Shohbayt shoir — Atoyi adabiy merosi targʻib qilinadi
Shoirlar borki, devonlarini birov bilmaydi, shoirlar borki, bir bayt sheʼri bilan mashhur boʻlib ketadi. Bunday baytlarni mumtoz adabiyotshunoslikda «shohbayt» deyishadi. Atoyi mana shunday shoirlardar biri sifatida tanilgan. Uning quyidagi bayti shoirning shuhratini elga yoygan «shohbayt»lar sirasiga kiradi:
Ul sanamkim, suv yaqosinda paritek oʻlturur,
Gʻoyati nozuklukindin suv bila yutsa boʻlur.
Alisher Navoiygacha oʻtgan turkiy adabiyotning zabardast namoyandalaridan biri, oʻzbek gʻazalchiligi ustozlaridan boʻlgan Atoyi XIV asrning ikkinchi yarmi — XV asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan. Yassaviya shayxlari avlodidan boʻlganligi uchun Shayxzoda Atoyi deb yuritiladi. U bir-ikki avlod orqali bevosita «Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi» Xoja Ahmad Yassaviyga borib bogʻlanadi. Shoirning tarjimai holi haqida deyarli maʼlumot yoʻq: uning qachon va qayerda tugʻilgani, qaysi shaharlarda qancha muddat yashagani hamda asl ismi nomaʼlum.
Mavlono Atoyidan bizgacha 260 ta gʻazaldan iborat yagona devon yetib kelgan boʻlib, u hozirda Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik institutining Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida 22 V-2456 raqami bilan saqlanadi.
U Navoiyning amakisi va shu bilan birga uning ilk adabiy murabbiylaridan biri sanaladi. Atoyi Navoiyning maʼnaviy shakllanishi, sheʼriy dunyoqarashiga taʼsir etgan shaxs sifatida adabiyotimiz tarixida muhim oʻrin tutadi.
Atoyi ijodida Allohga muhabbat, ruhiy poklik, nafsni tarbiyalash, zohidlik kabi mavzular markaziy oʻrinni egallaydi. Bu bilan u tasavvuf adabiyotining yuksak namunalaridan biriga aylanadi. Uning sheʼrlarida xalqona iboralar bilan bir qatorda klassik poetik shakllar ham ustalik bilan qoʻllangan. Bu esa uning ham el orasida, ham saroy atrofida qadrlanganini koʻrsatadi.
Alisher Navoiy uni “Nazirachi ustoz” sifatida eʼzozlagan. Navoiy oʻz gʻazallarida Atoyining shakl va mazmundagi yutuqlarini davom ettirgan, baʼzan esa naziralar yozgan. Bu ikki ijodkor oʻrtasidagi maʼnaviy bogʻlanish adabiyotimizdagi avlodlar uzviyligining yorqin namunasidir.
Atoyi nafaqat shoir, balki maʼrifatparvar zot boʻlib, oʻz faoliyatida inson qalbini poklash, yaxshilik va bilim orqali yuksalish gʻoyasini yoygan. Bugungi kunda Atoyining faoliyati – maʼnaviyat va milliy oʻzlikni tiklash jarayonida qimmatli ilmiy va madaniy meros sifatida oʻrganilmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Atoyi adabiy merosi” medialoyihasi ana shu ulugʻ soʻz zargari haqidagi bilim va gʻoyalarni jamoatchilikka yanada yaqinlashtirish, uning boy maʼnaviy merosini yosh avlodga yetkazishni maqsad qiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
