Samarqand va Buxoro xorijiy nashrda eʼtirof qilindi

Malayziyaning yetakchi "New Strait Times" nashrida "Samarqand va Buxoro: Malay olamiga Markaziy Osiyoning taʼsiri" sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Maqolada Samarqand va Buxoroning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi hamda malay dunyosi rivojiga koʻrsatgan taʼsiri haqidagi muhim maʼlumotlar oʻquvchilar eʼtiboriga taqdim qilingan.

 

 "Bugungi Oʻzbekiston hududida joylashgan Samarqand va Buxoro ming yilliklar davomida islom sivilizatsiyasining asosiy markazlaridan biri boʻlib kelgan. Islom madaniyatining oltin asri deya eʼtirof etiladigan VIII-XIII asrlarda ushbu ikki shahar islom olamining turli burchaklaridan kelgan olimlarni birlashtirdi. Ushbu davrga kelib Samarqand va Buxoro astronomiya, tibbiyot, falsafa, matematika va islom huquqshunosligi sohasida musulmon dunyosining ilm-maʼrifat oʻchogʻi sifatida shuhrat qozondi", – deb yozilgan maqolada.

 

Shuningdek, nashrda Samarqand va Buxoroda shakllangan sivilizatsiya qadimiy Ipak yoʻli va dengiz savdo yoʻllari orqali malay dunyosiga yoyilib, ilm-fan rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi, gʻoyalar va madaniy almashinuvga xizmat qildi.

 

 "Arab va fors savdogarlari VIII asrda Markaziy Osiyoning ushbu markazlari orqali Janubi-Sharqiy Osiyoga borib, islom dinini malay arxipelagi boʻylab tarqalishiga sabab boʻlgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda rivojlangan tasavvuf ilmi malay islom madaniyatini shakllanishida  katta taʼsir koʻrsatdi. Bu haqdagi ilk maʼlumotlar malay sultonliklari tarixiga oid qadimiy manbalarda keltirilgan", – deya taʼkidlanadi materialda.

 

"ICESCO tomonidan Samarqand 2025 yil Islom dunyosi madaniyat poytaxti deb eʼlon qilindi. Keling, ushbu yilda Samarqand va Buxoroning Oʻzbekiston hamda Malayziya oʻrtasidagi madaniy va intellektual rishtalarni mustahkamlash xizmat qiladigan merosini va islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini eʼtirof etaylik", – deb yozgan muallif oʻz xulosasida.