Islom sivilizatsiyasi markazidagi “Vaqt devori” loyihasi orqali tarixiy meros yangi texnologik formatda namoyon boʻlmoqda
👉Xorazmiyning “Algoritm ustuni”;
👉Ibn Sinoning inson anatomiyasi;
👉Fargʻoniyning Nilometr qurilmasi zamonaviy vizual vositalar orqali yodda qoladigan, taʼsirli va ilhomlantiruvchi uslubda taqdim etilishi kutilyapti.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan joy oladigan bu kabi ekspozitsiyalar nafaqat ilm-fan va tarix, balki kelajak avlod uchun ilhom manbai, maʼnaviy qoʻllanma va intellektual xazina boʻladi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Vaqt devori” loyihasi – bu shunchaki ekspozitsiya emas, balki inson sivilizatsiyasi taraqqiyotini yangicha koʻz bilan anglatishga qaratilgan innovatsion madaniy-maʼrifiy tashabbusdir.
Ushbu loyiha Islomdan avvalgi davrlar, Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlarini qamrab olgan holda interaktiv media-kontentlar, animatsiya, 3D grafika va sunʼiy intellekt orqali qayta jonlantirilayotgan zamonaviy taʼlimiy platformaga aylanmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — yosh avlodni ilm-fanga qiziqtirish, Islom dunyosida kamol topgan buyuk mutafakkirlar va olimlarning ilmiy merosini zamonaviy vizual vositalar orqali yodda qoladigan, taʼsirli va ilhomlantiruvchi uslubda taqdim etishdir.
“Vaqt devori” doirasida 100 ga yaqin multimediaviy videokontent, animatsiya, oʻyin texnologiyalari va sunʼiy intellekt asosida ishlangan eksponatlar ishlab chiqilmoqda. Ular orasida jahon fanining poydevorini qurgan allomalar – Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy va boshqalarning merosi muhim oʻrin tutadi.
Masalan:
👉 Xorazmiyga bagʻishlangan qismda “Algoritm ustuni” orqali tenglamalarni yechish;
👉 Ibn Sino ekspozitsiyasida inson anatomiyasini interaktiv tarzda oʻrganish;
👉 Fargʻoniyning Nilometr qurilmasi asosida suv sathini boshqarish orqali hosildorlikni modellashtirish kabi elementlar yoshlarda bilimga qiziqish uygʻotadi.
Loyiha Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari, mahalliy va xalqaro olimlar, Rossiyaning “Planet 9” kompaniyasi hamda Oksford universiteti kabi yetakchi ilmiy markazlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bunday yondashuv Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydondagi ilmiy va madaniy nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Ish jarayonida yaratilayotgan har bir kontent Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Ilmiy kengash tomonidan muhokama qilinib, tarixiy manbalarga asoslangan holda takomillashtiriladi. Bu esa loyihani ilm va sanʼat oʻrtasidagi mukammal uygʻunlik namunasi sifatida namoyon etadi.
Muzaffar Erkinov, rejissyor, loyiha ijodiy rahbari:
– Har bir kadr, har bir vizual taʼsir — bu tarix bilan muloqot. Ilmiy aniqlik va kreativ yondashuv birlashgani sabab, biz nafaqat oʻtmishni aks ettirmoqdamiz, balki uni yoshlar tafakkurida qayta jonlantiryapmiz.
Bunday keng koʻlamli, ilmiy asoslangan va texnologik jihatdan mukammal loyiha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi Renessans” gʻoyasining amaldagi yorqin ifodasidir. Bu ekspozitsiya — nafaqat ilm-fan va tarix, balki kelajak avlod uchun ilhom manbai, maʼnaviy qoʻllanma va intellektual xazinadir.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
