Dunyo tan olgan sharq yulduzi
Ming yillar oldin, hech qanday teleskop va smartfonlar yoʻq, odamlar osmonni kuzatib, undagi sirlarni tushunishga intilardi. Ana shunday davrda, qadimiy Sharqning qoyatoshli, choʻl va vodiylari bilan toʻla hududida oʻz zamonasining yulduzi ilm-fan tarixiga kirib keladi. Oy yuzasidagi kraterlardan biriga “Alfraganus” nomi berilishi — bu Sharq mutafakkirining jahon ilmiy jamiyatida rasman tan olinganidan dalolat. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida Sharqning ana shunday ilmiy salohiyatini ifoda etuvchi loyihalarga alohida eʼtibor berilmoqda.
Bugungi zamonaviy koinot tadqiqotlari, sunʼiy yoʻldoshlar, Marsga yoʻllanayotgan kosmik parvozlar ortida koʻp ming yillar avval yashab ijod qilgan Ahmad al-Fargʻoniyning izlanishlari yotadi. Uning kashfiyotlari butun ilm-fanning asoslarini tashkil etadi.
Uning hayoti nafaqat astronomiya va matematika tarixida, balki butun insoniyatning ilmiy tafakkurida yangi davrni boshlab berdi. Al-Fargʻoniy oddiy bir shaxs emas, u oʻz zamonasining yulduzi, haqiqatga intilgan, Yer va osmon orasidagi sirlarni ochishga bel bogʻlagan daho edi. U yulduzlar, sayyoralar, yerning oʻlchamlari va kosmik jarayonlarni oʻrganib, oʻsha davr odamlarining dunyoqarashini tubdan oʻzgartirdi.
Astronomiyaga oid kashfiyotlari bugungacha ahamiyatli
Ahmad ibn Muhammad ibn al-Kasir, yaʼni Ahmad al-Fargʻoniy, taxminan 798-yilda Fargʻona vodiysida tavallud topgan. Uning hayoti haqida aniq va toʻliq maʼlumotlar koʻp emas, lekin uning ilmiy merosi, ayniqsa astronomiya sohasidagi ishlari bugungi kungacha qadrlanib keladi. Al-Fargʻoniy oʻz davrida ilm-fan markazi boʻlgan “Bayt al-Hikma” (Donishmandlar uyi)da faoliyat yuritgan.
Al-Fargʻoniy oʻzining ilmiy izlanishlarida Yer va osmon haqidagi bilimlarni tizimlashtirdi, ularni oson tushunarli qilib yozdi. U asosan astronomiya va geografiya bilan shugʻullangan va aynan shu sohalarda koʻplab asarlar yaratgan. Uning “Astronomiya asoslari” nomli asari — ilm-fan tarixida muhim oʻrin tutadi. Bu kitobda u osmon jismlari harakati, ularning joylashuvi, yer shakli va oʻlchovlari haqida sodda va ravon til bilan tushuntiradi. Bu asar keyinchalik ming yillar davomida ilmiy markazlarda asosiy qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan.
Nilometr – ilm va amaliyot uygʻunligi namunasi
Ahmad al-Fargʻoniyning ilmiy salohiyati faqat nazariy astronomiya bilan cheklanmagan. U amaliy muhandislik sohasida ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan. 861 yilda u Misrning poytaxti Qohira shahrida joylashgan Ravoza orolidagi mashhur nilometr — “Jihoz miqyos an-Nil”ni taʼmirlab, uni tubdan takomillashtirdi.
Bu inshoot dehqonchilik uchun nihoyatda muhim boʻlgan. Chunki Nil daryosi suvi darajasining mavsumiy oʻzgarishlari Misr dehqonchilik tizimining asosiy omilidir. Suv toshqinlari yoki qurgʻoqchilik xavfini oldindan aniqlash orqali ekin ekish, hosil yigʻish va oziq-ovqat zaxiralarini rejalashtirish mumkin boʻlgan. Nilometr shuningdek shahardagi maʼmuriyatni ham xavfli toshqinlar haqida ogohlantirib turgan. Ushbu qurilma al-Fargʻoniyning muhandislik bilimlari va amaliy tafakkurining yorqin namunasi sifatida qadrlanadi. Ahamiyatlisi shundaki, bu nilometr 1971 yilgacha, yaʼni Asuan toʻgʻoni qurilguniga qadar faoliyat koʻrsatgan.
