ISM ilmiy kengashida 30 ga yaqin masala muhokama qilindi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengash hamda muzey ekspozitsiyasi va kutubxona fondini shakllantirish, uning rasmiy ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha Ishchi guruh va kichik ishchi guruhlarining navbatdagi qoʻshma yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda ishchi guruh aʼzolari, xorijlik hamkorlar ishtirok etishdi.
Kengash qoʻshma yigʻilishida:
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi;
- “Oʻzbekistonning madaniy merosi — butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global koʻrgazmani tashkil etish;
- “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” mavzusidagi IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik;
- Islom olami taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSESKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya oʻtkazish;
- “1001 kashfiyot” bolalar koʻrgazmasini oʻtkazish;
- “114 Qurʼon” va “Oʻzbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimoti;
Shuningdek, “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari, multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqida tayyorlanayotgan film va kinoxronikalar kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir avvalida markaz direktori Firdavs Abduxoliqov soʻzga chiqib, Markazning bunyod etilishi va faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilgan muhim tashabbuslar haqida soʻz yuritdi:
— Markazning ochilishiga tayyorgarlik ishlari jadal surʼatda davom etmoqda. Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriq va tavsiyalar asosida markaz konsepsiyasi yangilandi, xalqaro tajribalar oʻrganildi.
Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muzeyi ekspozitsiyasi va kutubxonasini shakllantirishni yanada jadallashtirish, rasmiy ochilishini yuqori saviyada tashkil etish, “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global koʻrgazma va “Buyuk ajdodlar merosi — maʼrifatli kelajak poydevori” IX Xalqaro kongressi hamda uning doirasidagi mahalliy va xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida yangi farmoyishi qabul qilindi.
Bu farmoyishda markaz faoliyatini muvofiqlashtirish, xorijiy safarlarni amalga oshirish, markazning ochilish jarayonini yuqori saviyada oʻtkazish, mazkur yirik tadbirlar arafasida amalga oshiriladigan ishlar va vazifalar belgilab berilgan. Ushbu vazifalarni bajarishda uyushqoqlik bilan ishlar tashkil qilingan. Qoʻshma yigʻilish ham ayni shu maqsadda oʻtkazildi. Joriy yilda Markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Markaz rahbari joriy yil aprel-may oylarida Buyuk Britaniyaga amalga oshirilgan ilmiy safar davomida “Christie’s” va “Sotheby’s” xalqaro savdo uyi auksionlaridan Oʻzbekiston madaniy merosi bilan bogʻliq 46 ta artefakt saralab olinganini maʼlum qildi. Britaniyalik kolleksionerlar bilan hamkorlikda yurtimizga daxldor yana 200 dan ortiq osori-atiqalar aniqlanganini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda ilk bor xayriya auksioni tashkil etiladi
Yigʻilishda jahonning nufuzli “Christie’s” va “Sotheby’s” auksion uylari taklif etgan tarixiy va madaniy meros ashyolari, nodir manbalar orqali mamlakat madaniy merosi boyitilishi ham alohida taʼkidlandi.
Markaziy Osiyoda birinchi marotaba jahon tajribasi asosida xayriya auksioni oʻtkazilishi kutilmoqda. Auksionning asosiy maqsadi — “Christie’s” va “Sotheby’s” kabi mashhur xalqaro auksion uylari tomonidan taklif etilgan noyob asarlarni Oʻzbekistondagi tadbirkorlarga taqdim etish orqali mamlakat muzey fondini boyitish, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi koʻrgazmalarini yanada mazmunan toʻldirishdan iborat.
“Art Vernisaggi” auksion uyi direktori Shavkat Sultonovning maʼlum qilishicha, bu auksionda sotib olingan har bir asarning kim tomonidan xayriya qilingani aniq koʻrsatiladi. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etib, oʻz nomi hamda brendini tarixga muhrlashi mumkin boʻladi. Bu, oʻz navbatida, xayriyachi shaxs yoki tashkilotning ijobiy imidjini xalqaro maydonda mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Dunyo tajribasida ham shunday yoʻl tutiladi. Yirik kompaniyalar, milliarderlar muzeylar uchun asarlar xarid qilib, ularni hadya qiladilar. Biz ham ana shu yoʻldan borib, Oʻzbekistonda sanʼat bozorini shakllantirish, milliy sanʼatimizni saqlab qolish va rivojlantirish niyatidamiz”, — deydi Shavkat Sultonov.
