BIBIXONIMGA ALOQADOR MUHIM TOPILMA ANIQLANDI
Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Shodimulk,Xadichabegim, Xonzodabegim, Gulabadanbegim... Temuriylar saroyiga mansub malikalar haqida juda koʻp eshitganmiz, tarixiy manbalar, kitoblarda oʻqiganmiz. Ammo hech bir manbada ularning qiyofalarini aniq uchratmaymiz. Faqatgina ularga berilgan taʼrifu tavsiflardan xayolan qiyofalarini oʻzimiz uchun gavdalantirganmiz. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirish doirasida olib borilayotgan izlanishlar, oʻrganishlar natijasida olimlar Sohibqiron Amir Temurning alohida hurmatiga sazovor boʻlgan, «Katta xonim» yoki «Bibixonim» unvoniga loyiq koʻrilgan temuriy malika Saroymulkxonim bilan bogʻliq shov-shuvli yangilikka guvoh boʻlishdi.
Temuriylar saroyiga mansub malikalar haqida soʻz yuritilar ekan, Amir Temurning umr yoʻldoshi, oʻzining yuksak aql-zakovati, goʻzalligi bilan Sohibqironning alohida hurmatiga sazovor boʻlgan, «Katta xonim» yoki «Bibixonim» unvoniga loyiq koʻrilgan Saroymulkxonim ning nomi alohida tilga olinadi.
Ispaniyalik sayyoh Klavixoning eʼtirofi
Yurtimiz tarixini, jumladan, temuriy malikalar liboslarining oʻzgacha prototipi va goʻzallik sirlarini oʻrganib, hashamdorlik oʻzbek davlatchiligida ham azaldan mavjud ekanini bilish mumkin. Shu bilan birga, Turon ayollari goʻzallikdan tashqari, oʻzlarining aqlu zakovati, siyosiy maydonda oʻz soʻziga va harakat strategiyasiga ega boʻlgani bilan ajralib turadi. Buni ispaniyalik sayyoh Klavixoning «Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi» asari ham tasdiqlaydi: «Hamma oʻz joyini egallagach, chodirlarning biridan Sohibqironning katta zavjasi Bibixonim chiqib keldi. U qizil matodan, tilla iplar bilan juda keng qilib tikilgan uzun koʻylak kiyib chiqdi. Koʻylak juda uzun ediki, orqasidan oʻn beshga yaqin kanizaklar kuzatib yurishardi. Xonimning yuzi shunchalik oq narsa bilan boʻyalgan ediki, xuddi uzoqdan oq qogʻoz boʻlib koʻrinardi. Bu oq upa yogʻi quyoshdan saqlanish uchun surtilardi. Bibixonimning yuzi yupqa, nozik oq mato bilan berkitilgan, boshida qizil matodan bosh kiyimi bor, bosh kiyimdan yelkasigacha yupqa mato tushib turardi. Uzun bosh kiyim qimmatbaho dur-gavharlar bilan bezatilgandi. Malikaning sochlari juda qora, yelkasiga tushib turardi. Bu yer xotinlari sochlari qora rangda boʻlishini yoqtirishar va baʼzida qora rangga boʻyashardi. Bibixonimning yonida bir odam qoʻlida soyabon koʻtarib, uni quyoshdan toʻsib kelardi. Soyabon oq ipak matodan, xuddi chodirga oʻxshash dumaloq shaklda tikilgandi. Bibixonim sohibqiron oʻtirgan maydonchaga, davraning toʻriga chiqib, uning yonida oʻtirdi.”
Amir Temurning “Koʻragon” unvoniga sabab boʻlgan malika
Saroymulkxonim chigʻatoy ulusiga mansub moʻgʻul xonlaridan Qozonxonning qizi boʻlib, 1341 yilda tugʻilgan. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatl qilingan chogʻda Saroymulkxonim hali besh yoshda edi. Saroymulkxonim balogʻatga yetgach, 1355 yilda Movarounnahr hukmdori amir Qozogʻonning nabirasi amir Husayn uni nikohiga kiritdi.
1370 yilda sohibqiron Amir Temur jangda amir Husaynni yengib, uni qatl qildirgach, Movarounnahr hukmronligini oʻz qoʻliga oladi. Sohibqiron Amir Temur amir Husaynning haramidagi bir necha malikalar bilan Qozonxonning qizi — Saroymulkxonimni ham tanlab olib, idda muddati uch oy oʻtgach, oʻz nikohiga kiritadi. Saroymulkxonimni oʻz nikohiga kiritgach, sohibqiron Amir Temur «koʻragon» unvoniga musharraf boʻldi. Koʻragon iborasi moʻgʻulcha soʻz boʻlib, «kuyov» degan maʼnoni ifodalaydi. Zero, Saroymulkxonim moʻgʻul xonlaridan birining qizi boʻlgani tufayli sohibqiron Amir Temur moʻgʻul xonining kuyovi, yaʼni «Amir Temur Koʻragon» nomini olgan edi.
