Tibbiy ensiklopediyalar erasi Notiliydan boshlanadimi?
Bugun internet orqali birgina soʻrov bilan yuzlab dorilar, ularning taʼsiri va nojoʻya holatlari haqida maʼlumot topish mumkin. Sunʼiy intellekt orqali bemorning holatiga qarab kerakli tavsiyalar olinyapti, zamonaviy tibbiyot esa milliardlab insonlar hayotini uzaytirishga xizmat qilmoqda. Tibbiyotda ensiklopedik yondashuv aslida qachondan boshlangan? Abu Ali ibn Sinodan avval tibbiyotning asoslari boʻlmaganmi? Insoniyat tafakkuri tibbiyotning bugungi darajasiga qanday yetib keldi?
Shu savollarga javob izlab, ortga — X asrga, ilm-fan zaminini yaratgan buyuk tafakkur sohiblari tomon yuzlanamiz. Ularning orasida bir buyuk alloma bor — koʻpchilik uchun uning ismi unutilgan, ammo ilm olami ahli uchun bebaho hisoblanadi: Abu Abdulloh al-Husayn ibn Ibrohim at-Tabariy an-Notiliy. Bu buyuk shaxs Abu Ali Ibn Sinoning ilmga kirib kelishida hal qiluvchi oʻrin tutadi. Aynan an-Notiliy uning oʻqituvchisi, falsafa va mantiq asoslarini oʻrgatgan ustozlaridan biri boʻlgan. Shu bilan birga, tibbiyot tarixida ensiklopedik tafakkurni shakllantirgan peshqadamlardan biri hisoblanadi.
An-Notiliy milodiy I asrda yashagan mashhur yunon tabibi Disqiridus Pedaniyning yunon tilidagi “Materia Medica” kitobini arab tiliga tarjima qilib, uni arab olimlariga yetkazdi. Natijada, ilgari faqat ogʻzaki oʻtilgan va tartibsiz boʻlgan tibbiy bilimlar endi yozma, aniq va tushunarli holga keldi. Bu ishlar aynan Notiliy kabi olimlar tufayli boshlangan.
Bugun biz ushbu alloma haqida yozilgan sahifalarni varaqlarkanmiz, faqat tarix emas, balki oʻzligimizni, ilmga boʻlgan qadimiy qarashlarimizni qaytadan anglaymiz.
Tarixiy manbalarga koʻra, an-Notiliy tabiatshunoslik va tibbiyot sohalarida ham mustaqil asarlar yozgan. Bu asarlar islomiy tibbiyotning ilmiy asoslarga tayangan holda shakllanishiga yordam bergan. Uning hayoti va faoliyatining koʻpgina jihatlari haligacha yetarlicha oʻrganilmagan boʻlsa-da, mavjud tarixiy maʼlumotlar va asarlar tahlili u haqida chuqur ilmiy xulosalar chiqarish imkonini beradi.
An-Notiliy faoliyat koʻrsatgan davr, yaʼni X asr, islom sivilizatsiyasida ilm-fanning jadal rivojlangan, Bayt al-Hikma, Samarqand, Buxoro va Nishopur kabi markazlarda ilmning gullab-yashnagan davri hisoblanadi. Ushbu madaniy muhitda vujudga kelgan olimlar orasida an-Notiliyning oʻrni alohida boʻlib, u qadimgi yunon ilmlarini islomiy eʼtiqod doirasida qayta jonlantirish va ularni sharq ulamolariga yetkazishda vositachi vazifasini oʻtagan.
Mashhur tarixchi va biobibliograf Ibn an-Nadim oʻzining asarida yunon ilmlarini arab dunyosiga olib kirgan olimlar orasida an-Notiliyning nomini ham tilga oladi. Shuningdek, Ibn Sinoning oʻz avtobiografik maʼlumotlarida an-Notiliydan foydalangani haqida keltirgan maʼlumotlari bu olimning naqadar buyuk ustoz sifatida tan olinganini tasdiqlaydi.
An-Notiliyning hayoti va faoliyati islom ilm-fan taraqqiyotida tarjima maktablarining oʻrnini, yunon manbalarining qayta tiklanishini va ilm ahli oʻrtasidagi ustoz-shogird munosabatining qanchalik muhim boʻlganini yaqqol koʻrsatib beradi. Uning ilmiy merosi nafaqat oʻz davrida, balki keyingi asrlar ilm sohasi uchun ham ulkan ilhom manbai hisoblanadi.
