Imom Buxoriy innovatsion muzeyi: hadis, tarix va texnologiya uygʻunligi muhokama qilindi
Imom Buxoriy innovatsion muzeyi 9 ta pavilondan iborat boʻlib, ularning har biri Imom Buxoriy merosi, islomiy ilm-fan, tarixiy shaxslar va maʼnaviy qadriyatlarni zamonaviy yondashuvlar asosida aks ettirishga qaratilgan.
Muzey kirish qismida buyuk muhaddisning Sahihul Buxoriy kitobidan hadislar, iboralar joy oladi. Shuningdek, birinchi boʻlimda Qurʼonda nomi zikr etilgan 25 nafar paygʻambar haqida maʼlumotlar jamlanadi. Qolgan pavilonlarda esa islom tarixidagi buyuk shaxslar, tafsir, hadis ilmi, ilmiy-falsafiy tafakkur taraqqiyoti hamda Imom Buxoriy merosining jahon ilm-faniga taʼsiri interaktiv va innovatsion vositalar orqali yoritiladi.
Ana shunday mazmunan va texnologik jihatdan murakkab loyihani mukammallashtirish yoʻlida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida navbatdagi muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimlari, loyiha rahbarlari, shuningdek, Turkiyaning Outdoor Fastory kompaniyasi vakillari ishtirok etdilar.
Yigʻilish davomida muzey pavilonlarining tashkiliy-meʼmoriy yechimlari, ekspozitsiya mazmuni, grafik va texnik dizayn elementlari, animatsion hamda hujjatli filmlar sifati, vizual kommunikatsiya vositalarining jozibadorligi atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, muzey uchun ishlab chiqilgan logotipning yakuniy varianti taqdim etildi va ekspertlar kengashi tomonidan maʼqullandi.
Muhokamalar chogʻida loyiha ijrosida uchrayotgan ayrim kamchiliklar ham eʼtiborga olindi. Xususan, Turkiyaning Outdoor Fastory kompaniyasi vakillari tomonidan taqdim etilgan ayrim materiallarda texnik va orfografik xatolarga yoʻl qoʻyilgani olimlar tomonidan tanqid qilindi. Jumladan, baʼzi yozuvlar oʻqish uchun qiyin boʻlgani, turlicha shriftlardan foydalanilgani, devorga oʻrnatilgan matnlarda imlo xatolari mavjudligi qayd etildi.
Kompaniya vakillari esa materiallar har safar qayta topshirilishidan soʻng yangidan tuzatishlar berilayotgani loyihaning topshirilishini kechiktirayotganini va xarajatlarni oshirayotganini bildirdilar. Shu bois tomonlar ishtirokida loyihaning oxirgi talqinini tez fursatda yakuniy koʻrinishga keltirish boʻyicha kelishib olish zarurligi taʼkidlandi. Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maqsudov xorijlik hamkorlarga aniq misollar bilan kamchiliklarni koʻrsatib, keyingi bosqichda shunday xatolarga yoʻl qoʻymaslik zarurligini uqtirdi.
Yigʻilishda shuningdek, muzey ekspozitsiyasi uchun tayyorlanayotgan 11 ta animatsion va hujjatli film namoyish qilinib, ularning bir qismi muhokama etildi. Mazkur filmlarning tarixiylik, badiiylik va texnik sifat jihatlari boʻyicha ayrim takliflar va tavsiyalar bildirildi.
Uchrashuv yakunida har bir pavilon uchun masʼul shaxslar belgilanib, ular muzey maydoniga borib, har bir boʻlim boʻyicha yakuniy xulosalarni shakllantirishga kelishib oldilar. Bu yondashuv loyiha sifatini oshirish, ekspozitsiya mazmunini yanada boyitish va muzeyning xalqaro darajadagi oʻziga xos muqobilini yaratishga xizmat qiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
