Islom sivilizatsiyasi markazi: tarix va haqiqat oʻrtasidagi vizual muloqot

 

🔴 “Tarix ovoziga aylangan markaz”

 

🔴 “Tasavvurni uygʻotuvchi ekspozitsiyalar”

 

🔴 Shunchaki estetika emas, maʼnolar ifodasi


    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz faoliyatida muhim bosqichga qadam qoʻydi — bu bosqich mazmun va maʼnoda yanada yuksak masʼuliyat talab etadi.

 

    Markaz qurilishida galdagi vazifa  ekspozitsiyalarni boyitish, ularning tarixiy, ilmiy va madaniy jihatdan toʻkis hamda taʼsirchan boʻlishiga erishishdan iborat. Shu munosabat bilan Markazda tarixchilar, arxeologlar, etnograflar, dizaynerlar va texnik mutaxassislardan iborat guruhlar faol hamkorlikda ish olib bormoqda.

 

     Sivilizatsion yodgorliklarga ilmiy yondashuv


    Markazda oʻtkazilgan navbatdagi muhokama yigʻilishida ekspozitsiyaining antik davrdan to ilk oʻrta asrlargacha boʻlgan bosqichlari, xususan, Baqtriya va Turon oʻrtasidagi madaniy va geotsivilizatsion aloqalar muhokama qilindi. 

 

    Yigʻilishda Baqtriya mudofaa devoridagi darvoza maketi tahlil qilinib, u antik meʼmorchilik anʼanalariga mos kelmasligi va tarixiy reallikdan yiroq ekani qayd etildi. Mutaxassislar bu qismni asl tarixiy asoslar va bezak elementlari asosida qayta yaratish, ekspozitsiyani geomadaniy asoslar bilan boyitish zarurligini taʼkidlashdi.

 

    Shu bilan birga, darvoza orqasida masofaviy tarixiy manzarani joylashtirish taklifi ilgari surildi. Bu ekspozitsiyaga taʼsirchanlik, teranlik va tamoshabinda tarixiy ulugʻvorlik tuygʻusini uygʻotishga xizmat qilishi mumkin.

 

     Kontent – markazning ruhi va masʼuliyati


    Mazmunan boy ekspozitsiya — markazning asosiy vazifasi. Hozirda ayrim zallarda oʻrnatilgan maket va namunalar tahlil qilinganda, ularning toʻliq ilmiy yechim bilan taʼminlanmagani maʼlum boʻlmoqda. Bu esa, ularni qayta ishlash, yangilash yoki boshqa eksponatlar bilan almashtirishni taqozo etmoqda.


    Mirsodiq Isxoqov, tarix fanlari doktori:

     – Baʼzi moddiy yodgorliklar hozirda mavjud emas. Shuning uchun ularni izlash, qayta tiklash yoki hattoki xorijdan xarid qilish talab etiladi. Buning uchun markaz rahbariyati xalqaro muzokaralar, muzeylar va madaniy tashkilotlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻygan.

 

    Ayni paytda Markaz rahbariyati, Ilmiy kengash aʼzolari ishtirokidagi jamoa zarur artefaktlar, maketlar va eksponatlarni olib kelish boʻyicha ishlarni amalga oshirmoqda.

 

     Dizayn – estetika emas, maʼnolar ifodasi


    Shuningdek, yigʻilishda Fransiyaning “Avesta Group” dizaynerlari ishtirokida ekspozitsion maketlar, ularning mantiqiy tizimi, vizual taʼsirchanligi va maʼnaviy yuki ham muhokama qilindi. Eʼtiborli jihat shundaki, dizaynerlar faqat goʻzal koʻrinish emas, tarixiy voqelikni vizual tilda aniq ifodalash uchun javobgar.

 

“Dizayner tarixchi emas, ammo u tarixchining hamnafasi boʻlishi kerak” — degan fikr muhokamaning asosiy shioriga aylandi.


    Har bir eksponat — oʻziga xos bir davr, xalq, hudud va ijtimoiy voqelikning real belgisi sifatida qabul qilinishi kerak. Bu yondashuv ekspozitsiyalarni shunchaki namoyish emas, tasavvurga taʼsir etuvchi bilim makoniga aylantiradi.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz mazmun-mundarijasini yaratishda nafaqat tarixiy, balki maʼrifiy, estetik va axborot texnologiyalari jihatidan ham murakkab jarayonni boshdan kechirmoqda. Bu bosqich markaz faoliyatining eng masʼuliyatli davri boʻlib, u nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon dunyosi uchun namunaviy tajriba sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.