Temuriylar anʼanasi
Sohibqiron saroyida tugʻilgan shahzodalarni yoshligidanoq Saroymulkxonim tarbiyasiga topshirish anʼana boʻlgan. Uning tarbiyasini olgan Shohruh Mirzo, Xalil Sultonning sanʼat va adabiyotga, Mirzo Ulugʻbekning ilmu fan va adabiyotga, musiqaga mehr qoʻyishi fikrimizning yorqin dalilidir. Bu anʼana keyinchalik Boburiylar davrida ham saqlanib qoldi. Shohruh Mirzoning xotini Gavharshodbegim, Boburning onasi Qutlugʻ Nigorxonim, katta onasi Eson Davlatbegim, opasi Xonzodabegim, Jahongirning xotini Nurjahon, Shoh Jahonning qizi chizmachi-meʼmor Jahonaro, Shoh Jahonning xotini Mumtoz Arjumand Bonu va keyin yashab ijod etgan shoiralar, shuningdek, oqila davlat arboblarini yetishtirgan xalqning yuksak madaniyatli boʻlganligini payqash qiyin emas.
Shu kunga qadar Saroymulkxonimning suratiborligini koʻpchilik bilmasa kerak. AQShning Sietl sanʼat muzeyida saqlanayotgan SharofiddinAli Yazdiyning “Zafarnoma” asari qoʻlyozmasiga ishlangan miniatyurada Saroymulkxonimning Samarqanddan Shohruh ibn Temur va Xalil Sulton ibn Mironshoh bilan Eron shimoli-gʻarbidagi Temur qarorgohiga qilgan sayohati tasvirlanganligi maʼlum boʻldi. Sanʼatshunos Prissilla Suchekning fikricha, Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilgan Amir Temur tarjimai holidagi Saroymulkxonimning vafotidan keyingi qoʻlyozmasiga ishlangan suratda uning miniatyurasida Temurning oʻgʻillaridan biri – yosh Shohruh bilan birga tasvirlangan. Bu tasvir Saroymulkxonim vafotidan 30 yil oʻtib yaratilganligi taxmin qilinmoqda. Suratdan Saroymulkxonimning otda oʻtirgani, oʻgay oʻgʻli Shohrux bilan solishtirilganda uning mavqei yuqori, izzat-hurmatda boʻlganini koʻrish mumkin. Oʻshanda Shohrux 10 yoshda boʻlgan. Tarixiy manbalarda nomlari keltirilgan ayollar bilan bogʻliq voqealar baʼzan qoʻlyozma suratlarda ham oʻz aksini topgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari qoʻlyozma nusxasida Saroymulkxonim va Xonzodabegim hayotidagi voqealar ham tasvirlangan.
Matndagi maʼlumotga koʻra, suratda Saroymulkxonim lashkarlari Temur qarorgohidan ularni kutib olish uchun yuborilgan bir guruh otliqlar bilan uchrashgan paytini koʻrsatishi kerak boʻlsa-da, goʻyoki ularning sayohati tasvirlangandek taassurot uygʻotadi. Chap tarafdagi otliqlar Saroymulkxonim va uning xizmatkorlari, oʻng tarafdagi erkaklar esa oʻsha paytda oʻn yoshda boʻlgan Shohruxning xizmatkorlari boʻlishi mumkin. Sanʼatshunos Prissilla Suchekning yozishicha, bu voqea 1387 yilda, Saroymulkxonim Temur bilan Eron shimoli-gʻarbida uchrashib, u yerda targʻibot ishlarini olib borganida sodir boʻlgan. Oʻsha paytda Miron Shoh 21 yoshda, Shohruh esa 10 yoshda boʻlsa-da, oʻgay onasiga sayohatlarda hamrohlik qilgan. Xalil Sulton esa 3 yoshli bola boʻlgan.
Bu miniatyura Temuriy malikalarning qiyofalaribilan bogʻliq xayoliy tasavvurlarni reallashishigaxizmat qiluvchi noyob manba, deyish mumkin.
Lola Shoimova
Maqolani markaz saytiga havola bergan holda koʻchirib eʼlon qilish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
