ICESCO rahbari: “Oʻzbekiston tajribasini boshqa islom mamlakatlarida ham qoʻllash maqsadga muvofiq”

 

Islom olami taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti  (ICESCO) rahbari Salim ibn Muhammad Al-Malik hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov oʻrtasida onlayn muloqot boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida ICESCO bilan hamkorlikda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimiga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, Imom Buxoriy hayoti va merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

 

Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi megaloyiha hamda Imom Buxoriy innovatsion muzeyining ochilish marosimini yuqori darajada oʻtkazish, islom olamidagi eng yirik tashkilotlar, taʼlim va tadqiqot markazlari rahbarlari, yirik olimlar va mutaxassislar ishtirokini taʼminlash boʻyicha takliflar bildirildi.

 

Maʼlumki, joriy yil Salim ibn Muhammad Al-Malik Toshkentga tashrifi chogʻida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi va markaz loyihalari bilan tanishgan edi: 

 

— Oʻzbekistonga safarim paytida yurtingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan islomiy merosni asrash va targʻib etishga katta eʼtibor qaratilayotganiga ishonch hosil qildim. Bu tajribani boshqa islom mamlakatlarida ham qoʻllash maqsadga muvofiqdir. Biz Oʻzbekistonda tashkil etiladigan yirik anjumanda yurtingizdan yetishib chiqqan buyuk alloma Imom Buxoriy merosini oʻrganish borasida soʻnggi yillarda qoʻlga kiritilgan yutuqlarga eʼtibor qaratmoqchimiz, — dedi ICESCO rahbari.

 

Salim ibn Muhammad Al-Malik may oyida Oʻzbekistonga tashrifida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangidan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasi hamda majmua hududida barpo etilayotgan innovatsion muzey bilan tanishar ekan, faoliyati hadis ilmi va Imom Buxoriyning merosini tadqiq qilish va targʻib qilishga qaratilgan Shayx Nosir az-Zahroniyni Oʻzbekistonga taklif qilish kabi qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.