“Vaqt devori”da sivilizatsiyalar 3D texnologiya orqali namoyon boʻladi
Oʻzbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasidan joy oladigan “Vaqt devori” islomdan avvalgi davrlardan boshlab temuriylar, boburiylar sulolalarigacha boʻlgan davrlarni qamrab oladi. Xronologik tartibda tuziladigan mazkur loyihadagi ekspozitsiyalar zamonaviy miniatyura, 3D grafika va interaktiv texnologiyalar orqali namoyon etiladi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida “Islomdan avvalgi davr” boʻlimi ekspozitsiyasini takomillashtirishga bagʻishlangan muhokama yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Rossiyaning “Planet 9” dizayn kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Kompaniya vakillari Markaz tomonidan taqdim etilgan kontentlar asosida ekspozitsiyani tizimlashtirish, dizayn va joylashtirish boʻyicha ishlab chiqqan loyihani taqdim etdilar. Taqdimot davomida “Vaqt devori”da aks ettirilishi rejalashtirilgan eksponatlardan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek, qadimgi xaritalar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Turli manbalar, onlayn platformalar va dasturlar asosida xaritalar boʻyicha yangi kontentlar ishlab chiqish hamda ekspozitsiyani yanada boyitish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Oʻz ISM katta ilmiy xodimi Obid Tangirov taʼkidlashicha, dunyoning yirik muzeylaridan tajribali mutaxassis jalb etilgani va “Planet 9” dizayn kompaniyasi bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlarining sifatli va professional tarzda amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Markaz kontentini mazmunan boy va zamonaviy talablarga mos ravishda shakllantirish maqsadida 2 000 dan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar, mutaxassislar va ekspertlar faol ishtirok etmoqda. Hozirgacha 800 dan ziyod ilmiy va innovatsion loyihalar ishlab chiqilgan boʻlib, ularni amalga oshirish uch bosqichda rejalashtirilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
