Samarqandda Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirish muhokama qilindi

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

 

    Shu maqsadda muzey kontentini shakllantirishga qaratilgan qator uchrashuv va muhokamalar tashkil etildi. Jumladan, bugun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida muzeyning tashkiliy-meʼmoriy yechimlari yuzasidan keng qamrovli muhokama boʻlib oʻtdi. Unda markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

 

 

    Tadbir davomida muzey konsepsiyasi, pavilonlar oʻzaro bogʻlanishi, harakat yoʻnalishlari, eksponatlar joylashuvi va multimedia yechimlari muhokama qilindi. Shu bilan birga, axborot materiallarining mazmunan boy va manbaga tayanilgan holda tayyorlanishi zarurligi alohida taʼkidlandi.


    Shuningdek, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi binosining tantanali ochilish marosimiga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqildi. Xalqaro mehmonlar roʻyxatini shakllantirish, ssenariy va tadbirlar dasturini ishlab chiqish boʻyicha vazifalar belgilandi.

 

    Uchrashuv yakunida belgilangan rejalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, masʼullar oʻrtasida doimiy hamkorlikni taʼminlash hamda ish jarayonida muddatlarga qatʼiy rioya etish muhimligi qayd etildi.