“Katta Langar Qurʼoni” saqlangan masjid restavratsiya qilindi

Qashqadaryo viloyatining togʻli Langar qishlogʻida joylashgan XV-XVI asrlarga oid noyob meʼmoriy yodgorliklardan biri — “Langar ota” masjidi restavratsiya qilindi.

 

Restavratsiya ishlari AQSh Elchilari madaniy meros muhofazasi jamgʻarmasi (AFCP) madadi bilan va Chikago universiteti ilmiy rahbarligida amalga oshirildi. Xalqaro mutaxassislar ishtirokidagi taʼmirlash ishlari bezakli naqshlar, ustunlar, mozaikalar va xattotlik bitiklarini qamrab oldi, deya xabar beradi Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi. 

 

Ushbu masjidda uzoq vaqt davomida eng qadimiy Qurʼon qoʻlyozmasi – “Katta Langar Qurʼoni” saqlangan. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra, uning yaratilgan vaqti VIII asrning oxirgi choragiga toʻgʻri keladi. Qolaversa, ushbu Qurʼon uchinchi xalifa Usmon shaxsi bilan bogʻliq boʻlib, muqaddas kitob uning qoʻl ostida bitilgan.

 

Qurʼonning umumiy hajmi 206 sahifani tashkil etishi mumkin. Hozirda nomaʼlum xattot tomonidan bitilgan qoʻlyozmaning atigi 98 sahifasi saqlanib qolgan. 1936 yilda Qurʼonning 81 sahifasi Peterburgdagi Sharq qoʻlyozmalari institutiga topshirilgan. Qolgan 17 sahifa Oʻzbekistonda saqlanmoqda. 

2018 yilda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan Sankt-Peterburgda saqlanayotgan “Katta Langar Qurʼoni”ning faksimile qoʻlyozmasini Oʻzbekistonga qaytarishga erishildi.