“Temur tuzuklari”ning olti asrlik sayohati
Buyuk davlat arbobi Amir Temurning hayot yoʻli, davlat boshqaruvi, oʻz faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari bir qator tarixiy asarlarda, jumladan uning “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.
Sohibqiron kitob yozganmi?
Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi eʼtiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qoʻlyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy toʻplamlarda saqlanmoqda. Koʻplab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.
Oʻtgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo, asarning tili va uslubi, pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, oʻtkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealarning Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi maʼlumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, asar dastavval Amir Temurning ona tili – eski oʻzbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni oʻz ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud boʻlganini aytadi.
Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturilamal vazifasini oʻtagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abulgʻozi Bahodurxonning “Shajarai turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i turtki bergan boʻlishi mumkin. Ammo, afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qoʻlyozmasi hanuzgacha topilgani yoʻq.
Yamandan topilgan “Tuzuklar”
Bugun bizgacha yetib kelgan xilma-xil qoʻlyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Bizga yetib kelgan qoʻlyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub boʻlib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda koʻchirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida, Yaman hukmdori Jaʼfar poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qoʻlyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asar Sohibqiron Amir Temurning yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yoʻl-yoʻriqlari oʻrin olgan.
At-Turbatiy bu bebaho qoʻlyozmani oʻzi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini toʻla-toʻkis bitkazib, uni Boburiyzoda hukmdor Shoh Jahonga (1628-1659) tuhfa etgan. Shoh Jahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar oʻzlaridan qoʻshgan ortiqcha tafsilotlarni oʻchirib tashlashni buyuradi.
Mazkur asarning shu paytgacha yetib kelgan barcha qoʻlyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos boʻlib xizmat qilgan. Markaziy Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qoʻlyozmasi bir necha bor koʻchirilgan. Asli oʻzbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tugʻilgan. Soʻnggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga oʻgirilgan. 1836 yilda Qoʻqon xoni Muhammad Alixon (1822-1841) ning buyrugʻiga koʻra, Xoʻjand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan.
1856-1857 yillarda Xiva xonligida mazkur asarni Muhammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda oʻzbekchalashtirgan. Oradan bir yil oʻtib, Xivada yana bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Xorazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga koʻra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qoʻlyozmalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanmoqda.
1967 yil taniqli alloma Alixontoʻra Sogʻuniy (1885-1976) asarning Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qoʻlyozmadan oʻzbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini «Guliston» jurnalida eʼlon qilgan.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan “Temur tuzuklari” asari oʻrin olishi va qoʻlyozmalari boʻyicha interaktiv loyihalar yaratilishi koʻzda tutilgan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