An-Notiliy hayoti va zamonaviy ijtimoiy-madaniy muhit
Abu Abdulloh al-Husayn ibn Ibrohim at-Tabariy an-Notiliy X asrda yashagan yirik olimlardan biridir. Uning tugʻilgan joyi va aniq hayoti haqida toʻliq maʼlumotlar saqlanmagan boʻlsa-da, u oʻz faoliyatini koʻproq Xuroson, ayniqsa, Buxoro va unga yaqin ilmiy markazlarda olib borgani haqida maʼlumotlar bor. Bu davr – musulmon Sharqida ilm-fan, falsafa va tibbiyot sohalarining jadal taraqqiy etgan davri boʻlib, an-Notiliy ham ayni shu ilmiy muhitning yetuk vakillaridan biri sifatida namoyon boʻlgan.
X asr — musulmon sivilizatsiyasining "Oltin davri" deya taʼriflanadigan davrdir. Bu davrda ilm-fan, tibbiyot, falsafa, matematika, kimyo va boshqa fanlar mislsiz darajada rivoj topdi. Xalifa al-Maʼmun (813–833) tomonidan Bagʻdodda tashkil etilgan "Bayt al-Hikma" (Donishmandlar uyi) markazi bu yuksalishning muhim markaziga aylangan edi. Bu ilmiy muhitda qadimgi yunon, hind va fors manbalari arab tiliga tarjima qilinib, ularning ilmiy-maʼnaviy boyliklari qayta tahlil qilindi. Mazkur harakatda faqat Bagʻdod emas, balki Buxoro, Samarqand, Ray, Isfahon, Nishopur kabi shaharlarda ham yirik ilmiy maktablar shakllandi.
Manbalarga koʻra, (Nasr, S.H. Sciyence and Civilization in Islam, Harvard University Press) aynan shu davrda yashagan olimlar orasida an-Notiliy oʻzining keng qamrovli bilim doirasi, qadimgi yunon tabobatini arab dunyosiga yetkazgan tarjimonligi va ayniqsa, buyuk tabib Ibn Sinoga bergan taʼlimi bilan ajralib turadi. An-Notiliy ilm-fan, tibbiyot va falsafa sohalarida chuqur iz qoldirgan boʻlib, u nafaqat oʻz davrining, balki keyingi avlodlar uchun ham muhim manba boʻlib xizmat qilgan.
Shunday qilib, an-Notiliyning hayoti va faoliyati islom uygʻonish davrining ilmiy-falsafiy taraqqiyotida oʻziga xos oʻrin tutadi. U faoliyat yuritgan davr va muhitni tahlil qilish orqali biz nafaqat uning shaxsiy yutuqlarini, balki Sharq sivilizatsiyasining umumiy ilmiy rivojlanishini ham chuqurroq anglashimiz mumkin.
Ilmiy faoliyati va asosiy yoʻnalishlari
An-Notiliy oʻzining ilmiy faoliyatida bir nechta yoʻnalishda samarali ishlagan. Eng avvalo, u qadimgi yunon ilmlarini arab tiliga tarjima qilish va ularni sharhlash bilan shugʻullangan. Shu bilan birga, u tibbiyot, dorishunoslik, tabiiy fanlar, falsafa va mantiq kabi sohalarda chuqur bilimga ega boʻlgan.
Uning eng muhim jihatlaridan biri – oʻsha davrda mavjud boʻlgan ilmiy kashfiyotlar va nazariyalarni, ayniqsa yunon falsafasini musulmon olamining diniy va falsafiy qarashlari bilan uygʻunlashtirishga intilganidir. Bu jihatdan u oʻz zamonasining ilgʻor mutafakkiri sifatida qadrlanadi.
“Kitob al-Hashoish” tarjimasi va uning ilm-fanga taʼsiri
An-Notiliy ilm-fanga qoʻshgan eng muhim hissalaridan biri bu –Disqiridus Pedaniyning "De Materia Medica" asarini arab tiliga tarjima qilganidir. Bu asar arab tilida "Kitob al-Hashoish" (Dori vositalari) nomi bilan mashhur boʻlgan.
Disqiridusning ushbu asari oʻz ichiga 750 ga yaqin dorivor vosita, ularning aksariyati – oʻsimliklar haqida maʼlumot beradi. Ularning 570 tasi aynan oʻsimliklar boʻlib, ularning xususiyatlari, yetishtirilishi, shifobaxshligi va qoʻllanilish usullari haqida aniq tavsiflar berilgan. An-Notiliy bu asarni tarjima qilishda nafaqat matnni soʻzma-soʻz tarjima qilgan, balki unga tushunarli izohlar, arab ilmiy maktabiga mos sharhlar ham qoʻshgan.
