Islom va tasavvuf tarixida chuqur iz qoldirgan alloma


   
    Islom maʼnaviy merosi, tasavvuf falsafasi va ilm taraqqiyotida oʻzgacha mavqega ega boʻlgan buyuk zotlar orasida Xoja Muhammad Porso alohida oʻrin tutadi. U nafaqat Naqshbandiya tariqatining yetuk arbobi, balki oʻz davrining yirik mutafakkiri va ulamosi sifatida tanilgan.

 

    Xoja Muhammad Porso — Buxoroda tugʻilib, Qurʼon, hadis, kalom kabi islomiy ilmlarni puxta oʻrgangan va Xoja Bahouddin Naqshbandning eng suyukli shogirdlaridan biri sifatida kamol topgan. U ustozidan “Porso” laqabini olgan — bu soʻz zohidlik, poklik va taqvolilik ramzi sifatida qabul qilingan.

 

    U zot Naqshbandiya tariqatining ikkinchi xalifasi sifatida uzoq yillar irshod vazifasini bajardi, tasavvuf taʼlimotini keng targʻib etdi va diniy-maʼrifiy faoliyatda faol ishtirok etdi. Uning ilmga boʻlgan mehri shu darajada kuchli ediki, birgina Sharqshunoslik institutida Muhammad Porsoga tegishli 20 dan ortiq qoʻlyozma asar saqlanadi.

 

    U ikki bor haj safari qilgan. Oxirgi safar chogʻida kasallik tufayli Madinada vafot etgan va Amir ul-moʻʼminin Abbos maqbarasi yoniga dafn etilgan.

 

    Uning asarlari islom olamida shariat va tariqat oʻrtasidagi muvozanatni belgilashda, ahli sunna val-jamoa qarashlarini asoslashda muhim manba sifatida hanuzgacha tahlil etib kelinmoqda.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Muhammad Porso medialoyihasi" mazkur zotning boy maʼnaviy merosini xalqimizga tanitish, yosh avlod qalbida unga nisbatan ehtirom uygʻotish hamda tasavvuf taʼlimotiga asoslangan maʼnaviy tarbiyani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.