“Maʼrifat karvoni” doirasida mamlakat olimlarining ilmiy-amaliy seminari boʻlib oʻtdi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusida respublika boʻylab oʻtkazilayotgan “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston olimlari ishtirokida respublika ilmiy-amaliy seminari oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston olimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa qator tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mazkur ilmiy-amaliy seminar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi va tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarini boyitish va bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishda respublika olimlarining fikr- mulohazalarini tinglash uchun tashkil etildi. Seminarda “Sivilizatsiyalar-shaxslar-kashfiyotlar” Konsepsiyasi asosida 5 boʻlim, jumladan, “Islomgacha boʻlgan davr”, “Qurʼoni karim zali”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans davri”, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” kabi va 9 yoʻnalish doirasida 800 dan ortiq ilmiy innovatsion loyihalar boʻyicha fikr almashildi, bahs-munozaralar olib borildi.
Tadbir avvalida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov oʻtgan yil mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilgan olimlar forumiga toʻxtaldi:
– Oʻtgan yilgi Olimlar forumida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga murojaatnoma yoʻllagan edik. Ushbu murojaatnomada biz, olimlar, buyuk gʻoyalar asosida mintaqadagi oʻxshashi yoʻq megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish va uni mazmunli kontent bilan boyitish borasida fidokorona mehnat qilishga vaʼda bergan edik. Bugun bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida nufuzli tadbirlar jumladan, xalqaro ilmiy kongress tashkil etildi, unda 40 ga yaqin davlatdan 400 dan ortiq yetuk olimlar ishtirok etdi. Ular oʻz bilim va tajribalari bilan faol ishtirok etdilar. Ushbu jarayonlar davomida Markaz huzurida Ilmiy kengash tuzildi. Hozirgacha Kengash doirasida tashkil etilgan uchrashuvlar natijasida Markaz kontentini boyitish maqsadida ishlar qizgʻin davom etmoqda.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi direktori Otabek Hasanov “Maʼrifat karvoni” loyihasi butun respublika boʻylab faoliyat yuritayotgan olimlarni birlashtirishni maqsad qilganini taʼkidladi:
– “Maʼrifat karvoni” loyihasi butun respublika boʻylab faoliyat yuritayotgan olimlarni birlashtirishni maqsad qilgan. Ushbu tashabbus doirasida oʻtkazilgan tadbirlarda mingdan ortiq olim va ikki mingga yaqin tadqiqotchilar faol ishtirok etdi. Misol tariqasida, Andijonda tashkil etilgan uchrashuvda biz Boburiylar boʻlimining taqdimotini oʻtkazdik. Ushbu tadbir davomida 50 ga yaqin innovatsion va ilmiy takliflar kelib tushdi. Eʼtiborli jihati, “Maʼrifat karvoni” doirasida birinchi marta tashabbuskorlarning real takliflar bilan chiqishi kuzatildi. Endilikda biz, kutubxonalar faoliyatini yaxshilash, ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashishga qaratilgan loyihalar uchun grantlar ajratish yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Shayx Abdulaziz Mansur Markaz ekspozitsiyasining eng muhim qismi – Qurʼoni karim zali boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi:
– Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy boʻlimlaridan biri hisoblangan Qurʼoni karim zaliga 114 ta Qurʼon qoʻlyozmasi joylashtiriladi. Bu raqam bejiz tanlanmagan – u Qurʼoni karimdagi suralar soniga toʻgʻri keladi. Mazkur qoʻlyozmalar — buyuk ajdodlarimiz tomonidan oʻz qoʻllari bilan koʻchirib yozilgan nodir manbalar boʻlib, ularning aksariyati bosma imkoniyatlar mavjud boʻlmagan davrlarga taalluqli. Oʻsha paytlarda Qurʼonni koʻchirish, tarqatish, va uni saqlash ishlari ana shunday qoʻlyozmalar vositasida amalga oshirilgan. Oʻzbekiston bugungi kunda islom olamida oʻzining alohida oʻrniga ega. Bu, avvalo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Qaffol Shoshiy kabi alloma va muhaddislarimizning ilmiy merosi bilan bogʻliq. Qurʼon zalining asosiy gʻoyasi — yurtimizda islom dini kirib kelgan davrdan tortib, bugungi kungacha boʻlgan jarayonlarni keng ommaga namoyish etishdir.
