Tangalarning tilsiz shohidligi: Chochdan Islomgacha boʻlgan sivilizatsiya izlari
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi numizmatik ekspozitsiya tarixni yoritadigan tirik manbaga aylanmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilgan numizmatik ekspozitsiya — nafaqat qadimgi tangalar toʻplami, balki tariximizning tilsiz guvohi, yurtimizda shakllangan davlatchilik, iqtisodiy va madaniy munosabatlar haqidagi tirik manbadir.
Maʼlumki, tangalar — sivilizatsiyalardagi muhim aloqa va ayirboshlash vositasi sifatida qadim-qadimdan iqtisodiy hayotning asosiy ustuni boʻlib kelgan. Oʻzbekiston va umuman Turon mintaqalarida ikki yarim ming yildan ortiq vaqt mobaynida turli metall tangalar — oltin, kumush, mis va boshqa metallardan tayyorlangan pullar orqali savdo-sotiq munosabatlari rivojlanib kelgan.
Miloddan avvalgi davrlardan to XX asrgacha boʻlgan besh ming yilga yaqin vaqt mobaynida zarb qilingan tangalar Markaz ekspozitsiyasining qimmatli qismi sifatida namoyish etilishi kutilyapti.
Oʻnlab sulolalar davrida zarb qilingan, yozuvlari, tasvirlari aniq saqlangan ushbu tangalar orqali xalqimiz oʻzining boy tarixi, davlatchilik anʼanalari, iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlari va madaniy darajasini anglashi mumkin.
Tarixchilarning fikricha, tangalar har bir sivilizatsiyada maʼlumot, muomala va siyosiy qudrat ramzi boʻlib kelgan. Oʻzbekiston hududida — qadimgi Baqtriya, Soʻgʻd, Xorazm va Choch kabi markazlarda tanga zarb qilish yuksak darajada rivojlangan. Bu jarayon nafaqat savdo-sotiqni, balki siyosiy suverenitetni ham ifoda etgan.
Ilm, eʼtiqod va vatanga sadoqat — tangalar orqali
Yaqinda tarix fanlari doktori, professor Gʻaybulla Boboyorov oʻz shaxsiy kolleksiyasida 25 yil davomida saqlab kelgan 80 dan ortiq noyob tangalarni Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga rasman topshirgan edi. Bu tangalar ichida VI–VIII asrlarga tegishli, xususan Choch (hozirgi Toshkent vohasi) hududida zarb qilingan nusxalar alohida diqqatga sazovordir.
“Bu tangalar nafaqat yurtimiz tarixi, balki Yevroosiyo miqyosidagi davlatchilik va madaniyat darajasi haqida guvohlik beradi. Ularni markazga topshirish men uchun maʼnaviy burchdir”, — deydi professor Boboyorov.
Tangalar orasida hukmdor va uning rafiqasi birgalikda aks etgan, turk hoqonligi davriga oid, soʻgʻdiy yozuvlar bilan bezatilgan hamda “Xotun” unvoni qayd etilgan noyob nusxalar ham mavjud. Ayrim tangalarda turkiy hukmdor Teginning nomi, uning ramziy belgisi va turk dastxati bilan berilgan yozuvlar toʻliq saqlangan.
Olimning qayd etishicha, bu — nafaqat badiiy, balki siyosiy va ijtimoiy madaniyatning ham yuksak darajasini koʻrsatadi.
Tangalar — muzeyda emas, maʼrifat markazida
Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari tangalarni faqat eksponat sifatida emas, balki yosh avlodga tarixni dalillar bilan oʻrgatish vositasi sifatida koʻrmoqda. Shu maʼnoda, professor Boboyorovning tashabbusi — shaxsiy boylikni milliy merosga aylantirishning yorqin namunasi.
Maʼlum qilishicha, ushbu kolleksiya asosida maxsus ilmiy katalog tayyorlanadi va numizmatika boʻyicha fundamental tadqiqotlar olib boriladi. Shu bilan birga, xalqaro miqyosdagi konferensiyalarda ushbu tangalar birinchi marta ilmiy aylanmaga kiritilishi rejalashtirilgan.
Merosni asrash — maʼnaviyatni yuksaltirishdir
Bu jarayon tarixiy xotirani qayta tiklash, millat merosini asrash va uni dunyo hamjamiyatiga tanitish singari keng koʻlamli maqsadlarga xizmat qiladi. Chunki har bir tanga — oʻtmishning tilsiz, lekin hech bir inkorsiz aniq guvohidir. Uning orqali bizning kimligimiz, qadriyatlarimiz va oʻzligimiz koʻrinadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
