20 dan ortiq davlatda aniqlangan Oʻzbekistonga oid nodir qoʻlyozmalar yurtga qaytariladimi?
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, AQSh, Germaniya, Eron, Misr, Italiya, Irlandiya kabi yigirmadan ziyod davlatlarda “Oʻzbekistonga oid nodir qoʻlyozmalar jahon toʻplamlarida” loyihasi doirasida ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalari tashkil etilgan. Unda Oʻzbekistonga oid nodir qoʻlyozmalar aniqlangan. Ular orasida Mirzo Ulugʻbek davrida koʻchirilgan “Suvar al-Kavokib” qoʻlyozmasi, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” qoʻlyozmasi kabilar bor.
Oʻzbekiston xalqining boy maʼnaviy merosi, madaniyati va ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi jahon ilm ahli tomonidan chuqur oʻrganib borilmoqda. Ayniqsa, buyuk allomalarimiz tomonidan yaratilgan nodir qoʻlyozma asarlar hozirgi kunda dunyoning turli burchaklaridagi muzeylar, kutubxonalar va shaxsiy kolleksiyalarda yetuk ilm namunasi sifatida saqlanib kelmoqda.
Oʻtmishda yurtdoshlarimiz tomonidan yaratilgan bebaho asarlar bugungi kunda nafaqat tarixiy ahamiyatga, balki maʼnaviy va ilmiy jihatdan ulkan qiymatga ega. Shu bois, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan bir qator qaror va farmonlar doirasida ushbu ilmiy xazinani izlash, oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2017 yilda qabul qilingan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq qilish va targʻib qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy yodgorliklarni tadqiq etish markazini taʼsis qilish toʻgʻrisida”gi qaror mazkur sohadagi ishlarni yanada yangi bosqichga koʻtardi.
“Oʻzbekistonga oid nodir qoʻlyozmalar jahon toʻplamlarida”
Ana shu ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarishda “Oʻzbekistonga oid nodir qoʻlyozmalar jahon toʻplamlarida” loyihasi muhim oʻrin tutadi. Bu loyiha xalqimizning maʼnaviy boyliklarini, ilmiy merosini tiklash, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, jahon jamoatchiligiga oʻzbek sivilizatsiyasining ulkan hissasini namoyon etishga qaratilgan.
Loyiha doirasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, AQSh, Germaniya, Eron, Misr, Italiya, Irlandiya kabi yigirmadan ziyod davlatlarda ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalari tashkil etildi. Ushbu ekspeditsiyalar davomida koʻplab kutubxona, muzey va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi, faksimile nusxalarni yurtimizga olib kelish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.
Ayni vaqtga qadar “Katta Langar Qurʼoni”, Mir Haydar Xorazmiyning “Meʼrojnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Husayn Boyqaroning “Devon”i, “Temur tuzuklari”, Mirhondning “Ravzatus-safo”si kabi nodir asarlarning faksimil nusxalari tayyorlanib, yurtimizdagi ilmiy muassasalarga taqdim etildi.
Mazkur loyiha nafaqat tarixiy hujjatlarni qaytarish, balki ularni ilmiy tadqiq etish, tarjima qilish, elektron bazalar yaratish va keng ommaga taqdim etishda ham muhim oʻrin tutayapti. Shu bilan birga, loyiha doirasida tayyorlanayotgan kitob-albomlar oʻquvchilarga nafaqat maʼlumot, balki maʼnaviy boylik ham baxshida etmoqda.
Tarixiy adolatni tiklashda keng qamrovli yondashuv
Aytish joizki, bugungi kunda Oʻzbekiston qoʻlyozma merosi deganda faqat oʻzbek adabiyoti yoki tarixiga aloqador shaxslarning asarlari emas, balki tarixan yurtimiz hududida tarqalgan, boshqa til va xalqlarga mansub boʻlsa-da, xalqimiz tomonidan qoʻllanilgan va asrab-avaylangan asarlar ham nazarda tutiladi. Bunday keng qamrovli yondashuv tarixiy adolatni tiklashga, xalqimizning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini toʻliq aks ettirishga xizmat qiladi.