Yevropa ilmiy uygʻonishining poydevorlaridan biri
Ahmad al-Fargʻoniy tomonidan yozilgan “Astronomiya asoslari” asari XII asrda lotin tiliga tarjima qilingan va “Elementa Astronomica” nomi bilan tanilgan. Bu asar keyinchalik Yevropa oliy taʼlim muassasalarida — universitetlarda XVII asrga qadar asosiy darslik sifatida foydalanilgan. U sayyoralar harakati, yulduzlar pozitsiyasi, Yerning shakli va kattaligi, koinot tuzilishi kabi fundamental masalalarni sodda va ilmiy asoslangan shaklda bayon etgan.
Mashhur Yevropa olimlari va adabiyot vakillari ushbu asar asosida olamshumul kashfiyotlarini yaratgan. XV asrning mashhur nemis olimi Regiomontan Italiya, xususan Paduya universitetida al-Fargʻoniy asari asosida maʼruzalar oʻqigan. Bu holat al-Fargʻoniy asari Yevropa Renessansi, ilm-fan taraqqiyotining muhim manbalaridan biri boʻlganini koʻrsatadi.
Yana bir eʼtiborga molik jihat shundaki, XIII asrning buyuk italyan shoiri Dante Aligiyeri oʻzining “Ziyofat” asarida al-Fargʻoniy kosmografiyasidan foydalangan. Bu Dante asarining ilmiy asosga tayanganligini koʻrsatadi. Shuningdek, mashhur nemis adibi Iogann Fridrix Shiller ham oʻz asarlarida al-Fargʻoniyni hurmat bilan tilga olgan. “Astronomiya asoslari” asari XVI asrning oʻzida toʻrt marta nashr etilgan — bu uning ilmiy dolzarbligi va keng tarqalganidan dalolat beradi.
Ilm-fan tarixidagi yuksak eʼtirof
Ahmad al-Fargʻoniy ilmiy merosining global miqyosdagi eʼtirofi faqat oʻtmishda emas, balki bugungi kunda ham davom etmoqda. Oy yuzasidagi kraterlardan biriga “Alfraganus” nomi berilishi — bu uning astronomiyadagi xizmatlarining jahon ilmiy jamiyatida rasman tan olinganidan dalolat beradi.
1998 yilda YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Ahmad al-Fargʻoniyning 1200 yilligi keng nishonlandi. Bu yubiley doirasida xalqaro ilmiy anjumanlar, koʻrgazmalar va madaniy tadbirlar tashkil etildi. Bundan tashqari, 2007 yilda Misr hukumati tomonidan Qohirada Ahmad al-Fargʻoniyga haykal oʻrnatildi — bu uning ilm-fan va madaniyat tarixidagi ulugʻvor oʻrnini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ahmad al-Fargʻoniy oʻzining chuqur ilmi, nazariy bilimlari va amaliy ishlari bilan insoniyat sivilizatsiyasining ilmiy asoslarini mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan. Uning ishlari nafaqat oʻz zamonasida, balki keyingi ming yillikda ham oʻz kuchini yoʻqotmagan. Bugungi kunda ham al-Fargʻoniy asarlari ilm-fan ixlosmandlari, tarixchilar va muhandislar tomonidan oʻrganilmoqda. Uning merosi nafaqat tarixiy oʻtmishimizning, balki zamonaviy taraqqiyotimizning ham ajralmas qismidir.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida Sharqning ana shunday ilmiy salohiyatini ifoda etuvchi loyihalarga alohida eʼtibor berilmoqda.
Husan TURSUNOV
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
