Bugungi zamonaviy ilmning asosi qayerda?

 

Bugun har jabhada “ogʻirimizni yengil” qilayotgan zamonaviy texnologiyalar, ilmlar, kasblarning imkoniyatlari haqida juda koʻp eshityapmiz, koʻryapmiz va oʻzimiz ham zarur hollarda uni hayotimizda qoʻllayapmiz. Ammo bu zamonaviylik, taraqqiyot, ilm ildizi koʻp hollarda Gʻarbga bogʻlanadi. Aslida-chi? Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini ilmiy-innovatsion loyihalar bilan boyitish uchun birlashgan olimlar tez orada bu savolga aniq javob bera oladigan muhim dalillarni taqdim etishga tayyorgarlik koʻrishmoqda.

 

Olimlar bugungi zamonaviy texnologiyalar, ilmlarning asosi, maqola boshida keltirilgan savolning javobi qadimiy Bagʻdodda, Baytul Hikma devorlari ichida yashiringanini isbotlash harakatida. Tarixning guvohlik berishicha, aynan shu yerda Muhammad Xorazmiy algoritmlar asosini yaratgan, Abu Nasr Forobiy falsafa va mantiqni tizimlashtirgan. Ibn Sino tibbiyot va tabiatshunoslikda inqilob yasagan. Hunayn ibn Ishoq, Yahyo ibn Abu Mansur va boshqa koʻplab allomalar kabi olimlar bu markazda ilm-fanni amalda qayta kashf etganlar.

 

Baytul Hikma — ilmning qadimiy, ammo hanuzgacha dolzarb yuragi hisoblanadi. Bu markazda olimlar nafaqat faoliyat olib borgan, balki moddiy va maʼnaviy jihatdan ham qoʻllab-quvvatlangan. Ular asos solgan kashfiyotlar esa bugungi zamonaviy kasblar, fanlar, sohalar poydevoriga aylangan.

Shu bois Islom sivilizatsiyasi markazidagi “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasida aynan Baytul Hikma markaziy oʻrinni egallaydi.

Bu boʻlim orqali tashrif buyuruvchilar tarixda tafakkur, ilm-fan va madaniyatning rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan va batafsil tanishadilar. Ekspozitsiya kontentlari Oʻzbekistonning yetuk olimlari tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, tarixiy dalillar asosida tayyorlangan. Ushbu loyiha dizayni esa Italiyaning taniqli “Magistr ART” kompaniyasi tomonidan zamonaviy yondashuv asosida ishlab chiqilmoqda.

 

Ilm-fan markaziga aylangan tarixiy makon

 

Baytul Hikma (arabcha: “Donishmandlar uyi”) — oʻrta asrlarda islom olamida ilm-fan taraqqiyotining markaziga aylangan yirik ilmiy muassasa boʻlgan. U VIII asr oxiri va IX asr boshlarida Bagʻdod shahrida Abbosiylar xalifaligi davrida barpo etilgan boʻlib, xalifa Horun ar-Rashid va ayniqsa uning oʻgʻli Maʼmun tomonidan kengaytirilib, rasmiy ilmiy institut darajasiga koʻtarilgan.


Bu maskan nafaqat kutubxona, balki tarjima markazi, ilmiy izlanishlar va munozaralar maydoni, oʻsha davrda mavjud boʻlgan eng ilgʻor tafakkur va texnik bilimlarning jamlanma manbai sifatida faoliyat koʻrsatgan. Yunon, hind, fors va suryoniy tillaridagi ilmiy asarlar arab tiliga aynan shu yerda tarjima qilinib, ilm-fan global yuksalgan.


Baytul Hikma qanday ishlagan?

 

Baytul Hikma ilmiy muhitni qoʻllab-quvvatlagan noyob model edi. Unda matematiklar, astronomlar, tabiblar, faylasuflar, tarjimonlar va boshqa mutaxassislar ishlagan. Ular maosh olgan, ilmiy faoliyati uchun moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilgan.  Tarjima faoliyati bilan mashhur boʻlgan Hunayn ibn Ishoq, Muhammad Xorazmiy, Kindiy kabi buyuk olimlar aynan shu muassasada faoliyat yuritgan.

 

Baytul Hikma matematikada algebra va algoritm asoslarini, tibbiyotda esa anʼanaviy yunon va hind tibbiy bilimlarini islom ilm-fani asoslariga uygʻunlashtirgan. Astronomik kuzatuvlar uchun alohida asbob-uskunalar ishlangan, ilmiy eksperimentlar oʻtkazilgan.

 

Ilk global ilmiy institut

 

Baytul Hikma nafaqat islom olamida, balki butun dunyo ilm-fani rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi. Uning faoliyati tufayli qadimgi Sharq va Gʻarb ilmi oʻzaro yaqinlashdi. Bu markazda toʻplangan bilimlar keyinchalik Yevropada Uygʻonish davrining shakllanishiga asos boʻldi. Koʻplab manbalar Baytul Hikmani ilk global ilmiy institut deb baholaydi. Uning modeli zamonaviy universitetlar va ilmiy markazlar rivojlanishida bevosita taʼsir koʻrsatgan.

 

Bilim va kashfiyotlar taqdimoti

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Birinchi Renessans davri”da Baytul Hikma tarixiy asoslar bilan zamonaviy yondashuvlar bilan yaratilayotgan kapsulalarda taqdim etilishi kutilyapti.

 

Kapsulada Baytul Hikmaga oid:

 

  • Tarixiy xaritalar;
  • Noyob qoʻlyozmalar nusxalari;
  • Mashhur olimlar faoliyatini aks ettiruvchi interaktiv stendlar;
  • Vizual rekonstruksiya va raqamli animatsiyalar

 

orqali tashrif buyuruvchiga ushbu ilm-fan markazining asl mohiyati yetkaziladi. Virtual muhitda Baytul Hikmaning ichki koʻrinishi, olimlarning faoliyati va ilmiy jarayonlar jonlantiriladi.

 

Baytul Hikmaga bagʻishlangan mazkur kapsula — bu shunchaki tarixiy faktlar toʻplami emas. Bu — tafakkur tarixi, ilmiy muloqot va bilimlar almashinuvi orqali shakllangan sivilizatsiyaviy yuksalish manzarasidir. Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasi doirasida siz qadimgi dunyo ilm-fanining qanday qilib yagona markazga jam boʻlganini, olimlarning oʻzaro hamkorlikda qanday kashfiyotlar yaratganini chuqur anglaysiz. Ekspozitsiya orqali siz ilmiy tafakkurning shakllanish jarayonini kuzatasiz, Baytul Hikmaning bugungi texnologiyalar zamirida qanday oʻrin tutganiga guvoh boʻlasiz. Bir soʻz bilan aytganda — bu bilim va kashfiyotlar bilan toʻlgan tarixiy sahifalarga qayta sayohat va kelajak taraqqiyotiga zamin boʻlgan ilmiy merosga yaqindan nazar solishdir.

 

Husan Tursunov