Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga rasmiy safari rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolarining Londondagi yirik kolleksionerlar va madaniy meros sohasida faoliyat yuritayotgan taniqli shaxslar — Sarixoniy, Xaliliy, Bilol Sudchi, Dovudshoh kabi dillerlar bilan uchrashuvlari belgilangan.
Safarning asosiy maqsadlaridan biri — Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini boyitishga qaratilgan ilmiy va innovatsion loyihalarni ilgari surish, shuningdek, yurtimizga oid qimmatli tarixiy artefaktlarni Vatanga qaytarish boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir.
Sotheby’s va Christie’s kabi dunyo miqyosida nufuzli auksion uylari orqali xarid qilingan eksponatlar ishtirokida Londonda maxsus koʻrgazma oʻtkazilishi moʻljallangan. Koʻrgazmada Oʻzbekiston tarixiga daxldor 80 dan ortiq noyob artefakt namoyish etiladi. Shu bilan birga, xalqaro jamoatchilikka yurtimizning boy madaniy merosi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Oʻzbekistondigi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida keng maʼlumot taqdim etiladi.
Koʻrgazmaga tayyorgarlik jarayonida Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Sotheby’s va Christie’s auksion oʻrtasida onlayn muloqotlar oʻtkazilib, eksponatlarning namoyish etilish tartibi, ilmiy-tarixiy asoslanganligi va huquqiy jihatlari muhokama qilindi.
Bu kabi xalqaro hamkorliklar Oʻzbekistonning madaniy merosini tiklash va uni jahonga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va davlat siyosatida madaniy merosga qaratilayotgan eʼtibor tufayli tarixiy boyliklarimizni qaytarish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xalqaro nufuzga ega Sotheby’s va Christie’s auksion uylari har bir eksponatning haqiqiyligi va tarixiy qimmatini tasdiqlovchi jahon standartlariga muvofiq ekspertiza tizimiga ega boʻlib, xarid qilingan har bir artefakt uchun besh yillik kafolat taqdim etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
