Oʻzbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasining 6 asosiy yoʻnalishi tahlil qilindi
Yigʻilishda Kengash aʼzolari, Ishchi guruh rahbarlari va yetakchi olimlar – OʻzRFA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, Oʻzbekiston tasviriy sanʼati akademigi Akbar Hakimov hamda markaz rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda markaz ekspozitsiyasining 6 asosiy yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Jumladan:
- "Qurʼoni karim" zali
- "Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari"
- "Birinchi Renessans davri"
- "Ikkinchi Renessans davri"
- “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori”
Shu bilan birga, xorijiy muzeylarda saqlanayotgan va Oʻzbekistonga daxldor boʻlgan 350 ga yaqin eksponat koʻrib chiqildi va ularni tanlab olish ishlari boshlab yuborildi.
Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov oʻz chiqishida shunday taʼkidladi:
— Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan ushbu markaz ekspozitsiyasini boyitish maqsadida xorij muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan yurtimizga oid artefaktlarni olib kelish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bir qator eksponatlar markazning ochilish marosimiga tayyor holatda boʻladi. Shuningdek, respublikadagi muzeylar ham 20 tadan eng noyob eksponat taqdim etishi rejalashtirilgan.
Yigʻilishda "Islomdan avvalgi davr" ekspozitsiyasi boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida ekspozitsiya koordinatori Anvar Matniyazov maʼlumot berdi:
— Bu ekspozitsiyaga vaqt devori orqali kiriladi. U 6 ta sektordan iborat boʻlib, Baqtriyadan boshlanadi. Turkiyalik dizaynerlar bilan hamkorlikda ish olib borilyapti. Mulyajlar, faksimilelar va qoʻlyozmalar boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Shuningdek, yurtimizdagi 60 ta tarixiy qalʼa oʻlchamlari toʻplanib, sistemalashtirildi.
Qadimgi Xorazm, Soʻgʻd, Choch sivilizatsiyalariga oid tasviriy sanʼat, haykalchalar, tangalar va uy-roʻzgʻor buyumlari xalqaro koʻrgazmada namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.
Vaqt devori kompozitsiyasida sharq miniatyuralari ham taqdim qilindi. Bu kompozitsiya turli davrlardagi siyosiy va ijtimoiy voqealarni badiiy tasvirlar orqali namoyon etadi:
- Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari – barelef uslubida,
- Birinchi Renessans – mahobatli rangtasvir uslubida,
- Ikkinchi Renessans – Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib va Muhammad Murod Samarqandiy kabi miniatyura maktabi asoschilari uslubida.
Oʻzbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov rahbarligidagi ijodiy guruh ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritmoqda.
Yigʻilish yakunida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan tayyorlangan olimlar hayoti va merosiga bagʻishlangan videoroliklar namoyish etildi. Ilmiy kengash aʼzolari ushbu videomateriallar mazmunan va vizual jihatdan zamonaviy talablarga mos boʻlishi zarurligini taʼkidlashdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