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati haqida gapirdi:
– Yaqin orada nafaqat oʻzbek xalqi, butun islom olami ayniqsa, yosh avlod uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi kutilmoqda. Bu maskan nafaqat tarixiy merosimizni saqlash, balki uni chuqur oʻrganish, xalqimizga va jahon hamjamiyatiga namoyish etish uchun muhim poydevor boʻladi. Markaz ochilishi mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan rejalashtirilgan. Bugungi kunda Markazda jadal ishlar olib borilmoqda. Eksponatlar, yaʼni tarixiy buyumlar va artefaktlar, faqat mavjud fondlardan emas, balki xorijdagi auksionlar va xususiy kolleksiyalardan ham yigʻilmoqda. Bu esa vaqt, izlanish va muzokaralarni talab qiladi. Ayniqsa, chet ellarga olib chiqib ketilgan bebaho tarixiy boyliklarimizning bir qismini qaytarish yoʻlida katta mehnat qilinmoqda.
Bu jarayon – oddiy ekspozitsiya tayyorlash emas. Har bir buyumning ilmiy izohi, tarixiy davr va madaniyat bilan bogʻliqligi chuqur oʻrganilmoqda. Chunki bu Markaz orqali biz oʻz tariximizni haqiqatga asoslangan, chuqur va asosli tarzda taqdim etmoqchimiz. Shu bois hozirda yuzlab olimlar, restavratorlar, dizaynerlar va mutaxassislar birgalikda ishlamoqda. Shu bilan birga, olib borilayotgan seminarlar ham umumiy ishning muhim bir qismi hisoblanadi. Bu seminarlar orqali Markaz tarkibida ishlayotgan boʻlimlar oʻzaro tajriba alm ashmoqda, ekspozitsiya mazmunini boyitish yuzasidan ilmiy va metodik maslahatlar berilmoqda.
Oʻzbekiston Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva megaloyihada tashkil etilayotgan kutubxona yangiliklari bilan tanishtirdi:
– Hozirgi paytda kutubxona yoʻnalishidagi loyihalar ustida faol ish olib borilmoqda. Xususan, koʻzi ojiz kutubxonlar uchun allaqachon 80 ta Brayl yozuvidagi kitoblar nashr qilinmoqda. Bunda koʻzi ojiz foydalanuvchilarning axborotga boʻlgan ehtiyoji qondirish maqsad qilingan. Bu orqali ularning jamiyatdagi faolligi va bilim olish imkoniyatlari yanada kengayadi. Ayni paytda, Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan Markazda tashkil qilinayotgan kutubxona esa yurtimizdagi eng yirik va koʻlamli maʼnaviy-maʼrifiy loyihalardan biri sanaladi. Bu kutubxona nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo hududidagi eng boy ilmiy va diniy manbalarga ega boʻlgan zamonaviy axborot markaziga aylanishi koʻzda tutilgan. Uning fondida islom ilm-fani, tarixi, falsafasi, sanʼatiga oid noyob qoʻlyozmalar, nodir asarlar, raqamlashtirilgan manbalar jamlanadi. Shuningdek, bu kutubxona zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi, foydalanuvchilarga onlayn xizmatlar, raqamli kutubxona imkoniyatlari, ilmiy izlanishlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Ayniqsa, yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun bu ilm oʻchogʻi muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 29 yanvar kuni Markazga tashrifi davomida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan birga ilmiy-ijodiy, ilmiy-innovatsion loyihalar bilan tanishib, istiqboldagi vazifalar boʻyicha bir qator topshiriqlar bergan. Xususan, Davlat rahbari Markaz ichki kontenti ham binoning tashqi mahobatidan kam boʻlmasligini alohida qayd etgan holda Konsepsiya doirasida muhim tashabbuslarni ilgari surgan.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhlarning 300 dan ortiq, Ilmiy kengashning 18 ta muhokama yigʻilishlari oʻtkazildi. 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, rassomlar, dizaynerlar, hunarmandlar va boshqa qator mutaxassislarni bir maqsad yoʻlida birlashtirgan mazkur keng qamrovli ilmiy-innovatsion loyihalarning texnik topshiriqlari muhokamadan oʻtkazildi.
Oʻzbekiston olimlari respublika ilmiy-amaliy seminarini oʻtkazishdan maqsad Markaz faoliyatini takomillashtirish borasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini yanada jadallashtirish, Markaz muzeyi ekspozitsiyalari boʻyicha respubl
ika olimlari fikr-mulohazalari, takliflarini inobatga olish hamda ekspozitsiyada joriy etishni taʼminlashdan iboratdir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan, tariximizda ilgari boʻlmagan ulkan va noyob megaloyiha boy maʼnaviy merosni targʻib etishga qaratilgan boʻlib, Markaz mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga, intellektual va maʼnaviy salohiyatini asrab avaylash va boyitish, shu asosda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, jamiyatning moddiy va maʼnaviy taraqqiyotiga hissa qoʻshish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