Auksionda 200 ga yaqin asar namoyish etilishi kutilmoqda. Unda nafaqat mahalliy tadbirkorlar, balki Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari ham ishtirok etishi mumkin. Hech qanday cheklovlar belgilanmagan — madaniy merosga hissa qoʻshish istagidagi har qanday shaxs ushbu xayriya tadbirida qatnashishi mumkin.
Tadbirda ishtirok etish uchun oldindan roʻyxatdan oʻtish talab etiladi. Bu jarayon uchun maxsus onlayn platforma va Telegram bot yaratiladi. Roʻyxatdan oʻtganlar auksion katalogi va rasmiy taklifnomani oladilar. Tadbir kuni, joyi va shartlari ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.
Xalqaro kongress va konferensiya
Shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimi tadbirlari doirasida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” mavzusida boʻlib oʻtadigan IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik haqida ham maʼlumot berildi. Xususan, Kongressni tashkil etish, yalpi majlislar, kichik boʻlimlar doirasida muhokama qilinadigan mavzu va loyihalar, olimlarning yangi topilmalari taqdimoti, taklif etiladigan xorijiy va mahalliy mehmonlar kabi rejalar koʻrib chiqildi. Joriy yil ham Kongress doirasida anʼanaviy tarzda nashr etiladigan “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” kitob-albomining 81-90 jildlari taqdimoti ham kutilayotganini aytib oʻtildi.
Yana muhim tadbirlardan biri Islom olami taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSESKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya oʻtkazilishi va unga tayyorgarlik yuzasidan axborot berildi.
Ikkinchi qavatda nimalar joylashadi?
Qoʻshma yigʻilishda Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ikkinchi qavati taqdimot qilindi. Markazning ikkinchi qavati koʻp funksiyali, zamonaviy imkoniyatlarga ega maskan sifatida loyihalashtirilgan. Birinchidan, bu yerda turli anjumanlar, forumlar va ilmiy uchrashuvlarni oʻtkazish uchun beshta konferensiya zali — katta va kichik miqyosdagi zallar joylashadi. Shuningdek, matbuot xizmati faoliyati uchun maxsus hudud ajratiladi. Bu yerda milliy kontent tayyorlash, intervyular olish, koʻrsatuvlar va audiovizual loyihalar ishlab chiqarish uchun zamonaviy media platformalar tashkil qilinadi.
Shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari ish faoliyatini olib borishi uchun barcha shart-sharoitlarga ega ish xonalari, xizmat hujralari va tadqiqot maydonlari ham aynan shu qavatda joylashadi.
Eʼtiborga molik jihat shundaki, davlatimiz rahbarining tashriflari vaqtida taʼkidlab oʻtilganidek, ushbu markazning xalqaro aloqalari va hamkorlik doirasini kengaytirish maqsadida dunyo miqyosidagi nufuzli tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalariga alohida xonalar ajratiladi. Ular qatorida ISESCO, UNESCO, TURKSOY, IRCICA va Manara markazi kabi tashkilotlar bor boʻlib, ular bugungi kunda ham Islom sivilizatsiyasi markazi bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Bu tashkilotlar kelgusida doimiy hamkorlikni davom ettirib, markaz tadqiqotchilari bilan qoʻshma ilmiy-amaliy faoliyatlarini amalga oshiradilar.
Islom sivilizatsiyasi markazining ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari joylashishi esa, shubhasiz, ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu oʻrinlarda toʻgʻridan toʻgʻri muloqotlar, qoʻshma tadqiqotlar, yangi gʻoyalar va loyihalar dunyoga keladi. Bu jarayonlar yaqin istiqbolda yangi Oʻzbekistonning intellektual va maʼnaviy qiyofasini shakllantiruvchi muhim omillardan biriga aylanadi. Shu maʼnoda, bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy, balki global miqyosdagi maʼnaviy-maʼrifiy dialoglar uchun ochiq va zamonaviy platforma sifatida yuksalmoqda.
