Arxeologlar Xorazmda Uygʻonish davri topilmalarini aniqlashdi

    Xorazm Maʼmun akademiyasi arxeologlari Uygʻonish davri topilmalarini qoʻlga kiritdilar, deya xabar qildi OʻzR FA Axborot xizmati.
 

    Ayni paytda Xorazm Maʼmun akademiyasi arxeologlari Bahrom Sadullayev rahbarligida Shovot tumanida joylashgan Kat-qalʼa yodgorligida arxeologik dala tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda.


    2025-yilda qazishma ishlari yodgorlikning shimoliy qismida boshlandi. Yangi 10-qazishma maydonidagi tadqiqotlar jarayonida shaharning qadimgi davri va oʻrta asrlar topografiyasiga doir maʼlumotlar qoʻlga kiritildi. Ushbu obʼektdagi qazishmalar natijasida soʻngi antik davrga oid inshoot qoldiqlari va u bilan bogʻliq xonalar aniqlandi. Inshoot devorlari 42x42x10, 41x41x10, 40x40x10 sm hajmdagi xom gʻishtlardan barpo etilgan. Keyinchalik ilk oʻrta asrlarda taʼmirlash ishlari bajarilib, qadimgi devorlardan asos sifatida foydalanishgan va 38x38x10, 39x39x10 sm hajmdagi xom gʻishtlardan qoʻshimcha devorlar barpo etilgan. Devorlarni ochish davomida soʻnggi antik davr va ilk oʻrta asrlarga tegishli pol sathlari qayd qilinib, pol sathlaridan olingan sopollar namunalari inshoot qoldiqlarini davrlashtirishda muhim manba vazifasini oʻtadi.

 

    Ushbu qadimiy inshoot qoldiqlarini ochish jarayonida yuqori qatlamlarda 20 dan ortiq chiqindi oʻralar aniqlanib, ulardan 3 tasi IX-XI asrlarga, qolganlari XVIII-XIX asrlarga tegishlidir. Shulardan IX-XI asrlarga oid oʻralar juda koʻplab sirlangan va sirlanmagan sopol buyumlardan iborat noyob topilmalar kolleksiyasini taqdim etdi. 


    Ular orasida jimjimador oʻsimliksimon oʻyma bezaklar, rangdor soxta epigrafik va turli shakldagi naqshlar bilan bezatilgan kosalar va bodiyalar qoldiqlari juda qiziqarlidir. Sirlanmagan idishlarning aksariyati koʻzalarga tegishli boʻlib, ular ham oʻta nozik did bilan ishlangan va turli xil naqshlar tushirilgan. Jumladan, ularning birida koʻza baldogʻiga ilingan xalqaning saqlanib qolganligi juda noyob topilma sifatida qayd qilinadi. 









   
    Topilmalar orasida shisha buyumlar va suyakka tushirilgan naqsh bezaklari ham hunarmandchilikning faqat kulolchilik tarmogʻi emas balki boshqa turlari ham Xorazmda keng yoyilganligidan dalolat beradi. Shisha buyumlarining yasalishi, sopol idishlarga va suyak qoldiqlariga berilgan bezaklar, ularning ishlanish uslubi oʻrta asrlarda Xorazm vohasida fayoliyat yuritgan usta hunarmandlarning yuksak darajadagi malaka sohibi boʻlganliklaridan dalolat beradi. 

 

Yodgorlikda qazishma ishlari davom etmoqda.