Merosni qaytarish missiyasi: Londondagi nodir eksponatlar

  
  Londondagi Dovud Shoh kolleksiyasida Saljuqiylar sulolasi vakili — Abu Mansur ibn Sabuktekinga tegishli boʻlgan kumush patnis saqlanmoqda.

  Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishda Oʻzbekiston madaniy merosiga oid muhim masalalardan biri — xorijdagi, xususan Buyuk Britaniyadagi xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni yurtimizga qaytarish imkoniyatlari muhokama qilindi.

 

   Akademik Akbar Hakimov oʻz nutqida Londondagi bir qator art-dilerlar kolleksiyalarida saqlanayotgan Somoniylar, Gʻaznaviylar, Xorazmshohlar, Qoraxoniylar, Temuriylar va Oʻzbek xonliklari davriga mansub osori atiqalar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Umumjahon darajasidagi durdona asarlarni olib kelishdan asosiy maqsad nafaqat zaminimiz tarixiy boyligini ortga qaytarish balki Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ichki ekspozitsiyasi ham tashqi mahobatiga mos boʻlishini aytib oʻtdi.

    Taʼkidlanishicha, ushbu asarlar jahon madaniy bozorlarida tarixiy qimmati va nodirligi bois katta qiziqish uygʻotmoqda.

 

   Jumladan, Londondagi Dovud Shoh kolleksiyasida Saljuqiylar sulolasi vakili — Abu Mansur ibn Sabuktekinga tegishli boʻlgan kumush patnis saqlanayotgani maʼlum qilindi. U Sulton Mahmud Gʻaznaviyning ukasi boʻlib, Markaziy Osiyo va Eron tarixida muhim siyosiy shaxs sifatida tanilgan. Bu kabi yodgorliklar nafaqat moddiy boylik, balki maʼnaviy va ilmiy ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

 

    Yigʻilish ishtirokchilari Oʻzbekistonning ushbu osori atiqalarni yanada chuqur oʻrganish va imkoni boricha yurtimizga qaytarish boʻyicha zarur choralar koʻrilishi lozimligini taʼkidlashdi. Shu bilan birga, mazkur kolleksiyalardan aniqlangan eksponatlarning raqamlashtirilgan nusxalarini Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyon etish tashabbusi ham koʻrib chiqildi.

 

   Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini boyitish maqsadida 2025 yil 25 apreldan 2 mayga qadar Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Buyuk Britaniyaning London shahriga qilgan xizmat safari davomida dunyodagi mashhur "Sotheby's" va "Christie's" auksion uylaridagi savdolarda ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.

 


 

 

   Xizmat safari davomida delegatsiya aʼzolari ishtirok etgan savdo uylari auksionlarida kimoshdi savdosida Oʻzbekiston madaniy merosiga, xususan, Islomgacha boʻlgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda xonliklar davriga tegishli nodir osori-atiqalar ham borligi maʼlum qilinib, markaz ekspozitsiyasi uchun 46 ta lot saralab olingan edi. 

 

    Bu kabi saʼy-harakatlar milliy merosimizni asrab-avaylash, qayta tiklash va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.