Markazda alohida nashriyot uyi va bosmaxonasi boʻladi
Bundan tashqari, davlat rahbarining maxsus takliflari asosida Islom sivilizatsiyasi markaziga tutash hududda qoʻshimcha yangi bino qurilishi belgilangan. Bu bino tarkibida markazning nashriyot uyi va bosmaxonasi faoliyat yuritadi. Shuningdek, bu yerda Islomshunoslik akademiyasi hamda boshqa oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun malaka oshirish va ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega auditoriyalar ham joylashadi. Ushbu yangi binoda xalqaro darajadagi taʼlim dasturlari ham joriy etiladi. Jumladan, Londondagi mashhur xalqaro xattotlik maktabi bilan hamkorlikda Oʻzbekistondagi ana shu yoʻnalishdagi maktabni tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus yosh avlodning anʼanaviy sanʼat — xattotlik sohasida chuqur bilim olishi, yetuk mahoratiga ega mutaxassislar yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Bunda oʻzbekistonlik va xorijlik ustozlar yoshlarga saboq berishadi. Bu yondashuv bilan yoʻqolib ketish xavfida turgan qadimiy xattotlik maktabi yanada rivojlanadi.
Global koʻrgazmada nimalar kutilyapti?
– Majmuaning ochilishi tadbirlari doirasida yana bir muhim voqea — tarixiy artefaktlarni oʻz ichiga olgan Global koʻrgazma tashkil etiladi. Maʼlumki, dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarida Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va sanʼati bilan bogʻliq boʻlgan nodir artefaktlar saqlanadi. Hozirgi vaqtda 150 dan ortiq shunday kutubxona, muzey va markazlar aniqlangan. Tashkil etilishi kutilayotgan Global koʻrgazmada dunyo muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan, bevosita Oʻzbekistonga taalluqli boʻlgan tarixiy yodgorliklar, buyumlar yurtimizga olib kelinadi va keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi, – dedi Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.
Koʻrgazma bir necha oy davomida faoliyat yuritadi va har bir fuqaro hamda xorijlik mehmon ushbu tarixiy boyliklarni oʻz koʻzlari bilan koʻrish imkoniga ega boʻladi. Bu ekspozitsiya haqiqiy, asl nusxalardan iborat boʻladi. Ular ming yillar davomida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungacha saqlanib kelayotgan moddiy-maʼnaviy meros namunalaridir. Bu tashabbus Oʻzbekistonning islom madaniyatida tutgan oʻrnini yanada yorqinroq namoyon etishga xizmat qiladi.
Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy qiyofasi
Islom sivilizatsiyasi markazi — bu, haqiqatan ham, ulkan miqyosdagi megaloyiha boʻlib, uning tarkibiy tuzilishi, kontenti, konsepsiyasi, texnik va maʼnaviy jihatlari hamda ochilish marosimiga tayyorgarlik masalalari bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri hisoblanadi. Uning rasmiy ochilishi nafaqat ilmiy va madaniy jamoatchilik, balki butun mamlakat uchun ulkan bayramga aylanadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki bu markaz orqali, birinchi navbatda, Oʻzbekistonning Islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasi namoyon etiladi. Bu ulkan merosni har tomonlama namoyon etadigan asosiy vosita — muzey ekspozitsiyasidir. Ekspozitsiya orqali Islom madaniyatining ilgʻor bosqichlariga hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlar, sanʼat va ilm ahli, ularning asarlari, merosi keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
– Markazning ochilish marosimi — oʻziga xos ahamiyatga ega voqea. Chunki bu miqyosdagi madaniy-maʼrifiy va ilmiy markaz nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevroosiyo mintaqasida ham kamdan-kam uchraydi. Bunday markazning aynan Toshkent shahrida barpo etilishi — bu Oʻzbekiston uchun ulkan sharaf va masʼuliyatdir. Ochilish marosimida xalqaro darajadagi mehmonlar, nufuzli tashkilotlar vakillari, taniqli olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu ochilish doirasida oʻtkaziladigan XIX xalqaro kongress ham alohida ahamiyatga ega. Chunki bu kongress xorijiy mamlakatlardan keladigan yetakchi olimlar, oʻzbekistonlik tadqiqotchilar va ilmiy markazlar oʻrtasidagi fikr almashuv, yangicha yondashuvlar, ilmiy hamkorlik va kelishuvlar uchun mustahkam platformaga aylanadi, – dedi akademik Kamola Akilova.
Nafaqat ilmiy qiymat, balki milliy oʻzlikni anglash yoʻlida
Shuningdek, markazning ochilishiga bagʻishlab tayyorlanayotgan nashrlar ham juda muhim. Masalan, Amir Temur siymolarini aks ettiruvchi miniatyuralarga bagʻishlangan kitob, mashhur arxeolog va tarixchi Massonning asarlari kabi nashrlar nafaqat ilmiy qiymatga, balki milliy oʻzlikni anglash va uni dunyoga tanitish nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Har bir nashr oʻziga xos dolzarbligi va mazmuniy chuqurligi bilan bu markazning maʼnaviy qiyofasini shakllantiradi. Bundan tashqari, “114 Qurʼon” va “Oʻzbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimot qilindi. “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari,“Rossiya-Kultura” telekanalida namoyish etilishi rejalashtirilgan hujjatli film, “SPECTRE STUDIO” tomonidan ishlab chiqilgan 30 videorolik kabi multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqidagi film va kinoxronikalar masalalari ham koʻrib chiqildi.
