“Maʼrifat karvoni”ning navbatdagi manzili Olmaliq shahri
“Maʼrifat karvoni” loyihasi mamlakatimiz boʻylab maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini keng yoyish, aholining turli qatlamlari bilan bevosita muloqotga kirishish, ayniqsa, yoshlar ongida milliy gʻurur, tarixiy xotira va zamonaviy tafakkurni uygʻotish borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur loyiha doirasida Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida ham qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kolleji majlislar zalida “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori” mavzusida ilmiy-maʼrifiy forum boʻlib oʻtdi. Tadbirda kollejning oʻqituvchilari, talabalar, hududdagi faollar, nuroniylar hamda “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi”ning masʼul xodimlari ishtirok etdilar.
Forum davomida ishtirokchilarga mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Maʼruzachilar ushbu Markazning nafaqat meʼmoriy jozibadorligi, balki uning ilmiy-maʼrifiy salohiyati, kelajakda dunyo miqyosida islom olamining ilmiy markazlaridan biriga aylanishi kutilayotgani haqida fikr bildirdilar. Xususan, markaz bino loyihasining gʻoyaviy asoslari, qurilish ishlari jarayonida qoʻllanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, meʼmoriy uslublarning tarixiylik bilan uygʻunligi haqida muhim maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, forum ishtirokchilari qurilish jarayonida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, qadimiy qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish, diniy-falsafiy merosni oʻrganish va uni yoshlarga yetkazish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar bilan tanishtirildi. Markaz vakillari tomonidan berilgan taqdimotlar orqali yurtimizda tarixiy xotirani tiklash, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini keng yoyish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi amaliy ishlar yoritib berildi.
Forum yakunida talabalar va ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildilar, ochiq muloqot tarzida kechgan bahs-munozaralarda oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar. Ushbu muloqotlar, albatta, yoshlar qalbida vatanparvarlik, tarixiy merosga hurmat va milliy oʻzlikni anglash tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
“Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasidagi bunday ilmiy-maʼrifiy forumlar mamlakatimizda yangi Renessans davri poydevorini mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash, ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish va ommalashtirishda muhim oʻrin tutmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
