“Sevimli” telekanalining Islom sivilizatsiyasi markaziga tuhfasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi ishlari yakuniy bosqichda amalga oshirilyapti. Ayni vaqtda markaz binosida qurilish va pardoz ishlari deyarli yakunlangan boʻlib, ekspozitsiya va kontent bilan toʻldirish ishlari qizgʻin davom etmoqda.
Hozirda mamlakatimiz va xorijdan jalb etilgan 2000 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, dizaynerlar, hunarmandlar va arxitektorlar 800 dan ziyod loyiha ustida faol ish olib borishmoqda.
Bu boradagi ishlarda muhim hamkorlik tashabbusi xususida ham alohida toʻxtalish joiz. Maʼlumki, Markaz muzeyi va kutubxonasini kontent bilan toʻldirishda koʻplab vazirliklar va idoralar ishtirok etmoqda. Oʻzbekistondagi eng ommaviy telemedia platformalardan biri — “Sevimli” telekanali ham Prezident tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yurtimizdagi eng mashhur va nodir tarixiy obidalar maketlarini tayyorlash ishlarini amalga oshirmoqda.
Telekanal tashabbusi bilan 25 ta eng muhim tarixiy obida maketlari Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga begʻaraz hadya sifatida taqdim etilishi rejalashtirilgan.
– Prezidentimizning gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu markaz kontentini boyitish uchun tarixiy obidalar maketini yaratish bilan oʻz hissamizni qoʻshishni maqsad qildik. Maketlar ustida ish joriy yil aprel oyida boshlangan. Har bir maketni yaratish jarayonida tarixiy asoslar, bezaklar, meʼmoriy uslublar batafsil oʻrganilayotgani, olimlar bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani ishimizga jiddiy yondashuvdan dalolat beradi. Ayni paytda 4 ta maket toʻliq tayyor. Bular Surxondaryodagi Fayoztepa, Sopollitepa tarixiy obidalari, Buxorodagi Somoniylar maqbarasi, Misrdagi buyuk allomamiz Ahmad Fargʻoniy tomonidan bunyod etilgan Nilometr maketlaridir. Maketlar katta masʼuliyat bilan tayyorlanmoqda. Har bir obʼekt muhokamalar va ilmiy xulosalar asosida yaratilyapti. Ayrimlari yakunlangan, qolganlari ishlab chiqarish bosqichida. Biz Prezidentimizning bu buyuk gʻoyalarini hayotga tatbiq etishda ishtirok etishdan gʻoyatda mamnunmiz, – deydi “Sevimli” telekanali direktori Jaloliddin Safoyev.
Maketlar “Sevimli” telekanali buyurtmasiga asosan “Artefakt” tashkilot tomonidan yaratilayotgan boʻlib, bu jarayonga 15 dan ortiq mutaxassislar — texnik xodimlar, modellashtirish boʻyicha dizaynerlar jalb etilgan.
Maʼlumot uchun:
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon olamidagi eng yirik ilmiy-maʼrifiy majmualardan biriga aylanishi kutilmoqda. Unda islom ilm-fani, maʼnaviyati va uning dunyo sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasi zamonaviy vizual, interaktiv va ilmiy vositalar orqali namoyon etiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