Bu tarjima orqali Islom olamidagi tabiblar va dorishunoslar ushbu bebaho bilimlardan keng foydalana boshladilar. Ilgari "Bayt al-Hikma"da ishlagan tarjimonlardan biri – Isti fan ibn Basil tarjimasida koʻplab dorilar yunon tilidagi nomda berilgan boʻlsa, bu an-Notiliy tomonidan toʻliq arablashtirildi. Bu esa ilmning ommalashuviga xizmat qildi.
Notiliyning taʼlimiy uslubi va mashhur shogirdi
An-Notiliy oʻz davrining mashhur ustozlaridan boʻlgan. U yoshlarga, ayniqsa, isteʼdodli va ilmga chanqoq shogirdlarga bilim berishni oʻzining muqaddas burchi deb bilgan. Uning shogirdlaridan eng mashhuri bu – Abu Ali ibn Sinodir.
Ibn Sino oʻzining tarjimai holida aytib oʻtganidek, otasi Abdulloh oʻz davrining bilimdon va ilmga hurmatli kishisi boʻlib, an-Notiliyni oʻz uyiga taklif qilib, unga oʻgʻlini topshirgan. An-Notiliy Ibn Sinoga mantıq, falsafa va boshqa nazariy ilmlarning asoslarini oʻrgatgan. Bu Ibn Sinoning keyingi yillaridagi yuksak ilmiy darajasiga poydevor boʻlgan.
An-Notiliyning taʼlim berish uslubi zamonaviy pedagogik uslublarga juda yaqin edi. U avvalo nazariy bilimlar orqali fikrlashni oʻrgatgan, keyin esa amaliy mashgʻulotlar orqali chuqurlashtirgan. Shogirdining salohiyatini toʻgʻri baholab, unga erkin fikrlash imkoniyatini bergan.
Ilmiy merosi va bugungi tadqiqotlar
An-Notiliy tomonidan yozilgan asarlarning baʼzilari bizgacha yetib kelgan boʻlsa-da, koʻpchiligi hali chuqur oʻrganilmagan. Ayniqsa, u tomonidan yozilgan tabiiy fanlarga oid asarlar bugungi kunda nodir qoʻlyozmalar shaklida baʼzi Sharq kutubxonalarida saqlanmoqda.
Zamonaviy sharqshunos olimlar, tibbiyot tarixi boʻyicha mutaxassislar an-Notiliyning tarjimalari va ilmiy izlanishlarini qadrlab, ularni qadimgi yunon ilmlarining islom olamiga kirib kelishida muhim qadam deb hisoblaydilar.
Bugungi kunda an-Notiliy merosini chuqur oʻrganish – Islom uygʻonish davri ilmiy maktablarini tiklash, Oʻrta asr Sharqida shakllangan bilimlar tizimini anglash uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, u orqali Ibn Sino maktabining ilk bosqichlari, oʻsha davrdagi ustoz-shogird anʼanalari, ilmiy uslublari haqida muhim xulosalar chiqarish mumkin.
Al-Fargʻoniy, Ibn Sino ilmiy maktablarining poydevori
Sivilizatsiya taraqqiyotining muhim poydevorlaridan biri – bu ilm-fan merosidir. Islom sivilizatsiyasi aynan ana shunday bilim asoslari bilan jahonga tanilgan. An-Notiliy esa ushbu sivilizatsiya poydevori asoschilaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Uning yunon ilm-fanini tarjima qilish, tahlil etish va tizimlashtirishdagi beqiyos xizmati tufayli keyinchalik Al-Fargʻoniy, Ibn Sino kabi allomalar oʻz ilmiy maktablarini shakllantira oldilar.
Sivilizatsiya yutuqlarining zamirida ana shunday tarixiy shaxslar faoliyati mujassam. Bugungi kunda ham ularning merosi dolzarbligini yoʻqotmagan. Shu bois, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi ekspozitsiyalarida An-Notiliy haqida eng noyob va qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlishingiz mumkin.
Bugungi kunda uning merosini chuqur oʻrganish, ilmiy muomalaga olib kirish, qoʻlyozmalarini nashr ettirish – nafaqat tarixiy xotira, balki zamonaviy ilmiy taraqqiyot uchun ham muhim qadamlardan biridir.
Husan TURSUNOV
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini ko‘rsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
