Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish emas, balki oldini olish ustuvor

Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi O‘zbekistonda davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Buni Prezidentimiz raisligida va xalq vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi misolida ham ko‘rish mumkin.

Xususan, oxirgi yetti-sakkiz yil davomida Prezidentimiz tomonidan jamiyatda eng ko‘p va qizg‘in muhokama qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik ba’zasi takomillashtirildi, parlament palatalarida ushbu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati tashkil etilgani qisqa vaqt ichida o‘zining ijobiy natijasini berdi.

Prezidentimiz tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida bir qator ustuvor vazifa va tashabbuslar ilgari surildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanib, ularga ilgarigidek hokimlar emas, xalq deputatlari viloyat Kengashi raislari rahbarlik qilishi taklif etildi. Hududiy kengashlar xalq orasiga tushib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashi, ularga barham berishi uchun qaysi qonunni o‘zgartirish zarur, degan savollarga javob topishi kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy yo‘nalishdagi ishlar endi tuman va mahallada jinoyatchilikni jilovlash, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ham joriy qilinishi aytib o‘tildi. Sababi — jinoyatchilik jilovi mahkam bo‘lgan xavfsiz joyga investor ko‘proq mablag‘ kiritadi, odamlarimizning ishonchi yanada ortadi.

Yana bir muhim tashabbus bu xalqimiz va jamoatchilik faollari tomonidan uzoq kutilgan mavzu – davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilishni tezlashtirish taklifidir. Prezidentimiz mutasaddilarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1-aprelgacha kiritishni topshirdi.

Qonun loyihasini tayyorlashda noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasini ham o‘ylab ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni, davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Shu bois bu borada xalqaro andoza va normalarni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar natijasi tahlil qilinib, galdagi vazifalarning belgilanishi, mamlakatimizda bu borada boshlangan islohotlar hech qachon ortga qaytmasligidan dalolatdir. Endi Yangi O‘zbekistonda korrupsiyani bartaraf etish emas, uning oldini olish muhim vazifa hisoblanadi.