Islom sivilizatsiyasi markazi: Mahobatli rangtasvirlar orqali tarixga nazar
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat meʼmoriy jihatdan ulkan inshoot, balki yurtimizning boy maʼnaviy va ilmiy merosini, islom dunyosiga qoʻshgan hissasini namoyon etuvchi markaz hisoblanadi. Bu markazning bosh kirish qismida joylashtiriladigan 14 ta rangtasvir kompozitsiyasi uning mazmunan chuqur, gʻoyaviy jihatdan boy ekanligidan dalolat beradi. Ayniqsa, ular orasida alohida eʼtiborga loyiq boʻlgani – Movarounnahr zaminida yuz bergan Birinchi Renessans davrini tasvirlovchi syujetli asardir. Bu asar xalqimiz tarixi va maʼnaviyatining eng porloq sahifalaridan birini oʻzida mujassam etgan.
Islom dini kirib kelganidan soʻng, juda qisqa fursat ichida hozirgi Oʻzbekiston hududlari ilm-fan va maʼrifatning markaziga aylandi. IX-XI asrlar oraligʻida Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf kabi shaharlar dunyodagi eng nufuzli ilm markazlaridan biri sifatida tan olindi. Bu yerlarda yetishib chiqqan allomalar nafaqat islomiy ilmlarda, balki falsafa, matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot va boshqa dunyoviy fanlarda ham ulkan yutuqlarga erishdilar. Ularning asarlari yuz yillar davomida butun islom olamida taʼlim manbai sifatida oʻqilgan va hatto Yevropada Renessans jarayonlariga ilhom manbai boʻlgan.
— Mazkur rangtasvir kompozitsiyasida aynan shu tarixiy davrning maʼnaviy muhiti, ilmga boʻlgan ehtirom va bilim egalariga koʻrsatiladigan hurmat, aniq badiiy ifodalar orqali aks ettirilgan. Asarda Imom al-Buxoriy oʻzining “Sahihi Buxoriy” asarini yozib oʻtirgan holda, uning yonida ilm olish uchun kelgan talabalarni koʻrish mumkin. Hakim Termiziy tasavvufiy mulohazalarga choʻmgan holda tasvirlangan. Qaffol Shoshiy fiqh masalalari ustida ishlayotgan bir pallada, Burhoniddin Margʻinoniy mashhur “Hidoya” asari ustidan fikr yuritmoqda. Matematika va algoritm nazariyalarini ilmiy asoslab bergan Muhammad Xorazmiy gʻoyat zehn bilan hisob-kitoblar yuritmoqda. Abu Rayhon Beruniy geografik xaritalar chizmoqda, Abu Nasr Forobiy musiqa nazariyasi va falsafa qoidalarini tushuntirmoqda. Eng muhimi, tibbiyot fanini mukammallik darajasiga olib chiqqan Ibn Sinoning tabobat ustidagi mashgʻulotlari, inson anatomiyasiga oid chizmalari ham badiiy tilak bilan toʻliq tasvirlangan, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov.
Ushbu kompozitsiya Xitoydagi maxsus ustaxonalarda mikromozaika texnologiyasi asosida tayyorlanayotgan boʻlib, u 8 metr balandlik va 4 metr kenglikdagi ulkan asardir. Asarda 100 dan ortiq turli rangdagi toshlardan foydalaniladi bu esa har bir detalning yuksak aniqlik va zichlik bilan yaratilishiga xizmat qiladi. Bu mozaikada milliy miniatyura sanʼati uslubi, klassik sharq rassomchiligi anʼanalari ham samarali qoʻllanilgan. Asarning yuqori qismida Qurʼoni karimning Zumar surasidagi «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlarmidi?!» oyati keltirilgan boʻlib, bu soʻzlar butun kompozitsiyaning gʻoyaviy asosini tashkil etadi. Bu orqali asar nafaqat tarixiy xotira, balki maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya vazifasini ham bajaradi.
Bu rangtasvir kompozitsiyasini oʻziga tortadigan yana bir jihat shundaki, unda ilm-fan rivojiga xizmat qilgan muhit — madrasalar, kutubxonalar va ustoz-shogird munosabatlari ham badiiy obrazlar orqali jonli tarzda tasvirlangan. Ilm olishga boʻlgan ishtiyoq, qalam va qogʻozga boʻlgan ehtirom, kutubxonalardagi tinch va fikrga toʻla muhit koʻz oldimizda gavdalanadi. Shu bilan birga, mintaqamizga islom dini tarqalishining xaritasi va geografik jihatlari ham simvolik tarzda aks etgan.
Shu jihatdan qaralganda, bu asar faqatgina tasviriy sanʼat namunasi emas, balki maʼrifat va tarix, falsafa va badiiy fikr, islomiy meros va milliy oʻzlikning uygʻun ifodasidir. U xalqimizning oʻtmishiga boʻlgan hurmatni, ilm va maʼrifatni eʼzozlash anʼanalarini yana bir bor namoyon etadi. Bugungi kunda ilmu maʼrifatni tiklash, yosh avlodni milliy merosimiz asosida tarbiyalash jarayonida bu kabi badiiy-tarbiyaviy asarlarning ahamiyati juda katta.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
