Markaziy Osiyo allomalarining boy merosini saqlovchi noyob kutubxona
Siz koʻrayotganingiz oddiy kutubxona emas — bu ilm, tarix, maʼnaviyat va zamonaviy texnologiyalar uygʻunlashgan yuksak maskan — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi hisoblanadi!
Markaz kontentini boyitish doirasida 1-bosqich uchun tanlab olingan 18 ta asosiy loyiha orqali kutubxona nafaqat adabiyotlarni saqlash, balki ularni rivojlantirish, raqamlashtirish, tizimli kataloglashtirish hamda til va mintaqalar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni jamlash imkoniyatlariga ega boʻladi.
Mazkur kutubxonasining bosh maqsadi:
- ilmiy merosni saqlash va kelajak avlodga yetkazish
- noyob qoʻlyozmalarni raqamlashtirish
- elektron kataloglarni shakllantirish
- arab, fors, turk, rus va Yevropa tillaridagi tadqiqotlarni jamlash
- kutubxonani zamonaviy texnika bilan jihozlash
- va albatta, imkoniyati cheklangan kitobxonlar uchun teng sharoit yaratish — loyihalarning asosiy yoʻnalishlaridir.
Qisqa qilib aytganda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi — islom tarixining, Markaziy Osiyo allomalari ijodi va ajdodlarimizning boy merosini saqlovchi noyob kutubxona hisoblanadi.
Kutubxonani jihozlash va avtomatlashtirish, kitoblarni RFID texnologiyasi yordamida belgilash, ochiq fondni tashkil etish hamda elektron katalog orqali foydalanishni taʼminlash ushbu loyihaning zamonaviy texnologik yechimlari qatoriga kiradi.
Ravshan QODIROV, ITsM Kutubxona va arxiv hujjatlar boʻlimi boshligʻi:
– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalari orasida muhim yoʻnalishlardan biri markaz kutubxonasidir. Kutubxonada oʻz konsepsiyasidan kelib chiqib, fondni shakllantirishda Oʻzbekistonda yetishib chiqqan olimu ulamolar va ular asos solgan ilmiy-maʼrifiy maktablar haqidagi manbalarni jamlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, Oʻzbekiston va xorijda nashr qilingan adabiyotlar, qoʻlyozmalar hamda arxeologik yodgorliklar bilan kutubxona fondini boyitishga qaratilgan.
Yana bir muhim yoʻnalish koʻrgazma loyihasi boʻlib, “Qogʻoz – elektron kitob – sunʼiy intellekt” nomli maxsus koʻrgazma kutubxona foyesida tashkil etiladi. Bu yerda kitobat tarixining bosqichlari amaliy tarzda koʻrsatiladi: qadimgi qoʻlyozmadan tortib, sunʼiy intellektgacha!
Yangi xorijiy va milliy nashrlar ham kutubxona fondiga qoʻshilib, zamonaviy elektron katalogga kiritilmoqda. Bu orqali oʻquvchi oʻziga kerakli asarni tez va oson topa oladi.
Arab, fors, turk, rus, hatto Yevropa tillaridagi ilmiy tadqiqotlar bir markazda jamlanishi esa Markaz kutubxonasining xalqaro darajadagi ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi — bu oʻtmishdan kelajak sari yoʻl olgan maʼrifat karvoni.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