IX–XI asrlarda musulmon Sharqida yuzaga kelgan uygʻonish davri va XIV asrning ikkinchi yarmida Amir Temur tomonidan tamal toshi qoʻyilgan Temuriylar Renessansi davri Oʻzbekiston zaminidan koʻplab buyuk allomalarni yetkazib berdi. Ushbu buyuk ulamolar tomonidan yaratilgan ilmiy asarlar jahon ilm-fani rivojiga asos boʻlib xizmat qilgan, ular turli tillarga tarjima qilingan va xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan katta eʼtiborga sazovor boʻlgan.
Buyuk ajdodlarimiz matematika, geografiya, astronomiya, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya, tibbiyot va jamiyatshunoslik kabi koʻplab ilmiy yoʻnalishlarda betakror asarlar yaratishgan. Ushbu asarlar asrlar davomida Sharq madrasalari va Gʻarb universitetlarida oʻrganilgan, ularning koʻpchiligi bugungi kunda dunyoning eng yirik kutubxonalari va ilmiy markazlarida saqlanmoqda.
Fransiyada
Jumladan, Parij (Fransiya)dagi Fransuz Milliy Kutubxonasida Mirzo Ulugʻbek davrida koʻchirilgan “Suvar al-Kavokib” qoʻlyozmasi mavjud boʻlib, uning sahifalarida burjlar va yulduzlar jadvali hamda Mirzo Ulugʻbekning portreti oʻrin olgan. Shuningdek, shu kutubxonada Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” qoʻlyozmasi ham saqlanadi. Bu asar XII asrda lotin tiliga tarjima qilingan va keyinchalik butun Yevropaga tarqalgan. Undan biri AQShdagi Yel tibbiy-tarixiy kutubxonasida ham uchraydi.
Rossiyada
“Tib qonunlari”ning ilk qoʻlyozmalaridan biri Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanadi. Bu noyob asarni Jan Jak Russoning jiyani Jan Batist Lui Russo Yaqin Sharqdan olib kelgan va 1819 yili Rossiya imperator fanlar akademiyasiga sovgʻa qilgan. AQSh Milliy tibbiyot kutubxonasida ham ushbu asarning betakror nusxalari saqlanadi.
Italiyada
Italiyaning Bolonya universitet kutubxonasida “Tib qonunlari”ning ivrit tilidagi ikkita tarjimasini ham koʻrish mumkin. Bu kitob XV asrning birinchi yarmida Italiyada chop etilgan va turli suvratlar bilan bezatilgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi 2025 yil fevral oyida ushbu kutubxonada boʻlib, Oʻzbekistonga oid yana bir qator qoʻlyozmalar topilgani maʼlum qilishgan edi. Oʻzbekistondan malakali mutaxassislarni ushbu merosni oʻrganish uchun yuborish masalasida kelishuvga erishildi.
Buyuk Britaniyada
Oksford (Buyuk Britaniya)dagi Bodlean kutubxonasida al-Xorazmiyning “Muxtasar min hisob al-jabr va-al-muqobala” asari saqlanayotgan boʻlib, bu asar zamonaviy algebra fani uchun asos hisoblanadi. Shu kutubxonada Mirzo Ulugʻbekning astronomiya maktabi namunasi boʻlgan “Ziji Jadidi Koʻragoniy” nomli asarining nodir nusxasi ham saqlanadi. Bu qoʻlyozma taxminan 1473 yilda Mirzo Ulugʻbekning suyukli shogirdi Ali Qushchi tomonidan Istanbulga olib kelingan va 1638 yilda ingliz olim Jon Greyvz tomonidan Angliyaga olib ketilgan. Qoʻlyozmada ushbu olimning shaxsiy dastxatlari ham mavjud.
Xulosa qilib aytganda, “Oʻzbekistonga oid nodir qoʻlyozmalar jahon toʻplamlarida” loyihasi madaniy merosimizni tiklash, saqlash va dunyo miqyosida targʻib etish yoʻlida qoʻyilgan muhim va kelajakka qaratuvchi qadamlardan biridir.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
