Imom Buxoriy majmuasining mustaqillikkacha boʻlgan koʻrinishi maketi yaratiladi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Turkiyaning “Outdor Factory” kompaniyasi hamda tegishli tashkilotlar ishtirokida muzey ekspozitsiyasi uchun tayyorlanayotgan media mahsulotlar konsepsiyasi, maketlar va ularning oʻlchamlari muhokama qilindi.

 

Yigʻilishda ishtirok etgan mutaxassislar Islom dunyosida ulkan obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan muhaddis, alloma Imom Buxoriyning hayot yoʻli, ilm yoʻlidagi fidokorona mehnatlari, boy ilmiy merosi muzey ekspozitsiyalarida zamonaviy vizual va interaktiv usullar orqali qanchalik toʻlaqonli va taʼsirli aks ettirilishi lozimligiga alohida eʼtibor qaratdilar.

 

Umumiy maqsad — faqat maʼlumot berish emas, balki har bir mehmon qalbida maʼnaviy uygʻonish, tarixga nisbatan hurmat va qiziqish uygʻotishdir.

 

Muzeyda namoyon etiladigan maketlar ichida Imom Buxoriy majmuasining mustaqillikkacha boʻlgan holati, Buxoroning gʻururi sanalgan Kalon masjidi va Hadis ilmi markazi kabi tarixiy inshootlar maketlari ham bor. Ularning har biri aniq oʻlcham va arxitektura asosida yaratiladi, bunda tarixiy haqiqat va badiiy tafsilotlar uygʻunligi taʼminlanadi.

 

Shuningdek, Malayziyadagi muzeyda saqlanayotgan maxsus maket asosida Islom sivilizatsiyasi markazi uchun ham oʻxshash nusxa tayyorlanishi belgilandi. Bu nafaqat markazning xalqaro nufuzini oshiradi, balki musulmon dunyosidagi madaniy bogʻliqlikni yanada mustahkamlaydi.

 

Yigʻilish davomida muzeydagi eksponatlar, mulyajlar, qoʻlyozma namunalari va boshqa artefaktlarni tayyorlash, ularning mazmunan boy va shaklan zamonaviy boʻlishi, ilmiy va madaniy ahamiyatini toʻliq ifodalash boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi faqat eksponatlar jamlanmasi emas, balki insonni fikrlanishga, ezgulik va ilm sari intilishga ilhomlantiradigan maʼnaviy maskan sifatida yuzaga chiqishi kutilmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan mazkur markazning ochilish marosimiga tobora oz qolayotgani va barcha ishlarga oʻz vaqtida ulgurish, ekspozitsiyani tashkillashtirishdagi boshqa bir qator masalalar ham muhokama markazida boʻldi.