Haqiqatni aks ettirgan shakl: Oʻzbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasi uchun mulyajlar ilmiy asosda yaratilmoqda
🔴 Muhim ilmiy-maʼrifiy maskanning yana bir ekspozitsiyasi
🔴 Tarix, meros va milliy qadriyatlar yanada taʼsirchan shaklda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosini zamonaviy vizual va ilmiy yondashuvlar asosida jahon hamjamiyatiga taqdim etishni maqsad qilgan muhim ilmiy-maʼrifiy maskandir. Markazdagi har bir ekspozitsiya, shu jumladan, maket va mulyajlar, keng koʻlamli izlanishlar, estetik talablar va texnik mezonlar asosida yaratilmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga tayyorlanayotgan maket va mulyajlar yuzasidan ilmiy muhokama oʻtkazildi.
Yigʻilishda maket va mulyajlar sifatini yanada oshirish, ularning 3D modellashtirilishi, tarixiy asoslanganligi hamda vizual taʼsirchanligi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, har bir maket va mulyaj nafaqat tashqi koʻrinishi, balki u ifoda etayotgan tarixiy, ilmiy va maʼnaviy mazmuni bilan ekspozitsiyada muhim oʻrin egallashi lozim. Shoshma-shosharlik emas, balki puxta, bosqichma-bosqich ilmiy tahlil va maslahatlashuvlar asosida ish olib borish zarurligi alohida uqtirildi.
Ushbu jarayonga Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti kabi ilmiy va ijodiy muassasalarning yetakchi mutaxassislari jalb etilgan. Ular tomonidan kulolchilik, haykaltaroshlik, qadimiy muzey eksponatlarining mulyajlari, turli artefaktlarning rekonstruksiyalari amalga oshirilmoqda.
Yigʻilishda ushbu ishlar tizimli tashkil etilishi uchun loyihalar asosida ishchi guruhlar shakllantirilishi, ijrochilarni aniqlash, texnik va smetaviy hujjatlarni rasmiylashtirish, tegishli mutaxassislar xulosalarini olish tartibi belgilab olindi.
Yigʻilish yakunida markaz ekspozitsiyasi uchun tayyorlanayotgan har bir maket va mulyaj faqat koʻzga koʻringan obʼekt emas, balki ilmiy-maʼrifiy gʻoyani yetkazuvchi vosita boʻlishi kerakligi yana bir bor taʼkidlandi. Bu orqali markazga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy mehmonlarga tarix, meros va milliy qadriyatlar yanada taʼsirchan tarzda yetkaziladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
