Xorazmda bosilgan ilk qogʻoz pulni koʻrganmisiz?

Tarixiy hujjatlar orasida ayrim eksponatlar borki, ular nafaqat iqtisodiy ayirboshlash vositasi, balki zamonasining siyosiy, madaniy va estetik qarashlarini ham oʻz ichiga olgan buyuk hujjat sifatida qadrlanadi. Shulardan biri — 1920 yilda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tomonidan nashr etilgan 5000 manat nominalidagi ipak bona boʻlib, u bugungi kunda Tatariston Respublikasi Milliy muzeyi toʻplamidagi gʻoyat muhim va noyob eksponatlardan biri hisoblanadi.

 

 

Kupyurada quyidagilar keltirilgan:

"Ushbu kogʻaz tanga hukumatning pul belgisi ilan taʼmin etilgandur. Xorazm Shoʻrolar jumhuriyatining kogʻaz tangasi. Ushbu tangani soxta qilgʻon kishi inqilob mahkamasigʻa topshirulur".

 

Bu bona 1982 yili muzey toʻplamiga G.M. Dobrosmыslov kolleksiyasi orqali kelib tushgan boʻlib, shu bilan muzeyning bonlar toʻplami sezilarli darajada boyidi. Ushbu toʻplam orqali Xiva va Xorazmdan kelib chiqqan qogʻoz va ipak pullar muzeyga qoʻshildi. Bu pullar nafaqat ayirboshlash vositasi, balki 1918–1922 yillardagi Oʻrta Osiyodagi siyosiy voqealar, iqtisodiy jarayonlar va maʼnaviy hayot haqida hujjatli manba sifatida katta ahamiyatga ega. Bona ipak matoda tayyorlangan boʻlib, uning oʻlchami — 102 × 148 mm. Unda sirqiroq, osmonrang va koʻk rangdagi ipaklardan foydalanilgan. Matn va tasvirlar esa qizil, yashil, koʻk va qora boʻyoqlarda chop etilgan. Bu nafislik va rangovorlik bonani dunyodagi eng original va estetik jihatdan chiroyli pullardan biriga aylantiradi.

 

Ushbu bonaning yana bir oʻziga xos jihati — undagi yozuvlar kalligrafik uslubdadir. Undagi nominal va chiqarilgan sana kabi maʼlumotlar oʻzbek tilida (arab va kirill alifbosida), hamda rus tilida nozik va turfa shriftlarda bitilgan. Ular maxsus ornamental chordoq va kartushlar ichida joylashtirilgan boʻlib, musulmon bezak sanʼatiga xos uslub va elementlar bilan boyitilgan. Tasvirlarda meʼmoriy inshootlar, yaʼni madrasa va masjidlar kabi islom arxitekturasining turli shakllari aks etgan.

 

1920–1921 yillarda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tomonidan chiqarilgan bunday ipak banknotlar nafaqat iqtisodiy aylanma vositasi, balki xalqning maʼnaviy yuzi, sanʼati va milliy oʻzligini namoyon etuvchi madaniy hujjat boʻlib xizmat qilgan.

 

Bu bona — Islom dunyosidagi iqtisodiy tartib, madaniy tafakkur va estetik ideallarning yorqin namunasi sifatida muzeyga tashrif buyuruvchilarni tarix sahifalariga sayohatga chorlaydi.

 

Suratda: 1920 yilda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tomonidan nashr etilgan 5000 manat nominalidagi ipak bona.  U bugungi kunda Tatariston Respublikasi Milliy muzeyi toʻplamida saqlandi.