Butunjahon Islom uyushmasi rahbari: “Oʻzbekiston Prezidentining madaniyat va maʼrifatga qaratgan eʼtibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna”
Saudiya Arabistonining Makka shahrida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turgʻunov ham qatnashdi.
Doʻstona va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda Markaz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida maʼlumot berdi.
– Oʻzbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va sanʼatshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini koʻrsatishda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim oʻrin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bagʻrikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu saʼy-harakatlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻzbekiston Prezidentining madaniyat va maʼrifatga qaratgan eʼtibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna boʻladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya taʼkidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida toʻxtaldi. Shu oʻrinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlab oʻtdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani toʻla-toʻkis qoʻllab-quvvatladi:
– Yangi Oʻzbekiston loyihasi boʻlmish bu xattotlik maktabi orqali Qurʼoni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qoʻlda koʻchirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – Oʻzbekistondagi boʻlajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻyishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur boʻlgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali boʻlishi uchun ularni ragʻbatlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya aʼzolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-saʼa” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Kaʼba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Boʻston” muzeyi, Paygʻambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom sanʼati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi aʼzolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Paygʻambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham koʻrib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar boʻlimi boshligʻi Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot oʻtkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi koʻmak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
