mabnidur. Sherdorning samti xorijdan haddi gʻarbiya va sharqiyasi 82 arshindan, shimoliy va janubiy jihatlari 95 arshindan boʻlub, jamʼan 779 murabbaʼ arshin yerni muhtaviydur.
Sherdorni sahni doxiliyasining gʻarbiy va sharqiy hadlari 54 arshindan, shimoliy va janubiy taraflari 52 arshindan boʻlub, vusʼati 2808 murabbaʼ arshin va yeri marmar tosh ila farsh boʻlub, toʻrt jihatdan hujralar va toʻrt katta ravoqning jabhasi ushbu murabbaʼ sahnga mutavajjih va nafsi imoratni oʻrni 4910 murabbaʼ arshin yerni shogʻildur. Madrasa ikki oshiyona boʻlub, 64 hujra, ikki katta darsxona, doxilan toʻrt katta toqni mujtamildur…
Peshtoqning xorijiy jabhasinda mehrobning ikki tarafinda bir-birigʻa muqobil ykki sher (arslon) shaklini musattah chiniy va koshilar ila arslon rangida mulavvan tasvir qilingani uchun Madrasai Sherdor atalibdur. Arslon naqshasining asari bu kunda ham maʼlumdur. Madrasa va minoraning boshqa jihatlarinda tasvir yoʻq va aksariyat ila oyati hadis va tarixi abyotni marmarlargʻa muzoyiqlangan va koshi mulavvan chiniylar ila yozilgandur. Madrasa minora va qubbalarining butun sathini arab, eron, hind uslub naqqoshisi uzra mulavvun chiniy va rangorang koshi ila nihoyat nafis suratda naqshlangandurki, toʻrt asr boʻlgan boʻlsa ham koshilar oftob va oy nurini aks etdurar va koʻzni qamashdurar.
Minora madxaligʻa yetgandan soʻngra minora ichindagi 56 zina vositasila minoraning sharafasi ustinda minilur. Endi ushbu buyuk minora ustidan Samarqand firdavsmonandining zumurraddin bogʻu boʻstonlari, xushohang latif nahrlari, toʻgʻri va avajojlik yoʻllarini tamosho etib, Samarqand shahri ofoqning atroshom, sogʻlom, nafis havosini shimitmali va bu muborak ofoqdagi yuzlar ila tariz togʻ parchalaridek madrasa, daxma, qubba, masjidlarni sayr qilmali.
U muborak qubba, daxma va buqʼalar boniy va sokinlarining moziygʻa madfun va mujassam tarixiy va diniy qahramonliklarini yod etib, bahri taommiqigʻa mahv va gʻarq oʻlmali.
Prezident tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Xonliklar davri” ekspozitsiyasidan Registon maydoni maketi oʻrin olishi koʻzda tutilgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
