Qurʼon matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qurʼon ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega boʻlish mumkin. Shuningdek, Qurʼon matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham maʼlumotlar taqdim etilishi kutilyapti. 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.

 

Ana shu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qurʼon zali ekspozitsiyasi boʻyicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qoʻlyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.

 

 

Zalda 114 ta noyob Qurʼon qoʻlyozmasi toʻplangan boʻlib, bu yurtimizda Qurʼonga boʻlgan hurmat va eʼtiborni namoyon etadi. Qoʻlyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:

 

- “Katta Langar Qurʼoni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qoʻlyozmalardan biri;

 

- Hazrati Usmon Qurʼoni — Qurʼonning ilk nashrlaridan biri boʻlib, islom olamida muqaddas manba sifatida eʼtirof etiladi.

 

Shuningdek, boshqa davrlarga oid koʻplab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qoʻlyozmalar namoyish qilinadi. Bu qoʻlyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega boʻlib, ularni oʻrganish orqali islom madaniyati va Qurʼon ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega boʻlish mumkin.

 

Muhokamada Qurʼon zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qoʻllash, yaʼni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim oʻrin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:

interaktiv ekranlar – har bir qoʻlyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini koʻrib chiqish imkoniyati;

audiogidlar (ovozli yoʻlboshchilar) – har bir eksponat haqida oʻzbek, arab, ingliz tillarida maʼlumotlar tinglash imkoniyati;

virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qurʼon zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;

Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qoʻlyozmalarni zarar yetkazmasdan koʻrsatish imkonini beradi.

 

Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qurʼon nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va sanʼat darajasi haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishadi.

 

Mazkur zal faqat koʻrgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham boʻladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.

 

Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar boʻlimi boshligʻi, olim:


– Qurʼoni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qoʻlyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qurʼon matni qanday saqlanib qolganini koʻrsatadi va oʻrganishimizga zamin yaratadi. Qurʼon zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda koʻrish imkonini beradi.

 

Mazkur loyiha orqali Oʻzbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, maʼnaviyat va bagʻrikenglik markazi sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qurʼon zali esa bu yoʻldagi muhim qadamlardan biri boʻlib xizmat qiladi.