Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar tarixi ekspozitsiya orqali qayta “tiriladi”

 

 

    2000 dan ortiq olimlar, mutaxassislar, dizaynerlar, rassomlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey kontentlaridan joy olayotgan islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida tarixiy manzara zamonaviy tarzda namoyon etilishi kutilyapti. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, ekspozitsiya faqat koʻrish mumkin boʻlgan eksponatlar bilan cheklanib qolmaydi.


    Islom sivilizatsiyasi markazida islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalarini yoritishga qaratilgan ekspozitsiyani shakllantirish boʻyicha ishchi guruh aʼzolari, xorijlik hamkorlar va ekspert mutaxassislar ishtirokida navbatdagi seminar boʻlib oʻtdi.


    Tadbir doirasida, avvalo, markazda amalga oshirilayotgan birinchi toifaga kiruvchi loyihalarning yakuniy hisobotlari qabul qilindi va ushbu loyihalardagi kontentlarni ekspozitsiyada joylashtirish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, ikkinchi toifaga mansub boʻlgan, keng qamrovli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.


    Seminarda respublikadagi yetakchi ilmiy muassasalar, muzeylar va tegishli tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etdi. Qolaversa, mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan loyiha rahbarlari ham muhokamalarga onlayn muloqotga kirishdilar.

 


    Yigʻilishda turkiyalik hamkor – “Outdoor Factory” dizayn kompaniyasi bilan birgalikda muzeyning “Islomdan avvalgi davr”ga oid boʻlimida joylashtiriladigan kontent, yaʼni artefaktlar, mulyajlar, maketlar, xaritalar va shunga oʻxshash vizual materiallarni sektorlar boʻyicha taqdim etish yuzasidan takliflar muhokama qilindi. Taqdim etilgan takliflardagi yondashuv ekspozitsiyada tarixiy manzarani zamonaviy tarzda namoyon etish imkonini yaratishi taʼkidlandi.


    Maʼlum qilinishicha, ekspozitsiya faqat koʻrish mumkin boʻlgan eksponatlar bilan cheklanib qolmaydi. Unda ovozli filmlar, bir necha tildagi yozma va audio maʼlumotlar, shuningdek, hid hissi orqali tarixiy muhitni toʻlaqonli his etish imkonini beruvchi elementlar ham joy oladi.

 

    “Kelgusida bu markazga tashrif buyuruvchi yoshlar va mehmonlar tasavvurida tarixni jonlantirib berishda bunday vositalar muhim ahamiyatga ega. Kompozitsiyalar nafaqat koʻrish, balki eshitish, his etish va hattoki hidlash orqali ham taʼsir oʻtkazadigan ekspozitsion yechimlarga ega boʻladi”,deydi Islom sivilizatsiyasi markazining yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Anvar Matniyozov.

 

    Yigʻilishda taqdim etilgan dizayn konsepsiyasi ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholandi. Ekspozitsiya mazmunini yanada ochib beruvchi ayrim detallar yuzasidan muhokamalar yigʻilishdan soʻng ham davom ettirildi. Fikrlar xilma-xilligi muhokama jarayoniga yanada ijobiy ruh bagʻishladi.


                                                          Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati