Muzey ekspozitsiyasidan noyob kontentlar oʻrin oladi




    Xalqaro xattotlik maktabi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi, qadimiy qoʻlyozmalar, rangtasvir asarlari, 3D formatdagi vizual kontentlar, hujjatli filmlar, kitob-albomlar va ilmiy kataloglar... Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan bunyod etilayotgan va qurilishi yakuniy bosqichga kirgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasi tarixiy meros, ilmiy salohiyat va zamonaviy innovatsiyalar uygʻunlashgan, noyob kontentlar bilan boyitilmoqda. Shunga qaramay, hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar ham, yechimini kutayotgan masalalar ham, tashabbuslar ham talaygina.


    Ayni paytda muzeydagi amaliy ishlar qizgʻin pallaga kirgan. Bunday keng qamrovli islohotlar Islom sivilizatsiyasi markazida doimiy ravishda oʻtkazilayotgan kengaytirilgan Ilmiy kengash yigʻilishlari orqali tizimli muhokama etilib, amalga oshirilmoqda.


    Navbatdagi boʻlib oʻtgan kengash yigʻilishida markaz rahbari, Firdavs Abduxoliqov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 29 yanvar kuni markazga qilgan tashriflari davomida ilgari surgan muhim gʻoyalar, ayniqsa xattotlikni saqlash va rivojlantirish boʻyicha topshiriqlari haqida soʻz yuritdi.

 

– Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida Markazga tashriflari davomida xattotlik anʼanalari yoʻqolib borayotgani, uni qayta tiklash va avloddan-avlodga yetkazish zarurligini alohida taʼkidlagan edilar. Ushbu maktab ana shu tarixiy tashabbus asosida tashkil etilyapti. Davlatimiz rahbarining tashrif chogʻida xattotlik sanʼatini saqlash, ilmiy asosda rivojlantirish va yosh avlodga yetkazish boʻyicha bergan ushbu topshiriqlariga javoban Xalqaro xattotlik maktabini tashkil etish ishlari 80 foizga amalga oshirilgan, – dedi Markaz rahbari.


     Xalqaro xattotlik maktabi – anʼananing uygʻonishi


    Kengash yigʻilishida kun tartibidagi ilk masalalardan biri bu Prezident tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Xalqaro xattotlik maktabidir. Bu maktab nafaqat yurtimizda xattotlik anʼanalarini qayta tiklash, balki uni xalqaro miqyosda rivojlantirish, yangi avlodga yetkazishda ham muhim qadam boʻlishi kutilmoqda. Kengash raisining qayd etishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi bu maktab milliy oʻzlikni tiklash, maʼnaviy uygʻonish va global muloqotda yangi yuz bilan ishtirok etishning ajralmas boʻgʻini boʻlib xizmat qiladi.


    Yigʻilishda Markaz ilmiy xodimi Azimjon Gʻafurov maktabning vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari haqida axborot berdi. Uning maʼlum qilishicha, markaz yonidagi alohida binoda Xalqaro xattotlik maktabi tashkil etilmoqda. Ushbu maktabda 6 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan fuqarolar anʼanaviy xat turlari – suls, nasx, nastaʼliq, ruqʼa, divoniy, kufiy xat turlari sirlarini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi.


    Mazkur maktab taʼlim, koʻrgazma, nusxa koʻchirish, restavratsiya, muqovasozlik, ilmiy faoliyat va turizm yoʻnalishlarini qamrab oladi. Hozirda Shayx Abdulaziz Mansur, Habibulloh Solih, Abdurazzoq domla kabi taniqli xattotlar, yosh mutaxassislar ishtirokida maktab ustavi, metodik qoʻllanmalar, darsliklar tayyorlanmoqda.


    Kengash yigʻilishida Xalqaro xattotlik maktabi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qator yirik loyihalar va tashabbuslar ham muhokama etildi:


1. Xalqaro xattotlar uyushmasini tuzish, dunyoning eng nufuzli xattotlarini jalb etish;


2. Qurʼon xattotlari xalqaro tanlovi va unda gʻolib boʻlgan 114 xattotga Yangi Oʻzbekiston Qurʼonini koʻchirishni topshirish;


3. Mir Ubayd Buxoriy ixtiro qilgan “Nasxi Buxoriy” xatida toʻliq Qurʼon nusxasini yaratish;


4. Hazrati Usmon Mushafining yoʻqolgan sahifalarini tiklash va toʻliq nusxa tayyorlash;


5. Xattotlik-kalligrafiya kutubxonasi tashkil etish va qadimiy dasturlar, risolalar, uslubiy qoʻllanmalarni jamlash.


    Barcha takliflar bir ovozdan maʼqullandi. Faqat Shayx Abdulaziz Mansur kitoblar dizaynida milliy naqshlar yetishmasligiga eʼtibor qaratdi. 


    Yigʻilishda, shuningdek, Xalqaro xattotlik maktabi binosining uchinchi qavatida Buyuk Britaniyaning King’s Foundation tashkiloti uchun yaratilayotgan infratuzilma ham muhokama qilindi. Bu tashkilot kulolchilik bilan shugʻullanadi va xattotlik sanʼati bilan uygʻun faoliyat yuritadi. Kengash yigʻilishida qayd etilishicha, ushbu bitta binoda ikki anʼanaviy maktab joylashishi – oʻzaro boyituvchi madaniy va amaliy tajriba makonini yaratadi.


     Imom Buxoriy innovatsion muzeyi – mazmun ustuvorligi talab etildi


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan navbatdagi kengaytirilgan Ilmiy kengash yigʻilishi kun tartibidagi masalalardan shuningdek, Samarqandda tashkil etilayotgan Imom Buxoriy innovatsion muzeyi, hujjatli filmlar loyihalari, kitob-albomlar nashri va ularning mazmun-mohiyati ham oʻrin oldi. 


    Yigʻilishda Imom Buxoriy innovatsion muzeyida buyuk muhaddisning hayot yoʻli va ilmiy merosi bu maʼrifat maskanida joylanishi oʻrni boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Bu masalada Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Kengash yigʻilishida esa ushbu kompaniya vakillari dizayn ishlari boʻyicha kutilgan darajada taqdimot oʻtkaza olmagani uchun mutaxassislar tomonidan tanqid qilindi va loyiha qayta koʻrib chiqilishi belgilab olindi.


    Muzey konsepsiyasi boʻyicha onlayn formatdagi taqdimotni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov amalga oshirdi. U Hiro gʻoridan boshlab Imom Buxoriyning safari xaritasigacha boʻlgan tartibda muzeyning tarixiy salohiyati va maʼnaviy mohiyatini namoyon etuvchi ekspozitsiya mazmuni bilan tanishtirdi. Kengash aʼzolari tomonidan ushbu taqdimot maʼqullangan boʻlsa-da, bir qator konstruktiv takliflar bildirildi. Ishchi guruhga kengash aʼzolari tomonidan buyuk muhaddisning muzey uchun tanlangan kitoblari joylashishi oʻrni va ularning aniq roʻyxatini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.


    Akademik Akbar Hakimov muzeyning umumiy gʻoyasi buyuk muhaddisning islom dini rivojiga qoʻshgan hissasini toʻla aks ettirishi lozimligini qayd etdi. Shayx Abdulaziz Mansur esa tarixiy manbalarga berilgan izohlarni qayta koʻrib chiqish kerakligini taʼkidladi. Kengash raisi muzey ekspozitsiyasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Imom Buxoriy haqidagi fikrlari bilan boshlanishi kerakligini bildirdi.


    Shuningdek, Kengash raisi tomonidan mazkur muzeyning mazmun-mohiyatini yanada takomillashtirish boʻyicha ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar vakillarini ekspert sifatida jalb qilib, ularning ham fikrlarini oʻrganish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Kengash aʼzolari bu taklifni bir ovozdan maʼqullashdi va oʻrinli deb topishdi.

 

     Hujjatli filmlar muhim tashabbusning vizual ifodasi


    Yigʻilishda Prezident tashabbusi, diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilishi asosi haqida tayyorlanayotgan hujjatli filmlar mavzusi ham alohida muhokama qilindi. Rossiyaning “Masterskaya” va “Divi” kinokompaniyalari bilan tayyorlanayotgan loyihalar konsepsiyasi kengash aʼzolariga taqdim etildi. Filmlar konsepsiyasi kengash aʼzolari tomonidan qabul qilindi. Hamkor kinokompaniyalar esa tez orada tasvirga olish ishlarini boshlashlarini maʼlum qilishdi.


    Maʼlum qilinishicha, jami 20 ta hujjatli film suratga olinishi rejalashtirilgan. Ularning dastlabkisi aynan mana shu ikki kompaniya tomonidan tayyorlanmoqda. Shuningdek, Turkiyaning TRT AVAZ kabi xalqaro kompaniyalari bilan hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib borilayotgani aytib oʻtildi.


     10 ta yangi kitob-albom va 7 ta sovgʻabop nashr tayyorlanmoqda


    Kengashda markazdagi ekspozitsiyalar asosida nashr etiladigan turkum kitob-albomlar haqida ham axborot berildi. Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov maʼlum qilganidek, “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasi doirasida 10 ta yangi kitob-albom va 7 ta sovgʻabop nashr tayyorlanmoqda. Ular quyidagi mavzularni qamrab oladi:


    - “Oʻzbekistonning nodir Qurʼon qoʻlyozmalari”
    - “Dunyoning 114 nodir Qurʼoni”
    - “Islomdan oldingi davr sivilizatsiyalari”
    - “Birinchi Renessans davri”
    - “Oʻzbekiston XX asri”
    - “Oʻzbekistonning 100 nodir qoʻlyozmasi”
    - “Markaz kutubxonasi toʻplami”


    Kengash raisi va aʼzolari mazkur kitoblarning mavzusini toʻgʻri taqsimlash boʻyicha takliflar berdi. Jumladan, Ikkinchi Renessans va Oʻzbek xonliklari davrini bitta kitobda qamrab olish mushkulligi sabab, alohida taqdim etish maqsadga muvofiq, deb topildi. Dizayn va nashr etish ishlari “Grand Piar” kompaniyasi zimmasiga yuklatilgani haqida axborot berildi.


     Masjidlarda ham kitob oʻqish imkoniyati kengayadi


    Shuningdek, Markaz boʻlim boshligʻi Shoazim Minavarov bilan Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlar faoliyati boʻyicha tayyorgarliklar va natijalar ham koʻrib chiqildi. 
Albatta, bu barcha ishlarning boshida Prezidentimiz gʻoyasi va tashabbusi turganini alohida qayd etish lozim. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasining bunyod etilishi va ochilishi munosabati bilan alohida 4 ta kitob, shundan 2 tasi Prezidentimizning ilmiy-maʼrifiy sohada amalga oshirgan ishlarining eʼtiroflari, 2 tasi esa kitob-albom shaklida tayyorlanayotgani qayd etildi. 

 

    Kengashda taʼkidlanishicha, Vazirlar Mahkamasi Farmoyishiga asosan 45 ta nomdagi kitob nashr etilishi belgilangan. Ayni paytda 20 ta kitob nashriyotlarga topshirilgan. 


    Bu boʻlimning nashrga tayyorlangan kitoblari orasida Imom Buxoriy majmuasi tarixi haqida kitob-albom ham bor. Shuningdek, Imom Buxoriyning “Al-adab al-Mufrad” kitob ham nashrga tayyorlanayotgani maʼlum qilindi. Bu kitoblar Din ishlari boʻyicha  qoʻmitasi tomonidan ekspert xulosalari asosida chop etiladi. 


    Kengash aʼzolari kitoblarning dizayni qiziqarli boʻlishi kerakligini taʼkidlashdi. Mazkur kitoblarning nashr etilishi afzalligi nuqtai nazaridan adadi masalasida ham yangi qaror qabul qilindi.


    Kengash raisi bu borada avvalgi reja 1000 nusxa boʻlgani va yana shu miqdorda chop etish zarurligini aytdi. 


– Prezidentimiz Imom Buxoriy majmuasiga tashriflari chogʻida Madinada katta masjidlarda kitoblar boʻlib, odamlar ularni zavq bilan oʻqiyotganini bildirdilar. Nega bizning masjidlarda shunday kitoblar qoʻyilmaydi, deb savol bergandilar. Shu nuqtai nazardan taklif shundayki, chop etilayotgan kitoblarni faqatgina kutubxonalarga emas, balki masjidlarga ham bersak ayni muddao boʻlardi. Shu bois kitoblar adadi 1000 nusxada belgilab, 300 tasi kutubxonalarga taqdim etilsa, qolganini katta-katta masjidlarga tarqatsak, bugungi kunda Prezidentimizning diniy-maʼrifiy sohadagi tashabbuslariga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlardik.


    Ushbu taklifni maʼqullagan kengash aʼzolari qatorida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva ushbu kitoblarga QR-kodlar qoʻyilsa, yanada qulay boʻlishini aytdi. 


    Shayx Abdulaziz Mansur esa nashrga tayyorlanayotgan Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” hadislar toʻplami kitobi haqida muhim taklif bildirdi.


Bu kitob bundan 50 yil oldin oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Hamma  kitoblarni toʻplaganda 1 millionta hadis bor. “Sahihi Buxoriy”da esa eng ishonchli saralangan 7500 da hadis bor. Ammo hozir bu hadislar orasida ham hukmi bekor qilingan nosix va masux, yaʼni hukmi bekor qilinganlari bor, unga amal qilinmaydi. Hatto Qurʼonda ham nosix va masix oyatlar bor. Avval kelganu, unga amal qilinganu, keyin boshqa oyatlar bilan eskisi bekor qilingan. “Sahihi Buxoriy”da ana shunday hadislar bor. Aytmoqchi boʻlganim, agar bu kitobni nashr etish rejalashtirilgan boʻlsa, ana shunday hadislar ajratilishi maqsadga muvofiq boʻladi. 


    Qayd etilishicha, Markaz tomonidan nashr etilishi rejalashtirilgan kitob umumiy Imom Buxoriy hayot yoʻli, buyuk muhaddis nomi bilan tashkil etilayotgan ilmiy innovatsion muzey haqida boʻladi. Ammo Shayx Abdulaziz Mansurning fikrlaridan soʻng Kengash raisi tomonidan “Sahihi Buxoriy” hadislar toʻplamini aytilgan tuzatishlar bilan toʻliq qaytadan nashr etish masalasi taklif qilindi. Yigʻilishda bu borada Shayx Abdulaziz Mansur boshchiligida ishchi guruh tuzilib, alohida loyiha sifatida ish boshlanishi, tahrir ishlarini qayta koʻrib chiqish va keyingi bosqichda nashrga tayyorlashga qaror qilindi.


     Qadimiy qoʻlyozmalar va zamonaviy innovatsiyalar


    Markazga yuklatilgan vazifalar orasida qoʻlyozma va boshqa nodir manbalarni jamlash, ularni ilmiy tadqiq etish va ommaga taqdim etish muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.


    Markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarovning maʼlum qilishicha, bugunga qadar 2000 dan ortiq nodir asarlar Markazga keltirilgan boʻlib, ularning ayrimlari shaxsiy kolleksiyalardan sotib olingan, baʼzilari esa hadya qilingan. Xususan, Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan 220 dan ortiq kitob taklif qilingan, shulardan 120 tasi — qadimiy qoʻlyozma, 100 tasi — nodir toshbosma asarlar hisoblanadi. Zohidulla Munavvarovga koʻra, arab grafikasining murakkabligi, xilma-xil xat turlarining mavjudligi bu ishni yanada murakkablashtiradi. Shuningdek, arab yozuvida 70 ga yaqin xat turi mavjud boʻlib, amaliyotda eng koʻp ishlatiladiganlari nasx, nastaʼliq, rayhoniy kabi 7-10 ta asosiy xatlar bor. Aksariyat qoʻlyozmalar aynan shu xat turlarida bitilgan.


“Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida duch kelinayotgan asosiy muammolardan biri – bu turli yozuv turlarida bitilgan qoʻlyozmalarni oʻqishdagi murakkabliklar. Hozirda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar soni juda kam. Ayni vaqtda esa oʻqilishi zarur boʻlgan qoʻlyozmalar soni minglab emas, balki oʻn minglabni tashkil etadi. Rossiyaning "Sberbank" texnologik markazi bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt asosida ishlovchi, qoʻlyozma matnlarini oʻqiy oladigan dasturiy model yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bu loyiha doirasida arab yozuvi asosida bitilgan matnlarni tanib olish va ularni zamonaviy oʻqilishi mumkin boʻlgan shaklga keltirish imkonini beruvchi sunʼiy intellekt modelining ilk versiyasi tayyorlanmoqda. Bugungi kunda yaratilayotgan dasturiy model nasx xatiga asoslangan boʻlib, dastlabki sinovlar shuni koʻrsatmoqdaki, u XI-XII asrlarga oid qoʻlyozmalarni 80% aniqlik bilan oʻqishga qodir. Bu, albatta, juda katta ilmiy yutuqdir. Ayni paytda, tarjimalar ustida ishlash masʼuliyati tajribali mutaxassislarga yuklatilgan boʻlib, sunʼiy intellekt tomonidan oʻqilgan matnlar ham albatta olimlar tomonidan qayta koʻrib chiqiladi, ilmiy mezonlarga muvofiqligi baholanadi” — deya taʼkidladi Zohidulla Munavvarov.


    Shunga qaramay, kengash aʼzolarida bu tashabbus yuzasidan turlicha fikrlar bildirildi. 


    Xususan, professor Bahrom Abduhalimov, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova kabi olimlar sunʼiy intellekt imkoniyatlari hali cheklanganini, u inson kabi tafakkur yuritish, murakkab ilmiy til tahlilini amalga oshirish darajasiga yetmaganini taʼkidlashdi. 


    Markaz ilmiy kengashi rahbari Firdavs Abduxoliqov esa ushbu yoʻnalish istiqbollari yuqori ekaniga ishonch bildirdi. 

“Sunʼiy intellekt texnologiyalari kundan kunga takomillashib borayotgani sababli, yaqin yillarda bu dasturlar ilmiy doiralar ishonchini oqlaydi”, — deya taʼkidladi Markaz rahbari

 

     Nodir qoʻlyozmalar uchun alohida talab


    Yigʻilishda yana bir muhim masala – markaz ekspozitsiyasi uchun vaqtincha taqdim etilayotgan qoʻlyozmalar roʻyxati muhokama qilindi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tomonidan taklif etilgan ushbu nodir qoʻlyozmalar roʻyxati ekspertlar tomonidan qayta koʻrib chiqildi. Ularning faqat zarur qismini ekspozitsiyaga jalb etish, har bir qoʻlyozmaning davriy mansubligi nuqtai nazaridan boʻlimlarga joylashtirilishi boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish haqida ekspozitsiya Ishchi guruh rahbarlari va aʼzolariga topshiriqlar berildi.


    Qayd etildiki, yuzlab qoʻlyozmalarni katalog asosida shunchaki olib kelish emas, balki maqsadga muvofiq tanlab, aniq ekspozitsion joylashuvini belgilash muhim. Shu bois, bu borada har bir loyiha koordinatori masʼul boʻlib, ekspozitsiyada foydalaniladigan qoʻlyozmalarning tematik bogʻliqligini asoslab berishi zarur.


    Bu masalada ana shunday aniq tartib asosida Sharqshunoslik instituti tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi uchun taqdim etilgan 200 ga yaqin qoʻlyozma vaqtincha ekspozitsiyada foydalanish uchun jalb etilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.


    Qayd etish kerakki, Markazda jami 3000 ga yaqin eksponat namoyish etilishi rejalashtirilgan. Ulardan muayyan qismi markazning oʻz fondidan tanlab olinadi. Qolgan 1000 ga yaqin eksponat esa Oʻzbekistonning turli muzeylari va kutubxonalaridan vaqtincha foydalanish uchun jalb qilinadi.


    Bundan tashqari, xalqaro koʻrgazma doirasida 30 ga yaqin davlatdan noyob eksponatlar olib kelinib, markazda maxsus ekspozitsiyada namoyish etiladi.  Kengash yigʻilishida qayd etilishicha, hozirda bu noyob buyumlarning Oʻzbekistonga olib kelinishi boʻyicha kafolat va logistika masalalari yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.


     50 dan ortiq tarixiy obidalarni yaratishning shartlari


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini yanada boyitish maqsadida bir qator xorijiy va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda maket va mulyajlar tayyorlash ishlari ham olib borilmoqda. Hozirgi kunga kelib ushbu maketlarning bir qismi toʻliq tayyorlangan, qolganlari esa ishlab chiqarish jarayonida.


    Kengash yigʻilishida Markaz katta ilmiy xodimi muzey ekspozitsiya konsepsiyasi doirasida umumiy hisobda 59 ta maket rejalashtirilgan boʻlib, ulardan 23 tasi zamonaviy 3D formatida boʻlishi haqida axborot berdi. 


    Bu borada ahamiyatli jihatlardan biri shundaki, yurtimizdagi «Artefakt» kompaniyasi tomonidan Markaz ekspozitsiyasi uchun 20 dan ortiq maketlar hadya sifatida tayyorlab bermoqda. Kengash aʼzolari bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab uni kengroq targʻib qilish va boshqa tadbirkorlarni ham ana shunday savobli, xayrli ishga undash kerakligini taʼkidlashdi.


    Shuningdek, yigʻilishda taqdim etilgan axborotdan soʻng Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov tomonidan bir qator muhim masalalar taʼkidlandi. Jumladan, tayyor maketlar mavjud boʻlsa, ularni topib, muzey ekspozitsiyasiga mos tarzda sotib olish imkoniyatlari koʻrib chiqilishi kerakligi bildirildi. Shu bilan birga, Vasiylik kengashiga rasmiy murojaat yoʻllab, ayniqsa “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori” boʻlimi uchun maketlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha koʻmak soʻrash zarurligi aytib oʻtildi.


    Yigʻilishda, shuningdek, touchpanel orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan 3D maketlar masalasi ham muhokama markazida boʻldi. Ammo mazkur yoʻnalishga masʼul boʻlgan kompaniya bu borada kengash aʼzolariga axborot taqdim eta olmadi. Shu bois ularning yondashuvi va mazkur masalada olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz baholandi.


    Dilnoza Jamolova, Oʻz FA Tarix instituti direktorining oʻrinbosari, tarix fanlari doktori: 

 

– Bu borada masʼul kompaniyaga soʻnggi imkoniyat sifatida oʻzining hozirgacha bajargan ishlari va texnik imkoniyatlarini taqdimot shaklida markazga taqdim etish topshirildi. 3D tushunchasi amalda aks etayotgan holati, real tasavvur uygʻotish imkoniyatlari, ishlar sifati tahlil qilinishi lozimligi aytildi. Agar natijalar qoniqarsiz boʻlsa, mazkur kompaniya bilan hamkorlikni toʻxtatish masalasi koʻrib chiqiladi.

 

    Markaz rahbari, shuningdek, bu boradagi ishlarda vaqt omilini bahona qilmasdan, har bir maket va mulyaj yuqori sifatga ega, ilmiy asoslangan va ekspozitsiyaga munosib boʻlishi kerakligini qatʼiy taʼkidladi.


    Ushbu yoʻnalishda taklif etilayotgan barcha mahsulotlarning sifati, vizual darajasi hamda tarixiy haqiqatga muvofiqligi Ilmiy kengash tomonidan ekspertiza va baholash asosida koʻrib chiqiladi. Bu jarayon ekspozitsiyalar konseptual yaxlitligini taʼminlash va Markaz nufuziga monand boʻlgan yondashuvni taʼminlashga xizmat qiladi.


     Ekspozitsiyalar uchun badiiy asarlar va vizual loyihalar


    Kengash aʼzolariga, shuningdek, rassomlar tomonidan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar” devorining yuqori qismi uchun moʻljallangan monumental rangtasvir asarlarining taqdimoti oʻtkazildi. Yigʻilishda ushbu tasviriy asarlarning badiiy-estetik qiymati, tarixiylik darajasi hamda kontekstual mosligi muhokama qilindi.


    Taʼkidlanishicha, ekspozitsiyalarda faqat maketlar, mulyajlar yoki tarixiy buyumlar emas, balki davr ruhini aks ettiruvchi badiiy tasvirlar ham katta ahamiyatga ega. Aynan shu maqsadda, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Shayboniyxon kabi buyuk tarixiy shaxslarning qiyofalarini ifodalovchi badiiy suratlar tayyorlanmoqda.


    Rassomlar tomonidan taqdim etilgan ishlar kengash aʼzolari tomonidan tahlil qilindi. Ayrim suratlarga tarixiy haqiqat va kontekstga oid eʼtirozlar bildirildi. Natijada, ularni takomillashtirish va tarixiy manbalarga yanada asoslangan holda qayta ishlab chiqish tavsiya etildi. Yakuniy tavsiyalar ilmiy kengash tomonidan tasdiqlangach, ushbu asarlar ekspozitsiyalarda tasviriy sanʼat shaklida namoyish etilishi va loyihaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishi belgilandi.


    Alohida ishchi guruh tuzilib, rassomlarning ekspozitsiya uchun tayyorlangan ana shu miniatyuralarni qabul qilib olish uchun hayʼat tarkibi shakllantirishi masalasi oʻrtaga tashlandi va nomzodlar eʼlon qilindi. Kengash aʼzolari tomonidan bu masalada ham ijobiy qaror qabul qilindi. 


    Alisher Aliqulov boshchiligidagi rassomlarning bir qator ishlari koʻrib chiqilib, ilmiy kengash aʼzolari tomonidan ularga tarixiylik va kontekstga doir eʼtirozlar bildirildi. Xususan, chizilgan suratlarda qiyofalari va liboslarda, tasvirlarda kerakli ruh ifoda etilmagani akademik, sanʼatshunos Akbar Hakimov tomonidan tanqid ostiga olindi. Shundan soʻng, suratlarning umumiy konsepsiyasi maʼqullangan boʻlsa-da, bildirilgan takliflarni inobatga olib qayta ishlab chiqilishi belgilandi. Takomillashtirilgan tasvirlar ilmiy kengash tasdigʻidan oʻtganidan keyin, ularni ekspozitsiyada tasviriy sanʼat shaklida aks ettirishga ruxsat beriladi va zarur hollarda ularning ishlari qoʻllab-quvvatlanadi.

 

     Fuqarolarimiz ham ancha faol


    Kengash yigʻilishida shuningdek, fuqarolar tomonidan Markaz ekspozitsiyasi uchun topshirish uchun olib kelingan ajdodlaridan meros boʻlib qolgan qadimiy ashyolar, artefaktlar, qoʻlyozmalar, toshbosmalar va tarixiy hujjatlar ham namoyish etildi.


    Jumladan, aholi tomonidan olib kelingan Buxoro amiri Abdulahadxon II davriga oid noyob eksponat — Kaʼbapoʻshi va Paygʻambarimiz (s.a.v.) ravzalari uchun tayyorlangan soʻzana namunalari namoyish etildi. Tilla va bronza iplari bilan matoda toʻqilgan bu eksponatga Oyatul Kursiy bitilganligi maʼlum qilindi.

 
    Shuningdek, 1742 yilda Pokistonda Boburiylar davrida koʻchirilgan Qurʼoni Karim nusxasi ham namoyish etildi. Maʼlum qilinishicha, bu muqaddas kitobning har bir sahifasi tilla suvi bilan bezatilgan boʻlib, oʻz davrining sanʼat va eʼtiqod namunasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.


    Markazda bunday eksponatlarni qabul qilish boʻyicha maxsus komissiya tashkil etilgan. Komissiya aʼzolari eksponatlarni dastlabki koʻrikdan oʻtkazadi, soʻngra baholash komissiyasiga taqdim qiladi. Baholash jarayonida buyumlarning qadimiyligi aniqlanib, tarixiy ahamiyatiga qarab tegishli baho beriladi. Shundan soʻng, ularni markaz fondiga sotib olish jarayonlari boshlanadi. 


    Kengash yigʻilishida aholi tomonidan olib kelingan va namoyish etilgan bu kabi eksponatlar yuzasidan ham ularning tarixiyligini aniqlash uchun maxsus ekspertizaga yuborish, soʻng esa baholash komissiyasiga taqdim etish qarori qabul qilindi.


     Butun Yevroosiyodagi eng yirik va noyob toʻplamlar namoyishi


    Ayni paytda Rossiyaning Ermitaj muzeyi bilan hamkorlikda olib borilayotgan muhim tashabbuslardan biri – islomdan avvalgi davrga xos antropo-zoomorfik plastikalar kolleksiyasini tiklashdir.

 
    Ermitaji tadqiqotchisi Asan Torgoyevning maʼlum qilishicha, bu kolleksiya nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Yevroosiyo hududidagi eng yirik va noyob toʻplamlardan biriga aylanishi mumkin. Unda turli davrlarga mansub tumorlar, osmaliklar, quloq bezaklari, insonsimon xudolar, mifologik obrazlar, suv parilari kabi tasvirlar oʻrin olgan.


    Ushbu arxeologik topilmalar Quyi Xorazm, Samarqand, Soʻgʻd, Choch va boshqa hududlardan aniqlangan. Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston hududidagi Kirdoir madaniyatiga oid buyumlar oʻzining tarixiy va madaniy ahamiyati bilan ajralib turadi. Ilk bor tadqiq etilayotgan bu madaniyat haqidagi maʼlumotlar, Yevrosiyodagi “kumush va moʻyna yoʻli” tarixi hamda ugʻor madaniyati bilan bogʻliq aloqalarni ochib beradi.


    Torgoyev taʼkidlaganidek, bu kolleksiya Ermitajdagi general Kostalskiy toʻplami va arxeolog Veselovskiyning Margʻilon atrofidagi qazishmalari natijalariga nisbatan ham keng qamrovliroqdir. Shuningdek, uning baʼzi qismlari Ermitaj va Moskvadagi Davlat tarixiy muzeyida ham uchramaydi.


    Tadqiqotchining qayd etilishicha, 200 dan ziyod artefakt ilmiy jihatdan qayta oʻrganilgan. Bu jarayonda ularning qadimgi odamlar hayoti, eʼtiqodi va mifologik dunyoqarashi haqidagi maʼlumotlari qaytadan kashf etildi. Kolleksiya milliy tarixiy xotira, madaniy oʻzlik va ilmiy faxr timsoli sifatida baholanmoqda.


    Kelgusida mazkur toʻplam Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida alohida boʻlim sifatida namoyish etiladi. Shuningdek, ilmiy katalog va nashrlar orqali jahon jamoatchiligi eʼtiboriga havola qilinishi rejalashtirilgan.


     Imom Buxoriy majmuasi haqida film ishlanmoqda


    Imom Buxoriy ilmiy-innovatsion majmuasi ochilish marosimi arafasida mazkur majmua haqida tayyorlanayotgan hujjatli filmning dastlabki konsepsiyasi va ssenariysi taqdim etildi. Film muallifi Bahodir Odilovning maʼlumot berishicha, Samarqand shahridagi suratga olish joylari koʻzdan kechirilgan, barcha zarur ruxsatnomalar olingan. Hozirda filmning Toshkentdagi sahnalari boʻyicha suratga olish ishlari boshlanish arafasida turibdi. Loyihada arxitektorlar, tarixchilar va boshqa mutaxassislar bilan intervyular tashkil etilishi rejalashtirilgan.


Film uch asosiy boʻlimdan iborat boʻladi:


  - Birinchi boʻlim – Imom Buxoriy hayoti, bolaligi, ilmiy merosi va faoliyatiga bagʻishlanadi. Ushbu qismda zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish rejalashtirilgan.

 

  - Ikkinchi boʻlim – 1997–2017 yillar oraligʻida majmua hududida amalga oshirilgan oʻzgarishlar, qurilishlar, 1974 yildagi xalqaro konferensiya va Prezident tashabbuslari asosida olib borilgan ishlarga bagʻishlanadi.


  - Uchinchi boʻlim – 2017 yildan keyingi davrda amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari hamda ilmiy-maʼrifiy faoliyat yoritiladi.


    Filmning umumiy davomiyligi 30 daqiqa deb belgilangan boʻlsa-da, mavjud materiallar hajmiga qarab bu muddat kengaytirilishi mumkin. Har bir boʻlim alohida ishlanadi, mazmun va vizual uslub jihatidan mukammallikka intilinadi.


    Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan film mazmuniga oid qator muhim taklif va mulohazalar bildirildi. Jumladan, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev Imom Buxoriyning uch jihatiga — axloqi, noyob xotirasi va qomusiy olim sifatida koʻp sohalardagi iqtidoriga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi. Tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova film ijodkorlariga majmuani bevosita borib koʻrish, uning ruhini his etish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, majmua qurilishida foydalanilayotgan Hindistondan keltirilgan marmar haqida alohida vizual material tayyorlash taklifini berdi. Shuningdek  Bundan tashqari, har bir majmua va muzeyning oʻziga xos mohiyati va maqsadi borligi filmda ochib berilishi lozimligi qayd etildi.
Ilmiy kengash tomonidan bildirilgan barcha fikr va takliflarni inobatga olgan holda, film konsepsiyasi maslahat guruhi tuzilishi va mavjud kamchiliklar bartaraf etilishi sharti bilan tasdiqlandi.




     Maʼnaviy uygʻonishning asosiy poydevori


    Yigʻilish yakunida markaz ekspozitsiyasini shakllantirishda ilmiylik, tarixiy asoslanganlik, texnologik yangilik va estetik yondashuv ustuvor mezonlar boʻlishi qayd etildi. Muhokamalardan umumiy xulosa shuki, Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi va Imom Buxoriy merosini asrab-avaylash, uni xalqaro miqyosda namoyon etishdagi barcha ishlar Prezidentimiz gʻoyalari va tashabbuslarining amaliy ifodasi hisoblanadi. Ushbu keng qamrovli loyihalar millat maʼnaviyatini yuksaltirish, yosh avlodni tarixiy merosga boʻlgan muhabbat bilan tarbiyalashga xizmat qiladi.