Alohida tilga olingan masala
Yigʻilishda muzey faoliyati, ilmiy tadqiqotlar, koʻrgazmalar, turli ekspozitsiya yoʻnalishlari, shu jumladan, Qurʼon zaliga oid masalalar ham alohida tilga olindi. Aynan bu zalda turli tarixiy davrlarga oid, Oʻzbekiston hududida yozilgan va saqlanib kelgan Qurʼon nusxalari namoyon etiladi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi, Qurʼon zali ekspozitsiyasi koordinatori Azimjon Gʻofurovning qayd etishicha, bu orqali xalqimiz va kelgan mehmonlar islomiy merosimiz va uning tarixiy tafsilotlarini oʻz koʻzlari bilan koʻra oladi.
Xalqaro hamkorlarning ishtiroki
Yigʻilishda markaz ekspozitsiyasining ilmiy-innovatsion loyihalari taqdimoti va olib borilayotgan ishlar doirasida mahalliy mutaxassislardan tashqari xorijlik hamkorlar bilan ham onlayn muloqot qilindi. Xususan, Buyuk Britaniyaning 1001 Inventions kompaniyasi rahbari Salim Ahmad bolalar va oʻsmirlar koʻrgazmasini tashkil etish loyihasija qamrab olinayotgan ilmiy-innovatsion yondashuvlar haqida maʼlumot berdi.
“Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitishda kompaniyamiz hissasi qoʻshilayotganidan, ushbu ulkan majmuada bolalar va oʻsmirlar koʻrgazmasini tashkil etish imkoniyat berilayotganidan mamnunmiz. Dunyoda shunday koʻrgazmalar oʻtkazganimizda unda alohida kitob ham nashr qilganmiz. Unda aynan koʻrgazma, undagi shaxslar haqida maʼlumotlarni jamlagan. Biz bunda National Geographic kompaniyasi bilan hamkorlik qilamiz. Ushbu kompaniya esa tayyorlangan kitobning dunyo boʻyicha tarqalishini taʼminlaydi. Bundan avval hamkorlikda bolalar va oʻsmirlar uchun ayni shu kabi tayyorlagan kitoblarimiz dunyo boʻyicha 3 million nusxada tarqalgan. Biz Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi haqida butun dunyo bilishiga xizmat qiladigan kitob nashr qilish harakatidamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi haqida bolalar va oʻsmirlar uchun tayyorlayotgan kitobimiz ham ana shunday darajada boʻlishini maqsad qilganmiz, – deydi Salim Ahmad.
Italiyaning Rim shahridagi Viktoriya Petrosyans, V&So kompaniyasi vakili sifatida, onlayn muloqot chogʻida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bir necha yillardan beri hamkorlik qilib kelayotganini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, mazkur markaz nafaqat mintaqada, balki butun jahonda Islom madaniyati va sivilizatsiyasini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega tashkilot hisoblanadi. Shuningdek, u bu jamoa bilan hamkorlik davom ettirayotganliklarini va kelgusida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi tarixi, shu zaminda yashab oʻtgan koʻplab allomalar va buyuk shaxslar hayoti hamda ijodi haqida qisqa roliklar va filmlar tayyorlashni rejalashtirayotganini bildirdi.
Shuningdek, yigʻilishda ushbu nufuzli tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari, xususan, mahalliy va xorijiy OAV bilan ishlash, markaz ochilishiga bagʻishlangan multimedia kontentlar va axborot kampaniyalarini tashkil etish jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Buyuk Britaniyadagi Belgrave kompaniyasi rahbari Yevgeniya Xarrison Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi juda katta ahamiyatga ega boʻlib, bu loyiha butun dunyoga namoyish etishga arziydigan darajada. Shu munosabat bilan u bir qator xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy ommaviy axborot vositalarini Oʻzbekistonga olib kelish va bu yerdagi jarayonlar haqida jahon jamoatchiligini xabardor qilishda oʻz hissalarini qoʻshish niyatida ekanini qayd etdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
